“Diplomat Magazine”: “O`zbekiston Prezidenti saylovlari oshkoralik va ochiqlik muhitida o`tadi”

14:43, 06 oktabr

Evropada nashr etiladigan ommabop “Diplomat Magazine” jurnalining navbatdagi sonida joriy yil 4 dekabr kuni mamlakatimizda bo`lib o`tadigan O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovlari mavzusiga bag`ishlangan maqola bosilib chiqdi.

Unda alohida ta`kidlanganidek, saylovlar O`zbekiston Konstitusiyasi hamda saylov qonunchiligi talablariga muvofiq ravishda oshkoralik va ochiqlik muhitida o`tadi. Nashrning yozishicha, ushbu voqea respublikadagi demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish jarayonlarini sifat jihatdan yangi darajaga ko`taradi. 

“Diplomat Magazine” o`z o`quvchilarini saylovlarga tayyorgarlik jarayonlarining kechishi bilan tanishtirar ekan, “O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to`g`risida”gi qonunga hamda saylovga tayyorgarlik ko`rish va uni o`tkazish bo`yicha Asosiy tadbirlar dasturiga muvofiq, Qoraqalpog`iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri chegaralari doirasida saylovni o`tkazuvchi okrug saylov komissiyalari tuzilganini ma`lum qiladi.

Ma`lumki, siyosiy partiya saylov kampaniyasi boshlanganligi e`lon qilingan kundan kamida olti oy oldin O`zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan ro`yxatga olingan taqdirdagina O`zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod ko`rsatishi mumkin. “O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to`g`risida”gi qonunga 2015 yil 29 dekabrda kiritilgan o`zgartishlarga muvofiq, siyosiy partiya tomonidan taqdim etilgan imzo varaqalari O`zbekiston Respublikasi jami saylovchilar umumiy sonining 5 foizidan 1 foizigacha kamaytirildi. Bu 214 ming 350 nafar saylovchi imzosini tashkil etadi. Imzolar kamida sakkizta ma`muriy-hududiy tuzilma namoyandasi bo`lgan saylovchilarni qamrab olgan bo`lishi kerak. Ma`muriy-hududiy tuzilmalardan birida siyosiy partiya imzolar umumiy miqdorining ko`pi bilan sakkiz foizini to`plashi mumkin.

Nashr jurnalxonlarni ana shunday muhim ma`lumotlar bilan tanishtirgani barobarida mamlakatimiz Markaziy saylov komissiyasi xorijiy mamlakatlar va nufuzli xalqaro tashkilotlar vakillari O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida kuzatuvchi sifatida qatnashishga taklif etilganini ham qalamga olgan. “Ularning ishtiroki saylovlarning ochiqlik, oshkoralik va shaffoflik kabi demokratik tamoyillarga muvofiq holda o`tishidan dalolat beradi”, deb yozadi “Diplomat Magazine”.

“Jahon” AA, 
Bryussel

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!