O`zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni

22:43, 05 oktabr

Tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlanishini ta`minlashga, xususiy mulkni har tomonlama himoya qilishga va ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilashga doir qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida O`zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni imzolandi.

Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning jadal rivojlanishini ta`minlash, xususiy mulkni himoya qilish va uning daxlsizligi kafolatlarining huquqiy mexanizmlarini yanada mustahkamlash, tadbirkorlikni rivojlantirish yo`lidagi byurokratik to`siqlarni bartaraf etish, respublikada investisiya va ishbilarmonlik muhitini yaxshilash maqsadida: 

1. Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikka keng erkinlik berish, ularning faoliyatiga davlat organlarining aralashuvini tubdan qisqartish, huquqbuzarliklarning barvaqt oldi olinishini ta`minlash, ularning profilaktikasi samaradorligini oshirish va huquqbuzarliklarga yo`l qo`yilmaslik tadbirkorlik faoliyatini yanada rivojlantirish sohasida davlat siyosatining muhim ustuvor yo`nalishi va davlat organlarining birinchi darajali vazifasi etib belgilansin. 

Davlat organlari, eng avvalo, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat qiluvchi tuzilmalar: 

o`z faoliyatida yuqorida ko`rsatilgan talabni hamda tadbirkorlik sub`ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlari ustuvorligi tamoyilining so`zsiz amalga oshirilishini ta`minlasinlar; 

o`z vazifalari va vakolatlarining tanqidiy tahlili asosida huquqbuzarliklarning oldini olish, profilaktika qilish hamda ularga yo`l qo`ymaslik borasidagi chora-tadbirlarni takomillashtirishga va ularning samaradorligini oshirishga doir asoslangan takliflarni ikki oy muddatda, belgilangan tartibda kiritsinlar; 

tadbirkorlik faoliyatiga qonunga xilof ravishda aralashganlik va to`sqinlik qilganlik, ularning faoliyatini asossiz to`xtatib qo`yganlik uchun mansabdor shaxslarning javobgarligi to`g`risidagi qonun hujjatlari normalari talablari qat`iy bajarilishini, shuningdek, tadbirkorlik sub`ektlariga etkazilgan zararning bevosita aybdorlardan undirilishini ta`minlasinlar. 

2. O`zbekiston Respublikasida tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlanishini ta`minlash, xususiy mulkni har tomonlama muhofaza qilish va ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilashga doir kompleks chora-tadbirlar dasturi ilovaga muvofiq tasdiqlansin. 

Kompleks chora-tadbirlar dasturida nazarda tutilgan tadbirlarning o`z vaqtida va sifatli bajarilishi yuzasidan shaxsiy javobgarlik vazirliklar va idoralarning, mahalliy davlat hokimiyati organlarining rahbarlari zimmasiga yuklansin. 

3. Belgilab qo`yilsinki, 2017 yilning 1 yanvaridan boshlab: 

tadbirkorlik sub`ektlarini rejadan tashqari tekshirishlarning barcha turlari bekor qilinadi, yuridik shaxslarning tugatilayotganida, shuningdek, jismoniy va yuridik shaxslarning qonunchilik buzilganligi holatlari bo`yicha bergan murojaatlari asosida faqatgina Nazorat qiluvchi organlar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi Respublika kengashi qaroriga muvofiq o`tkaziladigan qisqa muddatli tekshiruvlar bundan mustasno; 

tadbirkorlik sub`ektlari faoliyatini, shu jumladan, jinoyat ishlari doirasidagi muqobil tekshirishlarning barcha turlari bekor qilinadi; 

moliya-xo`jalik faoliyatini amalga oshirishda birinchi marta huquqbuzarliklar sodir etgan tadbirkorlik sub`ektlari va ularning xodimlari yo`l qo`yilgan qonunbuzarliklarni qonun hujjatlarida belgilangan muddatlarda ixtiyoriy ravishda bartaraf etgan va etkazilgan moddiy zararni qoplagan taqdirda, insonning sog`lig`i va hayotiga zarar etkazilgan holatlar bundan mustasno, ma`muriy va jinoiy javobgarlikdan, jarimalar va moliyaviy sanksiyalar (penyadan tashqari) qo`llanilishidan ozod etiladilar; 

noqonuniy tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish bilan bog`liq huquqbuzarliklarni birinchi marta sodir etgan shaxslar huquqbuzarlik aniqlangan kundan e`tiboran bir oy muddatda etkazilgan zararning o`rnini ixtiyoriy ravishda qoplagan, tadbirkorlik sub`ekti sifatida ro`yxatdan o`tgan va ruxsat etuvchi zarur hujjatlarni rasmiylashtirgan taqdirda ma`muriy va jinoiy javobgarlikdan ozod etiladilar; 

tadbirkorlik sub`ektlariga nisbatan tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish huquqidan mahrum qilish tarzidagi jinoiy jazo qo`llanilmaydi;

