Noodatiy hikoya: “Kulcha tashlang, Oymomo”

12:11, 07 oktabr

Oy nurida miriqib cho`milayotgan terak barglarining shitiri go`yo Shohrux bilan Ravshanning suhbatiga kuy bastalayotgandek edi.

— Ravshan, ayni shu paytda nimani istayapsan?

— Bilmadim, o`zing-chi?

— Menmi? Men onalar tandirda yopadigan  issiq kulcha nondan egim kelayapti. Tasavvur qilgin, onalarimiz o`z qo`llari bilan kulcha yopib berishsa, juda shirin bo`lsa kerak-a?

      — Ha, men biror marta ham onajonim yopgan kulchadan emaganman.

      — Kel, oymomodan so`rayimz.

      — Nima?

—  Bizdan nima ketdi. Kel birga so`raymiz.

 Ular baravariga qiyqira ketishdi. 

—  Kul-cha tash-lang oy-mo-mo...

Ularning xayqirig`idan qo`rqib ketgan Marg`uba opa harsillab yugurib keldi. 

    — Voy Xudoyim-ey, nima deb qichqirapyasizlar?

   — Opa biz-chi oymomodan kulcha so`radik.

  — Tandirga yopilganidan, — qo`shib qo`ydi Shohruh. 

  — Nima bo`libdi, deb qo`rqib ketibman-ey. Bo`ldi yotinglar tun ham yarimlab qoldi. Boshqa xonadagi bolalarni ham uyg`otib yuborasizlar. 

  — Judayam kulcha egimiz kelgan edi-da. 

  — Xo`p yaxshi, ertaga bozordan olib beraman. Qani endi uxlanglarchi.

  — Siz bozordan oladigan kulchani bizning oyimiz yopmagan-da, Ravshanning o`kinch bilan aytgan bu so`zlari yuraklarni teshib yuborgudek edi.

  Marg`uba opa ortiq so`z aytmoqqa ojiz edi. Ularning shunchalar mehrga zor ekanliklarini ko`rib, qalbi vayron bo`ldi va noiloj o`zini yo`lakka urdi. Biroz vaqt o`tgach, sekin eshikni ochib, Shohrux bilan Ravshan yotgan xonaga mo`raladi. Ikkalovlari ham uxlab qolishibdi. Eshikni avaylab ochib kirib, ustidagi ko`rpalarini yaxshilab yopdi. Ravshanning qo`li bukilib qolgan ekan,  to`g`rilab qo`ydi. Deraza tagida turgan stulga astagina cho`kar ekan, mehrga, muhabbatga tashna bu murg`akkina go`daklarga ich-ichidan achinib ketdi. Achchiq-achchiq yig`lab, uxlab qoldi. 

  Shu payt uyqusirab, uyg`onib ketgan Shohrux opaning yuzlarida qalqib turgan yoshni ko`rib, hayron bo`ldi. Ko`nglidan “Ularning ham oyilari yo`q bo`lsa kerak”,  degan xayol o`tdi. Biroq ancha charchagani sabab bo`lib, zum o`tmay ko`zlarini yana uyqu eltdi. Mehribonlik uyiga sukunat cho`kdi. Go`yo hamma bolalar beshikka belangan-u, oy ularni allalayotganday. Biroq negadir, bolalarning uyqusi tinch  emasdi. Hatto tushlarida ham kimlarnidir kutardi, kimlarnidir yo`liga intiq termulardi. Kutgan insoni endigini keldi,  deganda esa tong otib, tush ekanligi ayon bo`lardi. Bunday tush ko`rish-u, bunday tong ottirishga mehribonlik uyidagi bolalar ham anchayin ko`nikib ketishgan. Endigina ushalgan orzulari sarobga aylangan bolalar xohlar-xohlamas o`rinlaridan turib, badantarbiya qilar, yuz-qo`lini yuvib, nonushtaga o`tirishardi. Boshqa bolalar kabi Shohrux ham sutiga non to`g`rab, jimgina xayol surardi. U kechqurun Ravshan bilan bo`lgan suhbatni esladi. Ularning oymomodan kulcha so`rashdan asl maqsadlari kuyib-pishib tandirda non yopuvchi, eru-ko`kka ishonmay, asrab-avaylaguvchi onajonisining qaytishini Allohdan so`rash edi. Nonushtadan so`ng bolalar maydonchada to`p o`ynab, arg`imchoq uchib, o`zlarini biroz chalg`itgan bo`lishdi. Hammalari istab-istamay o`ynayotgan ekanmi, “Shohrux” degan chaqiriqqa baravariga yalt etib qarashdi. Zulxumor opaning Shohruxni imlab chaqirayotganini ko`rib, hafsalalari sovudi, yana o`yinga chalg`ib ketishdi. Zinadan chiqib borar ekan, xonadagi begona ayolni ko`rib, yuragi allanechuk boshqacha urib ketdi. Eshik oldida tik turib qolgan Shohruxning Zulhumor opa yana bir bora imladi, yonidagi stulni ko`rsatdi. Shohrux begona ayoldan ko`zini uzmay, stulga o`tirdi. Uning o`tirganini ko`rib, ancha xotirjam tortgan Zulxumor opa asta so`z boshladi:

  — Shohrux bilasanmi, bu  ayol seni olib ketmoqchi ekanlar. Ketasanmi ular bilan? 

