Мустақил Давлатлар Ҳамдўстлиги давлат раҳбарларининг Ўзбекистон халқига мурожаати

11:33, 08 oktabr

2016 yil 16 sentyabr                                                         Bishkek shahri

Biz, Mustaqil Davlatlar Hamdo`stligi davlat rahbarlari O`zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Abdug`anievich Karimovning vafoti munosabati bilan mustaqil O`zbekiston tarixidagi murakkab davrda do`st O`zbekiston xalqini qat`iy qo`llab-quvvatlashimizni bildiramiz.

O`zbekistonning iqtisodiy salohiyatini rivojlantirish, xalqaro nufuzini oshirish va aholi farovonligini yuksaltirishga xizmat qilgan keng ko`lamli islohotlar buyuk davlat arbobi Islom Karimov nomi bilan bog`liqdir. U o`zining butun hayotini xalqiga sadoqat bilan xizmat qilishga bag`ishladi.

Islom Abdug`anievich Karimov Mustaqil Davlatlar Hamdo`stligining asoschilaridan bo`lib, Hamdo`stlik davlatlarining xalqlari o`rtasida iqtisodiy aloqalar, do`stlik va yaqin qo`shnichilik munosabatlarini mustahkamlash yo`lida juda ko`plab ishlarni amalga oshirdi. O`zbekiston rahbari sifatida Markaziy Osiyoda tinchlik va osoyishtalikni ta`minlash, mintaqani xavfsiz va barqaror rivojlanayotgan hududga aylantirishga benihoya katta hissa qo`shdi.

O`zbekiston bundan buyon ham izchil rivojlanishi va Hamdo`stlik mamlakatlari xalqlari bilan do`stlik, yaqin qo`shnichilik munosabatlarini har tomonlama mustahkamlash ishlarini qat`iy davom ettirishiga ishonch bildirgan holda, O`zbekiston xalqining tinchlik, barqarorlik va hamjihatlikni ta`minlash borasidagi harakatlarini to`liq qo`llab-quvvatlaymiz.

O`zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidentining tarixiy merosi Hamdo`stlik xalqlarining ahil oilasida do`stona munosabatlarni rivojlantirish va mustahkamlashga doimo xizmat qilishiga ishonamiz.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!