“Kino va yoshlar” II respublika forumi bo`lib o`tdi

13:01, 08 oktabr

Toshkent viloyatining Bo`stonliq tumanidagi “Kamolot” yoshlar oromgohida “Kino va yoshlar” II respublika forumi bo`lib o`tdi. Bu haqda O`zA xabar bermoqda.

“Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati markaziy kengashi tomonidan qator vazirlik va tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan forumda “O`zbekkino” milliy agentligi qoshidagi badiiy kengash a`zolari, kinoijodkorlar, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati boshlang`ich tashkilotlari faollari, yoshlar ishtirok etdi. 

Forumda mamlakatimizda milliy kinematografiyani har tomonlama rivojlantirish, buning uchun zarur moddiy va ma`naviy sharoitlar yaratish borasida keng ko`lamli ishlar amalga oshirilayotgani ta`kidlandi. Milliy kino san`atimizni yoshlarning ichki dunyosi, ma`naviyatiga ijobiy ta`sir etuvchi omilga aylantirish bugungi kun talabi ekani haqida so`z yuritildi. Birinchi Prezidentimizning 2004 yil 16 martdagi “Kinematografiya sohasida boshqarishni takomillashtirish to`g`risida”gi farmoni bu borada muhim dasturilamal bo`lmoqda. 

Tadbirda milliy kino san`atini rivojlantirish, kadrlar malakasini oshirish, tajriba almashishni keng yo`lga qo`yish, yosh ijodkorlar uchun mahorat saboqlari tashkil etish, zarur o`quv qo`llanmalari hamda metodik materiallar yaratish masalalari yuzasidan fikr almashildi. 

– Mamlakatimizda har yili ko`plab filmlar suratga olinmoqda, – deydi O`zbekiston Respublikasida xizmat ko`rsatgan madaniyat xodimi, kinorejissyor Hilol Nasimov. – Ushbu filmlar tomoshabinlarining aksariyati yoshlar ekanini inobatga olsak, kartinalarning g`oyaviy-badiiy saviyasi, ko`tarilayotgan mavzuning hayotiyligiga alohida e`tibor qaratish zarur bo`ladi. Shuning uchun bugungi tadbirda mutaxassislar va yoshlar o`rtasida qizg`in savol-javob, bahs-munozara bo`ldi. Xususan, “Adabiy ssenariy – kino san`ati asosi”, “Kinodebyut – dastlabki qadam”, “Qisqa metrajli kino”, “Kinotexnologiya, kinotanqidchilik va prodyuserlik” kabi qator dolzarb mavzulardagi munozaralar ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi. 

Forum doirasida keyingi yillarda yaratilgan bir qator badiiy va hujjatli filmlar namoyish etildi. Ushbu filmlar ijodkorlari bilan suhbatlarda yoshlar o`zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!