Bolangizni o`yinchog`i, uning kelajagidan darak beradi

10:33, 06 oktabr

Kichkintoylar uchun o`yinlar va o`yinchoqlar – bitmas-tuganmas shodlik, baxt va quvonch manbai.  Xola-xolakam, urush-urush, doktor-doktor, quyonim-quyonim o`yinlari, yumshoq o`yinchoqlar, kubchalar, mashinachalar va turli konstruktorlar — bularsiz na bolalikni, na bolali uyni tasavvur etib bo`lmaydi. Aynan shu o`yinu o`yinchoqlar yordamida bolalar o`zlarining ertakmonand olamlarini yaratadilar, unda yashaydilar, tarbiyalanadilar va rivojlanadilar. Bu olamda hayot ular istagandek, ular tuzgan ssenariy bo`yicha kechadi.

Ammo razm solib tursangiz, bu o`yinlar shunchaki kichkintoyning qiziqish manbaigina emas, ular bolangizning fe`l-atvori, qiziqishlari va kelajagidan xabar beradi. Chunki o`yinlar bola uchun atrofidagi olamning kichik bir modelidir. Unda namoyon bo`lgan bola xarakteri uning asl tabiati demak. Bir so`z bilan aytganda, farzandingiz kelajakda kim bo`lishini bilish uchun folbin bo`lishingiz shart emas, shunchaki uning o`yinlari-yu o`yinchoqlariga diqqat qarating.

Soldatchalar bilan o`ynashni yaxshi ko`radigan bolalarning ota-onalari quvonsalar arziydi. Chunki bu o`yin bo`lajak etakchi, rahbarning tanlovidir. Bekorga ko`p ming yillardan beri qanchadan-qancha erkaklar ana shu askarchalarni o`ynab katta bo`lmagan. Aynan shular orasidan dunyoni boshqargan, tarixni yaratgan sarkardalaru davlat rahbarlari etishib chiqadi. Bunday o`yinlar bolada iroda, qat`iyat, jasorat va uzoqni ko`ra bilish qobiliyatini shakllantiradi.

Yumshoq o`yinchoqlar bilan o`ynashni yaxshi ko`radigan, qachon qaramang, xola-xolakamga o`xshash maxsus ssenariyli o`yinlar o`ynab yuradigan bolakaylardan yaxshi ijodkor, shoir, yozuvchi, rejissyor, jurnalist, psixolog, aktyorlar etishib chiqadi. Chunki bunday o`yinlar bolalarda fantaziyani, biron syujet o`ylab topish va uni amalga oshirish xususiyatlarini tarbiyalaydi.

O`qituvchilarga kelsak, ularning ko`pchiligi yoshligida dinozavrlarni o`ynashgani, ular ishtirokidagi tarixiy filmlaru multfilmlarni ko`p tomosha qilishgani ma`lum bo`ladi. Bunday qiziqish bilimga, tadqiqotlarga chanqoqlikning yorqin belgisidir. Dinozavrlarni yaxshi ko`radigan bolalar nafaqat shunday o`yinchoqlarni o`ynashadi, balki dinozavrchalar tasviri tushirilgan markalar, fotokartochkalar yig`ishni, shunday suratli kiyimlar kiyishni doim istashadi. Shu orqali ular o`zlaridagi bo`lajak tadqiqotchini namoyon qilishadi.

Mashinachalar bilan o`ynash, bu kattalarga taqliddir. Taqlid esa o`zingizga ma`lumki, hech qanday topqirlikni, izlanishni talab etmaydi. Agar kichkintoy o`yinchoq avtomobillardan boshqa hech nimaga qiziqish bildirmasa, bu ota-onani sergaklantirishi kerak. Mashinachalar bolada fantaziya uchun imkoniyat qoldirmaydi, chunki u tayyor o`ziyurar qurilma. Agar farzandingiz kelajakda muvaffaqiyat qozonishini istasangiz, unda ijodkorlikni va mantiqiy fikrlashni rivojlantiradigan o`yinlar o`ynashga qiziqish uyg`oting.

Kubchalar va konstruktorlarga qiziqadigan, ulardan turli binolar, inshootlaru texnika yaratish bilan mashg`ul bolalardan yaxshi matematiklar, arxitektorlar va kompyuter ustalari chiqadi. Bunday o`yinlar bolada mantiqiy fikrlash, bir joyda o`tirib ishlash va sabrli bo`lish xususiyatlarini tarbiyalaydi. Konstruktorlarni yaxshi ko`radigan bolalar kelajakda aniq fanlarga qiziqadilar.

Shunday qilib, bolalarning o`yinlariyu o`yinchoqlari ularning ichki dunyosini ochib beruvchi eng yaxshi vositalardir. Ular ota-onaga hech bir psixolog yordamisiz bolaning ichki dunyosi va ruhiyatini o`rganish uchun imkon yaratib beradi.  Faqat farzandingizning qiziqishlariga diqqat bilan qarasangiz kifoya. 

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!