Aleksandr Lukashenko Islom Karimov xotirasiga hurmat bajo keltirish maqsadida Samarqandga tashrif buyurdi

21:26, 06 oktabr

Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenko O`zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov xotirasiga hurmat bajo keltirish maqsadida 6 oktyabr kuni Samarqand shahriga tashrif buyurdi. Samarqand xalqaro aeroportida oliy martabali mehmonni O`zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoev kutib oldi.

Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenko O`zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoev hamrohligida Islom Karimov qabrini ziyorat qildi. 

Aleksandr Lukashenko va Shavkat Mirziyoev O`zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov qabriga gul qo`ydilar va uning xotirasiga hurmat bajo keltirdilar. 

Oliy martabali mehmon Samarqand shahridagi Forumlar majmuasiga tashrif buyurib, Islom Karimovning rafiqasi Tatyana Karimovaga chuqur hamdardlik izhor etdi. 

Forumlar majmuasida O`zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoev va Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenkoning uchrashuvi bo`lib o`tdi. 

Belarus O`zbekistonga Markaziy Osiyodagi asosiy iqtisodiy sherik sifatida qaraydi. Mamlakatlarimiz o`rtasidagi munosabatlar do`stlik va o`zaro manfaatdorlik tamoyillari asosida rivojlanib bormoqda. O`zbekiston Respublikasi bilan Belarus Respublikasi o`rtasida 2008-2017 yillarga mo`ljallangan iqtisodiy hamkorlik to`g`risidagi shartnoma va uning ijrosiga qaratilgan dastur izchil amalga oshirilmoqda. 

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoev Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov xotirasiga hurmat bajo keltirish maqsadida mamlakatimizga tashrif buyurgani uchun Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenkoga minnatdorlik bildirdi. Xalqlarimiz o`rtasidagi do`stlik munosabatlari bundan keyin ham izchil davom etishini, mamlakatlarimiz o`rtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga ko`tarish zarurligini ta`kidladi. 

Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenko O`zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov butun faoliyatini o`z xalqi, Vatani ravnaqiga bag`ishlagani, bugun O`zbekiston iqtisodiyoti rivojlangan, tinch va barqaror davlatga aylanganini qayd etdi. Islom Karimov vafotidan keyingi sinovli kunlarda O`zbekiston xalqi donoligini, yuksak madaniyatini va hamjihatligini yana bir bor namoyon etganini, shunday buyuk zaminga tashrif buyurganidan mamnunligini ta`kidladi. 

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining yaqinda bo`lib o`tgan 71-sessiyasida majlis ishtirokchilari Islom Karimov xotirasini yodga olib, hurmat bajo keltirgani ham Prezidentimizning xalqaro obro`-e`tiborini yaqqol tasdiqlaydi. 

Uchrashuvda O`zbekiston va Belarus o`rtasida turli sohalardagi hamkorlikni yanada rivojlantirishga oid masalalar yuzasidan fikr almashildi. 

Shu bilan Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenkoning mamlakatimizga tashrifi nihoyasiga etdi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!