“Ichkilik asorati bepushtlikmi?”

12:16, 07 oktabr

–  Turmush qurganimizga to`rt yil bo`layapti. Farzand ko`rish ilinjida qilmagan muolajamiz qolmadi hisob. Yaqinda dugonalarimdan biri spirtli ichimlik erkak salomatligiga nojo`ya ta`sir ko`rsatib, bepushtlikka olib kelishi mumkin deya aytib qoldi. Erim ichkilikka mukkasidan ketmaganu, ammo tez – tez ziyofatlarga borib turadi. Ehtimol qilayotgan davomizning kor qilmayotganiga shu ichkilik sababdir deb o`ylab qoldim. Bordiyu shunday bo`lsa, turmush o`rtog`imni spirtli ichimlikdan qaytarish uchun nima qilsam bo`ladi?

Gulzoda Husanova, Toshkent shahri 

Savolga shifokor narkolog Guloyim JUMAShEVA javob beradi: 

–  Tibbiyotda ichkilikbozlikning uch bosqichi farqlanadi. Onda – sonda, 2-3 oyda bir marta, bayram yoki biror tadbirlarda oz-ozdan ichkilik ichishni alkogolizm deb bo`lmaydi. Moyillikning paydo bo`lishi ruhiy va jismoniy qaramlikning mavjudligi, qachon va qancha miqdorda ichilayotganiga bog`liq. Birinchi bosqichdagi bemorda jismoniy qaramlik bo`lmaydi. Ammo ichkilik ta`sirida paydo bo`luvchi engillikka tobelik kuzatiladi. Hayotida yuz berayotgan o`zgarishlar, quvonchli voqealar yoki aksincha tashvishlarni ichkilik bilan yuvishni istaydi. Xohishning ortib borishi esa maishat uchun bahona topish kayfiyatini paydo qiladi. Ikkinchi bosqichda jismoniy va ruhiy qaramlik birgalikda kechadi. Ichkilik ichilgan kunning ertasiga bosh og`rig`i, qaltirash, vegetativ o`zgarishlar, ishtaha yo`qolishi boshlanib, bemor ikkinchi yo uchinchi kuni yana icha boshlaydi. Birinchi va ikkinchi bosqichdagi alkogolizmning bir-biridan farqi ham shunda: bemorda surunkali ichkilikbozlik paydo bo`la boshlaydi. Uchinchi bosqich shaxs inqirozi! Aroqxo`r kishida xotira sustlashishi, aqliy faollikning pasayishi, fikrlash, idrok qilish qobiliyatining zaiflashishi, hissiyotlarning tamoman yo`qolishi aks etadi. Bemor nafaqat o`zi balki yaqinlarini ham unutadi. Ko`pincha bu bosqichga kelgan bemorlar jigar sirrozi, oshqozon yarasi va boshqa ko`plab xastaliklarga duchor bo`lishadi. Eringizning onda – sonda bo`lsada ichkilik ichib turishi bora – bora surunkali tus olsa, albatta nasl qoldirish xususiyatiga ta`sir etishi mumkin. Qolaversa, farzand ko`rishni rejalashtirayotgan oilalarga zararli odatlarni cheklash aytiladi. Turmush o`rtog`ingizda ichkilikbozlikka qaramlik paydo bo`lmasligi uchun uni ushbu illatninng nojo`ya ta`sirlari bilan tanishtiring. Hayotiy misollar orqali turli xil voqealarni so`zlab berish, ya`ni psixologik ta`sir usulidan foydalanib ko`ring. Agar ichkilikka mukkasidan ketish avj olsa, mutaxassis ko`magiga yuzlanish lozim.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!