Markaziy saylov komissiyasining raisi EXHTning loyihalar koordinatori bilan uchrashdi

15:38, 06 oktabr

O`zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining raisi M.Abdusalomovning Evropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining loyihalar koordinatori Jon Makgregor bilan uchrashuvi bo`lib o`tdi.

Uchrashuvda M.Abdusalomov Markaziy va okrug saylov komissiyalari tomonidan shu yilning 4 dekabr kuni bo`lib o`tadigan O`zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko`rish va uni o`tkazish bo`yicha asosiy tadbirlar dasturi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida qisqacha axborot berdi.

Uchrashuvda qayd etilganidek, Markaziy saylov komissiyasi va EXHTning hamkorligi samarali rivojlanib bormoqda. EXHT loyihalar koordinatorining Toshkentdagi ofisi “O`zbekiston Respublikasi saylov amaliyotini takomillashtirishga ko`maklashish” qo`shma loyiha doirasida mamlakatimizda saylov amaliyotini yanada demokratlashtirishning turli masalalariga bag`ishlangan xalqaro tadbirlar, anjuman va seminarlarni tashkil qilish va o`tkazishda faol ishtirok etdi. Ularning ishida EXHTga a`zo mamlakatlar vakillari, shu jumladan, Evropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari bo`yicha byurosi ekspertlari ishtirok etdi.

Markaziy saylov komissiyasi vakillari Ispaniya, Fransiya, Daniya, Buyuk Britaniya saylov amaliyoti bilan yaqindan tanishish, shu jumladan, saylovchilarning yagona elektron reestrini yaratish bo`yicha xorijiy tajribani o`rganish imkoniga ega bo`lishdi.

Qayd etilganidek, Evropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari bo`yicha byurosi O`zbekistonda parlament va Prezident saylovlariga tayyorgarlik ko`rish va ularni o`tkazish jarayoni yuzasidan bir necha marta kuzatuv olib bordi. Demokratik institutlar va inson huquqlari bo`yicha byurosi shu yilning 11-14 oktyabr kunlari Ehtiyojlarni baholash missiyasini yuborishga qaror qildi. 

Uchrashuvda o`zaro hamkorlikni yanada mustahkamlash bo`yicha taraflarni qiziqtirgan masalalar yuzasidan atroflicha fikr almashildi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!