Dunyoning eng nufuzli musulmonlar ro`yxatidan muftiy Usmonxon Alimov o`rin oldi

11:38, 08 oktabr

Iordaniya Qirollik strategik islom tadqiqotlar markazi tomonidan jahonning eng nufuzli musulmonlarining yangi 500 talik ro`yxati e`lon qilindi. 2016 yilgi reytingdan O`zbekiston Musulmonlar idorasi rahbari, muftiy Usmonxon Alimov ham o`rin olgan

Reytingda Al-Azhar shayxi Ahmad Toyyib etakchilik qildi. Ikkinchi pog`onani Iordaniya qiroli Abdulloh ibn al-Husayn band etdi. Uchinchi o`rin Saudiya Arabistoni qiroli Salmon bin Abdul-Aziz al-Saudga nasib etdi. Ro`yxatga, shuningdek Turkiya prezidenti Rajab Toyib Erdo`g`an, Afg`oniston prezidenti Ashraf G`aniy, Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhammedov, Checheniston prezidenti Ramzan Qodirov, Ozarboyjon muftiysi Ollohshukur Poshshozoda, Rossiya muftiysi Ravil G`aynuddin, Tojikiston muftiysi Sayyidmukarram Abdulqodirzoda ham kiritildi.

Nashrning 2016 yilning eng muhim voqealari ro`yxatida O`zbekiston Respublikasining birinchi Prezidenti Islom Karimovning vafot sanasi kiritilgan. Shuningdek, Rio-2016 yozgi Olimpia o`yinlarining musulmon g`oliblari qatorida 13 nafar o`zbekistonlik sportchilar o`rin olgan.

Ma`lumot uchun: Jahonning eng e`tiborli musulmonlarining 500 talik ro`yxati 2009 yildan beri Iordaniya Qirollik strategik islom tadqiqotlar markazi tomonidan tuzib kelinadi. Muftiy Usmonxon Alimov 2009 yildan beri reytingdan muntazam o`rin olib keladi.

Usmonxon Alimov 1950 yil 1 yanvarda Samarqand viloyatida tug`ilgan bo`lib, 1982-83 yillarda Buxorodagi «Mir Arab» madrasasida, 1983-87 yillarda esa Toshkent islom institutida, 1989-90 yillarda Marokashdagi «Karavayin» universitetida tahsil olgan. 1987-2000 yillar davomida Payariq tumanidagi «Imom Buxoriy» masjidida imom-xatib, 2000 yildan esa O`zbekiston Musulmonlar idorasining Samarqanddagi bosh vakili vazifasida faoliyat olib borgan. 2006 yil 8 avgust kuni esa Usmonxon Alimov O`zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy lavozimiga tayinlangan.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!