Ro`zg`ori bo`lak bo`lishini istayotgan kelinlar, “aybdor” qaynonalar va arosatda qolgan kuyovlar haqida...

16:51, 05 oktabr

 “Bir uyda ikki ayol jam bo`lsa, mayda-chuyda gap-so`zlar bolalaydi, der edi buvim. Bizda esa ikki emas naq to`rt kishi uy bekasimiz. Qaynonam, qayinsinglim va ikki ovsin. Kechgacha qiladigan ishimiz — ro`zg`or yumushlari. Gohida uy tutish, taom tayyorlash borasida fikrlarimiz har erdan chiqib, arazlashib ham olamiz. Shunday vaqtlarda ovsinim ikkimiz, qaniydi, loaqal bittamizning ro`zg`orimiz bo`lak bo`lsa-da, o`zimiz istagandek yashasak, deb hasratlashamiz. Ammo yaqin orada hech nima o`zgarmasligiga ham aqlimiz etadi...”.

Bu yaqin dugonalarimdan birining so`zlari. Aslida, bir uyda ikki-uch oilaning  birga yashashi-yu, o`g`lini “boy berish”ni istamaydigan qaynonalar mavzusi bugun paydo bo`lgan emas. Avval ham bor edi, bugun-da, mavjud, ertaga esa davom etishi aniq. Ammo bu erda hamma gap haqiqat kim tomonda ekanligida: alohida ro`zg`or egasi bo`lishni istagan kelinlarmi, o`zinikini ma`qullovchi qaynonalarmi yoki kim tarafda bo`lishni bilmay boshi qotgan erkaklarmi haq? Ushbu savollar yuzasidan bir necha hayotiy voqealarni o`rganib, amaliyotchi ruhshunos Barno Ilhomovaning fikrlari bilan qiziqdik.

 

Imkon bor-u, istak yo`q

— Oilada to`ng`ich kelinman. Ikki ovsinning ro`zg`orimiz bir. Erim bilan boshqa uyga ko`chish harakatida yurganimizda, qayinonam “topgan-tutganlaringni menga berasizlar, singillaringga uy-joy qilishi uchun ko`maklashishimiz kerak”, deb qoldi. Axir, bizda ham shu muammo-ku! Buni u kishiga tushuntirolmay halakmiz.

Nazira Akromova, Toshkent viloyati.

 

Och qornim, tinch qulog`im...

— Kenja ukamning oilasi bilan bir hovlida yashaymiz. Onam doim “farzandlarim yonimda bo`lishsa, deb niyat qilardim, ikkingizni ham alohida chiqarishga ko`zim qiymaydi”, deydilar. Bu borada otamning fikri onamnikidan ancha farq qilsa-da, baribir, xotin, bola- chaqamni olib, chiqib ketishga ko`nglim bo`lmayapti.

Anvar Xidirov, Yangiyo`l shahri.

O`g`limning topganiga ega chiqmoqchi

— Kelasi yili kenjamni uylantirmoqchimiz. Kelinim hozirdan alohida bo`lishni o`ylab, o`zicha rejalar tuzib yuribdi. Meni bilmaydi, deb o`ylashadi-yu, hammasini sezib yuribman. Lekin kelinim chuchvarani xom sanabdi! Ersiz boshimga ne azob-uqubatlar bilan ikki o`g`ilni katta qilaman-u, toparmon-tutarmon bo`lganida xotinining qo`liga topshirib qo`yamanmi?! O`g`illarim hech qachon mening nazoratimdan chiqishmaydi!

Nazokat Ibrohimova, Asaka shahri.

 

Qaynonamga sevimli bo`lolmadim

— Erim bilan sevishib turmush qurganmiz. Mendan keyingi ovsinimni esa qaynonamning o`zi topgan. Balki shungadir, meni unchalik xushlamaydi. Erimni ham koyigani-koyigan. Shunday paytlarda “to`ng`ich o`g`ilman, ijaraga bo`lsa-da, chiqaylik sizlar tiqilib qolmanglar, deb erim bechora ming xijolatda onasiga maslahat solsa, “sizlar men bilan qolasizlar, ukangni alohida chiqaraman”, degan javobni oldi. Bilaman, qaynonam meni xushlamagani uchun atayin shunday qilayapti.

Madina Ahadova, Toshkent shahri.

 

Kelinlar o`qisin!

