O`g`rining surobini to`g`irlagan kim?

11:27, 06 oktabr

Qishlog`imizda ko`p sirli voqealar bo`lib turadi. Shulardan birini sizning aytib bermoqchiman. Bu voqea nafaqat sirli, balki kimlargadir dars bo`lsa, ajabmas, — deya, so`z boshladi tahririyatga qo`ng`iroq qilgan ayol. 

Qishlog`imizdagi Adhamqul amakining qo`li egriligini hamma bilardi. U kishining uyi shundoqqina paxta dalasi bilan tutash edi. Shuning uchun o`sha erga paxta chopig`iga borganimizda, ketmonlarimizni, boshqa narsalarimizni dalada qoldirishga cho`chirdik. Chunki uyimizga tushlikka borib kelgunimizcha o`z-o`zidan narsalarimiz g`oyib bo`lardi. 

Ammo “Oyni etak bilan yopib bo`lmaydi” deganlaridek, ko`p o`tmay, Adhamqul amakining uyida yoki qo`lida yo`qotganlarimiz paydo bo`lib qolardi. Odamlar andisha qilib, unga “Bu mening narsam, qaytarib beringlar”, demasdi. Buning ustiga, uning uyi atrofida yashaydigan qo`ni-qo`shnilar tez-tez tovug`u xo`rozlari, qo`y-qo`zilari yo`qolganidan shikoyat qilib qolishardi. O`g`ri kimligini bilishsa-da, “Xudoyimning o`zi uni jazolasin”, deyishdan nariga o`tishmasdi.

Kunlarning birida Adhamqul amaki tun qorong`usida kimnikigadir o`g`irlikka tushibdi va qo`liga ilingan narsalarini qopga joylashtirib, ortiga qaytibdi. Qorong`u kechada yo`lda kelayotib, ko`ziga lovullab yonayotgan olov ko`rinibdi. Ajablanib u yoq-bu yoqqa qarasa-da, olov atrofida ham, yo`lda ham birorta jonzotni ko`rmabdi. Hayron bo`lganicha gulxan yoniga etib kelibdi. Shu payt uning qo`lidan kimdir ushlagandek bo`libdi. Qo`lidan tutgan kishi uni gulxan atrofida aylantiraveribdi-aylantiraveribdi. Oxiri Adhamqul amaki holdan toyib yiqilibdi. Shundan so`ng uning qo`lidan ushlagan odam ham g`oyib bo`libdi. Adhamqul amaki o`rnidan arang turib, qopi ichidagi o`g`irlangan narsalarni erga to`kib ketmoqchi bo`libdi. Qopni og`zini ochib, ichidagilarni erga ag`darib qarasa, o`g`irlangan buyumlar kesakka aylanib qolganmish. O`g`ri hayratdan toshdek qotib qolibdi. Birozdan keyin esa dodlaganicha uyi tomonga qochibdi. 

O`sha kuni Adhamqul amaki uyiga bir alfozda etib kelib, shu bilan uch oy to`shakka mixlanib yotdi. Chunki bu sirli hodisadan so`ng uning qo`l-oyog`i ishlamay, og`zi ham qiyshayib qolgandi. 

Erining ahvolidan qo`rqib ketgan ayoli “Sizga necha bor aytdim, bir kun Xudo jazongizni beradi, deya” deb zorlana-zorlana shifokor chaqirtiribdi. Ammo do`xtirlarning qilgan sa`y-harakatlari ham unchalik naf bermadi. O`g`rining og`zi qiyshaygancha qoldi. 

Shu-shu Adhamqul amaki o`g`irlikka qo`l urmagan. Tavbasiga tayangan. Gulxan atrofida uni aylantirgan kishining kimligi esa hanuzgacha sir.

R.S.  bu voqea qanchalik haqiqatga yaqin, bir narsa deyish qiyin. Lekin biz zining kimligini oshkor etishni istamagan gazetxon aytgan hikoyani o`zgarishsiz qog`ozga tushirdik, xolos...

Xonbibi HIMMAT qizi

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!