xorijiy investisiyalar ishtirokidagi yangidan tashkil etiladigan ishlab chiqarish korxonalariga ularni davlat ro`yxatidan o`tkazish vaqtida amalda bo`lgan soliq va boshqa majburiy to`lovlar stavkalarini (resurs va bojxona to`lovlari bundan mustasno) besh yil mobaynida qo`llash huquqi beriladi; 

tadbirkorlik sub`ektlari hakamlik sudining hal qiluv qarorini majburiy ijro etish uchun ijro varaqasi berish to`g`risida ariza bergan taqdirda davlat boji to`lashdan ozod etiladilar; 

tadbirkorlik sub`ektlarining eksport kontraktlarini davlat bojxona xizmati organlarida hisobga qo`yish borasidagi talab valyuta nazorati organlari tomonidan Tashqi savdo operasiyalarining yagona elektron axborot tizimi orqali tashqi savdo kontraktlari nazorati va monitoringini saqlab qolish sharti bilan bekor qilinadi, bundan O`zbekiston Respublikasi Prezidentining “Tovarlar (ishlar, xizmatlar) eksportini rag`batlantirishga doir qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi 1997 yil 10 oktyabrdagi PF-1871-son Farmonining 1, 2 va 4-ilovalarida nazarda tutilgan tovarlarni eksport qilish bo`yicha kontraktlar mustasno; 

eksport qilinayotgan tovarlarning kelib chiqishi to`g`risidagi sertifikat ilgari xuddi shunday tovar uchun aynan sertifikat olgan arizachiga bir ish kuni mobaynida beriladi. 

4. O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalariga quyidagi asosiy vakolatlarga ega bo`lgan O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Tadbirkorlik sub`ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo`yicha vakil institutini tashkil etish masalasini ko`rib chiqish tavsiya etilsin: 

tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish, tadbirkorlik sub`ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish sohasida davlat siyosatini shakllantirish va amalga oshirishda ishtirok etish; 

tadbirkorlik sub`ektlarining faoliyati tekshirilayotganda ularni huquqiy qo`llab-quvvatlash; 

tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to`g`risidagi qonun hujjatlari normalari va talablarining amalda ro`yobga chiqarilayotganligini o`rganish; 

qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarning tadbirkorlik faoliyati amalga oshirilishiga ta`siri samaradorligini baholash; 

davlat organlari, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat qiluvchi organlar, shuningdek, mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan tadbirkorlik sub`ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlariga rioya etilishi yuzasidan nazoratni amalga oshirish. 

5. O`zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Markaziy banki, Davlat soliq qo`mitasi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga quyidagilarga yo`naltirilgan asoslangan takliflar kiritsinlar: 

soliqlar va boshqa majburiy to`lovlarni yig`ish xarajatlarini kamaytirish, masofaviy nazoratni keng joriy etish va soliq to`lovchilarning huquqiy savodxonligini oshirishni ta`minlaydigan soliq ma`murchiligi sifati va samaradorligini yanada yaxshilash; 

respublikaning eksport salohiyati o`sishini, to`g`ridan-to`g`ri xorijiy investisiyalarni faol jalb etishni va mahalliy ishlab chiqaruvchilarning tashqi bozorda raqobatbardoshligini oshirishni rag`batlantiradigan valyutani tartibga solishning va valyutalar kursi siyosatining ilg`or bozor mexanizmlarini joriy etish; 

tadbirkorlik sub`ektlari faoliyati yuzasidan qisqa muddatli tekshirishlarni tayinlash va o`tkazishning aniq huquqiy asoslari hamda mezonlarini nazarda tutgan holda qonun hujjatlarini yanada takomillashtirish; 

tadbirkorlik sub`ektlari faoliyatining kameral nazorati samaradorligini oshirish orqali tekshirishlarni o`tkazish soni va muddatlarini qisqartirish; 

huquqbuzarliklarning oldini olish va qonunga itoatkor tadbirkorlik sub`ektlarining barqaror faoliyati kafolatlarining asosiy mexanizmlaridan biri sifatida auditorlik tashkilotlari va soliq maslahatchilari ko`rsatayotgan xizmatlar sifati va taqdim etayotgan xulosalarining haqqoniyligi uchun javobgarlikni kuchaytirish yuzasidan ular faoliyatining huquqiy asoslarini takomillashtirish; 

bank faoliyatini tartibga solishning zamonaviy tamoyillari va mexanizmlarini joriy etish, davlat organlari tomonidan tijorat banklari faoliyatiga, birinchi navbatda, kredit siyosatiga ma`muriy aralashuvlarning oldini olish va ularga yo`l qo`ymaslik;

bankning samarali faoliyat ko`rsatishiga to`sqinlik qiluvchi g`ovlarni tugatish, shuningdek, mijozlarning o`z pul mablag`larini erkin tasarruf etish huquqi to`liq ro`yobga chiqarilishini ta`minlash. 