  Shohrux miyig`ida, ammo chin dildan jilmayib turgan ayolga qarab oldi-da so`radi:

  — Menga kim bo`ladilar? 

  — Ular...Ular sening oying bo`ladilar. Xo`sh, nima deysan?

         — Mening oyim...

— Ha, ha bolajonim, men sening oying bo`laman. Seni kichkinaligingda yo`qotib qo`ygan edik. Shuncha yil qidiribmiz-a, bolajonim. Mana endi doim birga bo`lamiz, — dedi haligina kulib turgan ayol tiz cho`kkan holda ko`zyoshlarini artib.

—  Rozimisan? —  Zulxumor opa yana qayta so`radi.

Shohrux bosh irg`ab, roziligini bildirdi. Uning bo`lak chorasi ham yo`q edi. Axir u yotishda ham, turishda ham faqat onasini kutardi. Garchi qarshisida turgan ayol uning uchun begona bo`lsa ham onasi, u bilan ketmay iloji yo`q. 

Shohrux buyumlarini yig`ishtirib bo`lgach, bolalar bilan birma-bir xayrlashib chiqdi. Hatto ko`zlaridan tirqirab yosh oqdi. Ketar oldida esa Marg`uba opani izlab topolmadi. Shohrux bilan Ravshanga kulcha olib kelgani ketgan ekan. U Marg`uba opaning kulcha xarid qilgani ketganini eshitib, yanayam yaxshi ko`rib ketdi. “Qaniydi, oyimni ham shunday yaxshi ko`ra olsam”, deb o`kindi.

Shohrux yangi uyda bir haftalar chamasi yashadi. Lekin negadir ularda o`ziga nisbatan hech qanday tuyg`uni his qilmadi. Ota-onasi unga qo`lidan kelgancha g`amxo`rlik qilar, sira urintirgilari kelmasdi. Ikki singlisi hatto akalari borligidan faxrlana boshlagan edi. 

Shohruh shular haqida o`ylab, xayol surib o`tirar ekan, tashqaridan qandaydir unga tanish bir ovoz eshitildi.

— Opa, hoy opa. Kim bor?

 Shohrux o`zini xovliga otdi. Darvoza oldida turgan Marg`uba opani ko`rgach, uni quchog`iga otildi. Ular xuddi ona-boladek quchoqlashishdi. Har ikkisining ko`zlarida yosh qalqib, hol-ahvol so`ray ketishdi. 

— Shohruxjon, qandaysan shirinim. Ahvollaring yaxshimi? O`z uyingda yashash naqadar yaxshi-a? Xo`sh, oying kulcha yopib berdilarmi? 

— Ha, lekin...—  uning so`zlarini ichkari uydan chiqib kelgan Salima opa bo`ldi.

— Ie, mehmon kelibdi-ku. Xush kelibsiz. Qani uyga kiring. 

— Yo`q, mayli. Rahmat, men birrovga. Shohruxni ko`ray degandim. 

— Bir piyola choy ichib keting.

— Yo`q, yo`q ovora bo`lmang. Men Shohruhga kulcha olib kelgandim. Shunday beraman-u, ketaman, — deb qo`lidagi sumkani titkilay boshladi. Nonni olib, Shohruhga uzatar ekan, u nonga qaramay o`zini Marg`uba opaning bag`riga otdi. Salima opa uni arang tutib qoldi. Shohruxning “Opam bilan ketaman”, deb dod-voy solishidan Marg`uba opaning qalbi tilka-pora bo`lib, yugurgancha chiqib ketdi. Marg`uba opa “Mehribonlik uyi”ga kelib, xonasiga qamalib oldi-da, to`yib-to`yib yig`ladi. Ilgarilari Shohruhni bunchalik yaxshi ko`rishini hech sezmagan ekan. “Qani endi Shohrux qaytib kelsa, o`zimga farzand qilib olardim”, degan fikr xayolidan o`tib ulgurmay, eshik taqillab qoldi. Xohlamaygina eshik  ochgan Marg`uba opa, hayratdan dong qotib qoldi. Yig`idan qizargan ko`zlarida kulgu o`ynab turgan  Shohruh o`zini uning ko`ksiga urganda esa haqiqiy onadek his qildi o`zini...

Shahnoza RAHIMXO`JAEVA

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!