Afsonaviy engil atletikachi Sergey Bubka O`zbekiston Milliy olimpiya qo`mitasiga tashrif buyurdi

12:02, 08 oktabr

Afsonaviy sportchi, langarcho`p bilan sakrash musobaqalarida faoliyati davomida 35 marotaba jahon rekordlarini o`rnatgan, hozirda Xalqaro Olimpiya qo`mitasi ijroiya qo`mitasi a`zosi, Butunjahon engil atletika federasiyasi vise-prezidenti hamda Ukraina Milliy olimpiya qo`mitasi prezidenti Sergey Bubka O`zbekiston Milliy olimpiya qo`mitasiga tashrif buyurdi. Bu haqda O`zbekiston MOQ matbuot xizmati ma`lum qildi

E`tiborlisi bundan sal kam uch yil avval poytaxtimizda bunyod etilayotgan Milliy olimpiya qo`mitasi yangi binosining poydevoriga birinchi g`ishtni aynan Sergey Nazarovich qo`yib bergan edi. Bugungi kunda Toshkent ko`rkiga ko`rk ko`shib turgan Milliy olimpiya qo`mitasi binosiga Sergey Bubka Osiyo engil atletika federasiyasi vise-prezidenti Aleksey Kondrat hamda O`zbekiston engil atletika federasiyasining bosh kotibi Evgeniy Nujdin hamrohligida tashrif buyurdi.

Martabali mehmonni Madaniyat va sport ishlari vazirining birinchi o`rinbosari Murod Aliev va Milliy olimpiya qo`mitasi bosh kotibi Oybek Kasimov kutib olishdi. Yaqin o`tmishning sport afsonasi Milliy olimpiya qo`mitasida joylashgan kichik muzey, majlislar zali, Respublika sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazini ko`zdan kechirdi. Bu erda yaratilgan sharoitlarni ko`rib hayratini yashira olmadi va O`zbekiston Milliy olimpiya qo`mitasini dunyoning boshqa mamlakatlariga o`rnak sifatida ko`rsatish maqsadga muvofiq bo`lishini ta`kidladi.

Shundan so`ng muzokaralar zalida Sergey Bubka ikkala tomon o`rtasida hamkorlik memorandumini imzolashni taklif qildi. Unga ko`ra O`zbekiston va Ukraina Milliy olimpiya qo`mitalari sportchilarni tayyorlash, murabbiylar malakasini oshirish, sport tibbiiyoti masalalarida tajriba almashish foydadan holi bo`lmasligiga alohida urg`u berdi.

Shuningdek suhbat davomida O`zbekistonning sport salohiyatiga yuqori baho berar ekan Ukraina Milliy olimpiya qo`mitasi prezidenti yurtimiz sportchilarining XXXI yozgi Olimpiya o`yinlarida erishgan natijalariga alohida to`xtalib o`tdi. Bu muvaffaqiyatlar o`z o`zidan qo`lga kiritilmaganligi, O`zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov buyuk inson bo`lganligi va sport taraqqiyoti yo`lida katta ishlar qilganligini ta`kidlab o`tdi. Rio-de-Janeyroda qo`lga kiritilgan bu muvafaqiyatlar zamirida eng avvalo ana shu insonning xizmatlari yotganligini ta`kidladi.

O`zbekiston Milliy olimpiya qo`mitasi nomidan martabali mehmonga qo`mita bosh kotibi Oybek Kasimov esdalik sovg`alarini topshirdi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!