  • Qaynona ham inson! Unga vaziyatni yotig`i bilan tushuntirib, gina-kudurat, arz-dod qilmay, to`g`ri yo`l ko`rsatishini so`rab, maslahat solsangiz, yuzini ters burmaydi. Har qanday qaynona ham u bilan bamaslahat ish qilgan kelinni ma`qul ko`radi.
  • Odatda sizning asosiy xatoingiz yangi xonadonda o`z tartib-qoidalaringizni o`rnatishga urinishdir. Bir xato keyingisiga ulanib, qaynona-kelin mashmashasiga sabab bo`ladi. Turmushni qanday bo`lsa, shundayligicha qabul qilib, shu oilada o`zingizni topishga urinib ko`rsangiz, vaziyat o`ylaganingizchalik mushkul emasligini tushunasiz.
  •  Turmushga chiqishdan avval alohida ro`zg`or qilishni niyat qilayapsizmi, demak, o`zingizga nisbatan ishonch etishmaydi, sizda. Qaynonaning ko`nglini ololmaslikdan, xato va kamchiliklaringiz oshkor bo`lishidan cho`chiyapsiz. Aslida, avvalboshdan niyatni yaxshi qilish kerak. O`ylab qaralsa, qaynona bilan birga yashashning ijobiy taraflari ham bor. Ba`zida shularni tushunmaganimiz uchun ham nojoiz xayollarga boramiz.
  • Qaynonangizning tanqidiy qarashlari sizning shaxs sifatidagi holatingizga emas, faqat kelinlik vazifalaringizga yo`naltirilganligini tushunishga harakat qiling. Unutmangki, sizni yoqtirishmaganida, kelin qilishmas edi.

 

Qaynonalar diqqatiga!

  • O`g`lingizni doimiy nazoratda ushlashga harakat qilishingiz uni mustaqil shaxs sifatida tan olmayotganingizni bildiradi. Yaxshilab o`ylab ko`ring, qushni ham qafasga  solib qo`ysangiz, o`zini har yonga urib, bezovtalanadi, isyon qiladi. Endi tasavvur qiling: barcha imkoniyat bo`la turib, o`g`lingiz va kelinlaringizni yoningizda ushlab turish, ularning erkini bo`g`ish qay tariqa yakun topadi-yu, farzandlaringizning fikriga quloq tutib, ko`ngliga qarasangiz, natija qanday bo`ladi...
  • Sizni ardoqlagan, qadrlagan farzand sizdan uzoqda bo`lsa ham yoki aksincha, o`zinikini to`g`ri bilib, siz bilan hisoblashmaydigan o`g`il yaqinda bo`lsa ham, u shundayligicha qoladi, o`zgarmaydi. Shu bois qaysi yo`l ma`qulligini o`zingiz hal qiling.

Beklar uchun!

Oila qurishdan avval ota-onangiz istaklari, sizdan avvalgi akalaringiz, yangalaringiz munosabatlarini ko`rgan-bilgansiz. Oiladagi muhit o`g`illarning alohida ro`zg`or qilishiga mone`lik qiladimi-yo`qmi, bundan yaxshi xabardorsiz. To`g`ri, sizga ham oson emas. Tarozuning ikki pallasini teng ushlayman, deb halaksiz. Ammo biroz ziyraklik qilsangiz, ham onangiz, ham ayolingizning tilini topa bilasiz. Imkoniyat bo`lsa, bola-chaqa uchun alohida uy-joy qilish kerak. Ammo buni ota-onangiz bilan bamaslahat bajarsangiz, ular qarshilik qilishmaydi. Shuni yodda tutingki, siz o`zingizni qanchalar mustaqil shaxs, deb bilmang, ota-ona uchun bir umr bolaligingizcha qolaverasiz. Demak, ularni to`g`ri tushunishga, kezi kelganida, xohish-istaklarini xolis baholashga harakat qilishingiz kerak.

Bizning surishtiruv

Turli yoshdagi 30 nafar qaynonalar orasida o`tkazgan surishtiruvimiz natijasiga ko`ra :

  1. Kelinlarning alohida ro`zg`or qilishini ma`qullaydiganlar – 30 foizni;
  2. Javob berishga shoshilmaganlar – 45 foizni,
  3.  Bir uyda ikki kelin yashashi mumkin, deydiganlar – 25 foizni tashkil qildi.

Guvohi bo`lganingizdek, fikrlar turlicha, ammo muammo o`sha-o`sha. Shu o`rinda yana bir fikr: qaynonasi bilan kelisha olmaydigan kelinlar alohida yashab, munosabatlarni yaxshilayman, desalar biroz adashadilar. Bu shunchaki, muammodan qochish, uni hal etishdan bosh tortish, xolos. Demoqchimizki, kelinlar salgina ziyrak, qaynonalar oqil va odil, o`g`illar esa adolatli bo`lsalar, oilaviy muammolar anchayin engillashgan bo`lar edi.

Dildora Yusufbekova.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!