Ayollarning turmushda yo`l qo`yadigan 7 xatosi

11:34, 07 oktabr

Birinchi xato: Qo`rquv

Ba`zida ayollar eri xiyonatkormi, ichkilikka mukkasidan ketganmi yoki xotinini urib o`ldirib qo`yar darajada zolimmi — baribir chidab yashayverishadi. O`sha ichuvchidan nogiron bola tug`ilishi mumkinligini, erlari biror bedavo dard olib kelib, yuqtirishini yoki bir kun urib, mayib qilib qo`yishini bilsalar ham. Ishqilib ersiz ayol tamg`asini olmasalar bo`ldi. Natijada, qancha umrlar xazon, bolalar etim, taqdirlar burda-burda... Faqat oilali ayol o`zini risoladagi ayol hisoblashga haqli. Ajrashgan ayol go`yoki ikkinchi nav mol.

Maslahat. Albatta, inson oilasida o`zini baxtli his qilishi muhim. To`kis oilada o`sgan farzandlarning ham ko`ngli yarim bo`lmaydi. Biroq... Inson hayotidan, ayniqsa, bir yoki bir necha farzandli ayol hayotidan ustunroq qadriyat bormikan? Hayotingizga xavf solayaptimi, bu masalada yaxshilab o`ylab ko`ring. Kurashing, oilangizni faqat sog`lom asrab qolish uchun. Unutmang, siz avvalo bolalaringizga keraksiz, sog`lom keraksiz. Shuning uchun o`zingizni asrang va bu kabi vaziyatlarni hal qilishga qo`rqmang.

Ikkinchi xato: Taqqoslash

Dunyodagi millionlab Kuloyimlar o`z shahzodalarini kutadilar. Ammo undan hech darak yo`q. So`ngra yonginalaridagi bog`da er chopib yurgan bog`bonga tegib ketadilar. Yo`q-yo`q, u bog`bonga ko`ngil qo`yganlari uchun emas, shunchaki yolg`iz yashashdan qo`rqqanlari uchun. Keyin-chi? Keyin butun umr o`sha shahzodaga erlarini solishtiraverib, sho`rlikning asablarini egovlab yashaydilar. Shahzodangiz kelmasa yoki uni oxirigacha kutishga sabringiz chidamagan bo`lsa, sho`rlik bog`bonda nima ayb?

Maslahat. Faqat yolg`izlikdan qo`rqib birovning hayotiga kirib olish, so`ng uni zaharga aylantirish insofdan emas. Gap tanlagan insoningizdan haddan ortiq narsa kutishingizda ham emas, gap o`zingizdan hech nima kutmasligingizda. Erkaklar sizdagi tuyg`ularni anglamaydigan darajada ahmoq emas. O`zini shunchaki yolg`izlikdan qochish uchun vosita sifatida qo`llaganlarini sezgan erkak nima qilishi mumkin? Albatta, nafratlanadi sizdan. O`zingizni o`zgartiring, sevishga, tushunishga urining, uddasidan chiqsangiz, oila quring. Bo`lmasa, birovning hayotini behudaga barbod qilmang. Balki u hali hayotda o`z tengini uchratar. Siz ham...

Uchinchi xato: Yolg`on muhabbat

Ayol har ikki gapining birida turmush o`rtog`imni sevaman deyaversa, bilingki, aldayapti. Haqiqiy tuyg`u tilda emas, dilda bo`ladi. Tilda aylanavergan so`z esa bora-bora qo`shtirnoq ichiga tushadi. Ayol atrofdagilarni aldayaptimi yo o`zini yolg`onga ishontirmoqchimi? Balki ikkisi hamdir.

Maslahat. Sevmasangiz, sevishga harakat qilib ko`ring. Vaqt o`tishi bilan tuyg`ular yangilanadi. Chunki inson o`zgaradi. Lekin aslo har ko`ringanga «erimni sevaman» deb aytavermang. Birinchidan, bu odob-ahloqqa hech to`g`ri kelmaydi, ikkinchidan, aytaverganingiz bilan u haqiqatga aylanib qolmaydi. Aytib emas, his qilib sevish kerak.

To`rtinchi xato: Tarbiyalash

Yoshi yigirma nechchigayam chiqqan, balki undan ancha oshgan odamni qayta tarbiyalab, nimaga erishish mumkin? Muvaffaqiyatsizlikka va ortiqcha asabbuzarlikka, xolos. Turmushga chiqayotganingizda «Hali unga aytganimni qildiraman, o`z izmimga solib olaman», deb xomta`ma bo`lmang. Yaxshisi, «Nima qilayapman o`zi? Shu odam bilan yonma-yon yashab, tosh kelsa, kemirish, suv kelsa, simirishga qurbim etadimi? Uning injiqliklariga chiday olamanmi?» deb o`zingizdan so`rang. Ba`zida to`ydan avval yigitdagi sizga juda yoqqan xususiyatlar oilaviy hayot kechira boshlagach, yoqmay qolishi, hatto asabingizga tegishi mumkin. Har narsaga tayyor turing.

