Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan uchta qonun loyihasi ko`rib chiqildi

11:37, 07 oktabr

6 oktyabr kuni O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo`lib o`tdi.

Deputatlar jamiyat hayotining turli sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlarni yanada chuqurlashtirishga, fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan bir qator qonun loyihalarini ko`rib chiqdilar. Bu haqda O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Axborot xizmati xabar berdi.

Parlament quyi palatasi majlisining kun tartibiga kiritilgan masalalar siyosiy partiyalar fraksiyalari va O`zbekiston Ekologik harakati deputatlar guruhining, Qonunchilik palatasi qo`mitalarining majlislarida vazirliklar va idoralar, fuqarolik jamiyati institutlarining vakillari ishtirokida dastlabki tarzda muhokama qilingan edi. 

Deputatlar fraksiyalar majlislarida, birinchi navbatda, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini  bajaruvchi  Sh.Mirziyoevning  2016 yil 5 oktyabrda qabul qilingan «Tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlanishini ta`minlashga, xususiy mulkni har tomonlama himoya qilishga va ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilashga doir qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida»gi farmonining ahamiyatiga alohida e`tibor qaratdilar. Deputatlar mazkur hujjatni, normalarini va unda qo`yilgan vazifalarni to`liq qo`llab-quvvatlagan holda, ushbu farmon kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni yanada rivojlantirishga, xususiy mulkni himoya qilishning huquqiy mexanizmlarini va uning daxlsizligini mustahkamlashga, mamlakatimizda investisiya va ishbilarmonlik muhitini yaxshilashga xizmat qilishini ta`kidlab o`tdilar. 
  
Parlament a`zolari o`z ishlarini «Keksalar, nogironlar va aholining boshqa ijtimoiy ehtiyojmand toifalariga ijtimoiy xizmatlar to`g`risida»gi O`zbekiston Respublikasi qonuni loyihasini ikkinchi o`qishda muhokama qilishdan boshladilar.   

Majlisda O`zbekiston Respublikasida aholining ehtiyojmand toifalariga ko`rsatiladigan ijtimoiy xizmatlarning huquqiy asoslarini takomillashtirish, ijtimoiy xizmatlarni ko`rsatish borasidagi umumiy talablar va asosiy yo`nalishlarni aniqlash, ushbu sohada davlat va nodavlat tashkilotlarining rolini oshirish, ijtimoiy xizmatlar ko`rsatish jarayoni ustidan monitoring va nazorat qilishni kuchaytirish yuzasidan izchil faoliyat olib borilayotganligi qayd etildi.

Qonun loyihasini ikkinchi o`qishga tayyorlash chog`ida qo`mita tomonidan siyosiy partiyalar fraksiyalarining, shuningdek, ayrim deputatlarning fikr-mulohazalari va takliflariga katta e`tibor qaratildi.

Deputatlar qonun loyihasini moddama-modda muhokama qilish jarayonida ushbu qonunning qabul qilinishi, unda ijtimoiy xizmatlar monitoringi va ularni baholash mexanizmlarining belgilanishi ijtimoiy himoya tizimi jamoat nazorati uchun ochiq bo`lishiga imkon berishini, fuqarolik jamiyati institutlarining yanada rivojlanishiga xizmat qilishini, fuqarolar o`zini o`zi boshqarish organlarining rolini oshirishini ta`kidlab o`tdilar.

Batafsil muhokamadan so`ng deputatlar ushbu qonunni qabul qildilar.

So`ngra deputatlar muhokamasiga «Kasaba uyushmalari, ularning huquqlari va faoliyatining kafolatlari to`g`risida»gi O`zbekiston Respublikasi qonuniga o`zgartishlar kiritishni nazarda tutuvchi qonun loyihasi taqdim etildi.

1992 yilda qabul qilingan «Kasaba uyushmalari, ularning huquqlari va faoliyatining kafolatlari to`g`risida»gi O`zbekiston Respublikasi qonuni kasaba uyushmalari faoliyatini yanada rivojlantirishga, xodimlarning  mehnatga doir, ijtimoiy-iqtisodiy huquqlari va qonuniy manfaatlarining ta`sirchan himoya qilinishini ta`minlashga ko`maklashganligi ta`kidlandi.

Majlis ishtirokchilari qayd etib o`tdilarki, taklif etayotgan o`zgartishlar kasaba uyushmalarining ijtimoiy-mehnat sohasidagi erkinligi kafolati bo`lib xizmat qiladi,  kasaba uyushmalarining yanada rivojlanishi uchun zarur huquqiy bazani yaratish, huquqni qo`llash amaliyotining birxilligini ta`minlash imkonini beradi.

Muhokamadan so`ng deputatlar ushbu qonunni qabul qildilar.

Deputatlar, shuningdek, jinoyatchilik holatining, undagi o`zgarishlarning va huquqni qo`llash amaliyotining tahlilini hisobga olgan holda firibgarlik va transport vositasini olib qochganlik uchun jinoiy javobgarlikni yanada takomillashtirishga qaratilgan «O`zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga o`zgartishlar kiritish to`g`risida»gi O`zbekiston Respublikasi qonuni loyihasini ko`rib chiqdilar. 

Qonunchilik palatasi deputatlarining fikricha, mazkur qonunning qabul qilinishi jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlari himoya qilinishini kuchaytirishga, jazolarning adolatliligi prinsipini ta`minlashga, shuningdek, mazkur sohalarda jinoyatchilikka qarshi kurashish bo`yicha ko`rilayotgan chora-tadbirlarning samaradorligini oshirishga ko`maklashadi.

Majlis davomida parlament quyi palatasining a`zolari Oliy Majlis Qonunchilik palatasining vakolatiga kiradigan boshqa masalalarni ham ko`rib chiqdilar.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!