Saylovchilar huquqiy madaniyatini yanada yuksaltirish bo`yicha tadbirlar dasturi tasdiqlandi

16:49, 07 oktabr

2016 yilning 7 oktyabr kuni O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini yoritish bo`yicha Respublika matbuot markazida Markaziy saylov komissiyasining majlisi bo`lib o`tdi. Videokonferensaloqa shaklida o`tgan majlisda O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o`tkazuvchi okrug saylov komissiyalari, saylovda qatnashayotgan siyosiy partiyalar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Markaziy saylov komissiya raisi M.Abdusalomov boshqargan majlisda saylovga tayyorgarlik ko`rish bilan bog`liq masalalar ko`rib chiqildi. 

Majlisda jamoat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari va boshqa fuqarolik jamiyati institutlari takliflari asosida ishlab chiqilgan O`zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko`rish davrida saylovchilar huquqiy madaniyatini yuksaltirish bo`yicha o`tkaziladigan tadbirlar dasturi loyihasi muhokama qilindi.

Qayd etilganidek, Dastur fuqarolarga istiqlol yillarida yaratilgan milliy saylov tizimi, “O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to`g`risida”gi Qonun, so`nggi yillarda unga kiritilgan o`zgartish va qo`shimchalar, shuningdek, Markaziy saylov komissiyasining saylov masalalarini tartibga soluvchi qarorlarining mazmun-mohiyati hamda saylovchilarning qonunlarda mustahkamlab qo`yilgan huquq va erkinliklarini keng tushuntirish ishlarini olib borishni nazarda tutadi.

Targ`ibot tadbirlari davra suhbati, seminar, uchrashuv, bevosita muloqot, konferensiya, trening shaklida, shuningdek, ommaviy axborot vositalari orqali maqola, eshittirish va ko`rsatuvlare`lon qilish, turli risola, flaer va boshqa targ`ibot materiallarini tayyorlash orqali amalga oshiriladi. 

Dasturda nazarda tutilgan tadbirlar aholining keng qatlami, xususan, xotin-qizlar, yoshlar, ayniqsa, birinchi marotaba ovoz beruvchi fuqarolar, nuroniylar, imkoniyati cheklangan shaxslar, harbiy xizmatchilar, fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organlari, mehnat jamoalari, o`quv muassasalari vakillari, shuningdek, xorijdagi hamyurtlarimizni qamrab oladi.

“Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati, Xotin-qizlar qo`mitasi, “Mahalla” xayriya jamoat fondi, Respublika baynalmilal madaniyat markazi va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari bilan ijtimoiy sheriklikda fuqarolarning huquqiy madaniyati va elektoral faolligini yanada oshirish maqsadida “Mening ovozim — Vatanim kelajagi”, “Men shaxsan o`zim ovoz beraman”, “Bizning oilamizda har birimiz o`z ovozimizga ega”, “Biz tanlash huquqiga egamiz”, “Saylovchilar ro`yxatida bormisiz?”, “Yagona oilada” nomli turli aksiyalarni o`tkazishni rejalashtirmoqda.

Barcha tadbirlar ommaviy axborot vositalarida keng yoritiladi.

Majlisda, shuningdek, 7-Samarqand, 9-Surxondaryo, 11-Farg`ona okrug saylov komissiyalari raislarining O`zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ishlarining borishi haqidagi axborotlari eshitildi. Okrug saylov komissiyalari tomonidan O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o`tkazuvchi saylov uchastkalari tuzilgani qayd etildi. Hozirgi kunda respublika va xorijda 9376 ta saylov uchastkasi tuzildi. Okrug saylov komissiyalari tomonidan uchastka saylov komissiyalari tarkibini shakllantirish ishlari boshlab yuborildi.

Majlisda Markaziy saylov komissiyasi vakolatiga taalluqli boshqa masalalar ham muhokama qilindi.Ko`rilgan masalalar yuzasidan Markaziy saylov komissiyasining tegishli qarorlari qabul qilindi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!