Maslahat. Turmush o`rtog`ingizdan kimnidir yasashga urinmang. Aksincha, u bilan birga yashab qolish uchun qaysi o`tkir burchaklardan ehtiyot bo`lish kerakligini biling. Nimalarga ko`proq e`tibor berish lozim-u nimalarni o`zingizga olmaganingiz yaxshi? Ana shularni bilib olganingizdan keyin oilaviy hayotingiz ravon yo`lga tushadi.

Beshinchi xato: Jahl

Tabiiyki, ming urinmaylik, baribir nimadandir jahlimiz chiqadi. Lekin erkaklar ayollardagi jahlning bir turini umuman kechira olishmaydi. Bu bolalarga qilingan jahl. Erkak kishi o`ziga qilingan qo`pol munosabatdan ham ko`ra farzandlariga nisbatan jahlni og`irroq oladi. Aytishlaricha, ayol homiladorlik payti erining ko`ziga eng chiroyli, bolasini urgan va unga baqirgan payti esa eng xunuk bo`lib ko`rinarkan.

Maslahat. Juftingizdan jahlingiz chiqsa, chuqur-chuqur nafas olib, ichingizda o`ngacha, yuzgacha, kerak bo`lsa, minggacha sanang. Bolangiz asabiylashtirsa, iloji boricha undan uzoqroq keting, nima bilandir shug`ullanib chalg`ing. Keyin tinchlanib, masalani hal etishga kirishing. Aslo boshqa narsaning alamini boladan olmang, juftingizning oldida esa hecham ularni jerikmang, zahringizni sochmang.

Oltinchi xato: Araz

Kichkina qizaloq arzimagan narsaga arazlab yig`lasa — hechqisi yo`q. Ba`zan, hatto bu unga yarashadi ham. Ammo u ulg`ayib, oila qurib bola-chaqali ayolga aylanganida ham har narsaga arazlayversa, nuqul tushkun kayfiyatda yursa, eridan tabassumini ayasa, buni na tushunib, na oqlab bo`ladi. Ayol oiladagi iliq muhitni yaratuvchi va saqlab turuvchi zot. Ko`p narsa uning sog`ligi va kayfiyatiga bog`liq, bu kayfiyat yuqumlidir. Shu sababli uning bo`lar-bo`lmasga arazlab, xafa bo`laverishi xudbinlikdan o`zga narsa emas.

Maslahat. Hayotda turli muammolar ko`p uchraydi. Bu og`riqlarni kulib enga olgan insonning esa irodasi toblanadi. Ayol baxti uchun shunday qimmat haq to`lashga majbur. Nachora! Bekorga «ONA» deb ulug`lashmaydi-ku bizni. Bardam bo`ling, yosh bolaga o`xshab arazlayvermang. Vaqti kelsa, orqaga tashlang, vaqti kelsa, ichga yuting, juda bo`lmasa, xafa qilganning o`ziga qaytarib oting. Lekin aslo oiladagi muhitni buzmang. Jilmayib yuring!Ettinchi xato: Chidash

Ayol dunyodagi eng sabrli zot. U istasa, eng kuchli og`riqqa ham dosh beradi, eng og`ir vaziyatdan ham chiqib keta oladi, eng mudhish xiyonatni ham kechiradi. Ammo bularning bari yaxshilikka xizmat qilishi kerak. Ba`zida yangi muammo yaratishdan qo`rqib emas, eskisini echishga botinolmay sabr qilib yuraveramiz. Eri kun bo`yi ko`chada bekorchixo`jalar bilan narda o`ynab o`tirsa-da, bir o`zi ro`zg`or yukini tortayotgan, qaddi bukchayib, yuziga eldan burun ajin tushib ketganlar qancha? Xo`sh, o`sha er minnatdor bo`layaptimi? Biror marta dangasaligini engib, xotinining yukini engillatishga harakat qilayaptimi? Yo`q! «O`zi eplayapti-ku, demak, hammasi joyida», deb pinagini buzmayapti.

Maslahat. Istak bo`lsa, hammasini o`zgartirish mumkin. Faqat indamay chidashni bas qiling. Turmush o`rtog`ingizni aldab-suldab yo`lga solishga urining, o`zingizni ham biroz hurmat qiling, yaxshi ko`ring. Siz ko`tarmasangiz, o`zi orqalaydi o`sha yukini. Muammolardan qochmaslik, aksincha ularni hal qilish kerak, unutmang.

ShAHINA tayyorladi

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!