Samvel Babayan: Afsuski, muhim o`yinda omadsiz o`ynadik

08:22, 07 oktabr

Jahon chempionati saralashining uchinchi bosqichi doirasidagi O`zbekiston – Eron uchrashuvidan keyin o`tkazilgan matbuot anjumanining ikkinchi qismida O`zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi Samvel Babayan o`yin haqidagi fikrlarini bildirib o`tdi.

“Muhim o`yinda, afsuski, omadsiz o`ynadik. Yigitlarga so`nggi daqiqalarga qadar kurashishgani uchun rahmat aytaman. Odil Ahmedovning yo`qligi bugungi o`yinimizga katta ta`sir qildi, hujumda vaziyatlar kam yaratdik. Eron himoyada yaxshi o`ynadi. Bugun mag`lubiyatga uchradik, ammo hali oldinda o`yinlar ko`p. Biz keyingi o`yinlarda kerakli natijalarni qo`lga kiritishga intilamiz.

Odil Ahmedov katta ehtimol bilan Xitoyga qarshi o`yinda maydonga tushadi. Biz uni bugun maydonga tushirib, tavakkal qilmadik. Bu uning tiklanish jarayonini uzaytirib yuborishi mumkin edi.

Suriyaning Xitoyni mag`lub etishi? Yo`q, meni bu hayron qoldirmadi. Bu bosqichda qayd etilayotgan hech bir natija hayratga solayotgani yo`q. Hozirgi bosqichda kuchsiz jamoaning o`zi qolmagan.

Sardor Rashidov uch o`yindan buyon o`z darajasida o`ynay olmayotgani rost. Bunday holatda hech kimga keyingi o`yinlarda asosiy tarkibda tushish kafolatlanmagan. Biz o`yinni tahlil qilamiz va kelasi o`yingacha kerakli xulosalar chiqaramiz”, deydi Samvel Babayan.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!