6. O`zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo`mitasi, Tabiatni muhofaza qilish davlat qo`mitasi, Sog`liqni saqlash vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, “O`zstandart” agentligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda: 

barcha texnik talablarni (sanitariya, ekologiya, shaharsozlik normalari va qoidalari, yong`in xavfsizligi qoidalari, standartlashtirishga doir normativ hujjatlar va texnik normativlarni) xatlovdan o`tkazsin hamda ilg`or xorijiy tajribani inobatga olgan holda samarasiz, eskirgan va bozor mexanizmlarining o`rnini egallab olgan normalarni bartaraf etadigan tegishli normativ hujjatlarni ishlab chiqsinlar va qabul qilsinlar; 

texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi amaldagi normativ hujjatlardan moneliksiz va bepul foydalanish imkonini berish maqsadida ularning jahon Internet axborot tarmog`idagi o`z rasmiy veb-saytlarida joylashtirilishini va doimiy yangilab borilishini ta`minlasinlar. 

7. O`zbekiston Respublikasi Oliy sudi, Oliy xo`jalik sudi, Bosh prokuraturasi, Moliya vazirligi va Adliya vazirligi boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda: 

nazorat qiluvchi organlarning tadbirkorlik sub`ektlari va ularning xodimlariga nisbatan ma`muriy jazolarni qo`llash borasidagi funksiya va vakolatlarini bosqichma-bosqich sud organlariga o`tkazish yuzasidan takliflar kiritsinlar; 

iqtisodiy jinoyatlar sodir etish, shuningdek, tadbirkorlik sub`ektlari faoliyatiga noqonuniy aralashish oqibatida etkazilgan zararni aniqlashning asoslangan yagona mezonlari va asoslarini ishlab chiqsinlar. 

8. O`zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Oliy sud, Adliya vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Milliy xavfsizlik xizmati hamda boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda: 

fuqarolar va tadbirkorlarning, eng avvalo, davlat organlariga bo`lgan ishonchini mustahkamlashga, respublikaning investisiyaviy jozibadorligini oshirishga, shuningdek, korrupsiya tusidagi huquqbuzarliklarning oldini olish va profilaktika qilishga qaratilgan “Korrupsiyaga qarshi kurashish to`g`risida”gi O`zbekiston Respublikasi Qonuni loyihasini; 

jinoyat to`g`risidagi qonun hujjatlarining tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish bilan bog`liq normalarini yanada liberallashtirish bo`yicha takliflarni; 

qonun hujjatlariga, eng avvalo, xususiy mulk daxlsizligini ta`minlashga, tadbirkorlik sub`ektlari faoliyatiga asossiz aralashishga va ularning faoliyati to`xtatib qo`yilishiga yo`l qo`ymaslikka qaratilgan, qo`zg`atilgan jinoyat ishlari bo`yicha moliya-xo`jalik faoliyati tekshiruvlarini (taftishlarni) tayinlash, o`tkazish va ularning muddatini uzaytirishning aniq prosessual tartibi belgilanishini nazarda tutuvchi o`zgartish va qo`shimchalar kiritish yuzasidan takliflarni belgilangan tartibda kiritsin. 

9. O`zbekiston Respublikasi Oliy xo`jalik sudi tadbirkorlar huquqlarining sud orqali ishonchli himoya qilinishini, shaffoflik va xolislikni ta`minlash maqsadida uch oy muddatda sud majlislariga audio va video qayd etish mexanizmlari bosqichma-bosqich joriy etilishini, shuningdek, qabul qilingan sud qarorlari veb-saytlarda joylashtirilishini nazarda tutuvchi dasturning ishlab chiqilishini ta`minlasin. 

10. O`zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vazirligi Adliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Markaziy bank, Savdo-sanoat palatasi hamda boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda Vazirlar Mahkamasiga bir oy muddatda tadbirkorlik sub`ektlariga faqat davlat xizmatlari ko`rsatish bo`yicha yagona markazlar orqali “yagona darcha” tamoyili asosida ko`rsatiladigan davlat xizmatlari ro`yxatini kengaytirish yuzasidan takliflar kiritsin.

11. O`zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vazirligi, Savdo-sanoat palatasi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda ruxsat berish tartib-taomillari, lisenziya berish va tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to`g`risidagi qonun hujjatlariga normativ-huquqiy hujjatlar qanchalik muvofiqligini tanqidiy o`rganish asosida Vazirlar Mahkamasiga eskirib qolgan va zamonaviy talablarga javob bermaydigan ruxsat beruvchi hujjatlarni bekor qilish hamda ruxsat berish tartib-taomillarining muddatlarini qisqartirish yuzasidan takliflar kiritsin. 

12. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O`zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o`rinbosari, moliya vaziri R.S.Azimov va O`zbekiston Respublikasi Bosh prokurori I.B.Abdullaev zimmalariga yuklansin. 


O`zbekiston Respublikasi Prezidenti 

vazifasini bajaruvchi

Sh.Mirziyoev 

Toshkent shahri, 
2016 yil 5 oktyabr 

 

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!