O`zbekiston terma jamoasi muxlislar klubi etakchisi chipta sotish masalasini fojea, olib-sotarlarni nafs qullari deb atadi

15:36, 08 oktabr

O`zbekiston — Eron o`yinidan keyin «Championat.asia» nashri O`zbekiston terma jamoasi muxlislar klubi etakchisi Abdurahmon Fozilov bilan qisqachaintervyu uyushtirib, chipta sotib olishdagi muammolar uni tashvishga solayotgan yoki yo`qligi bilan qiziqdi, deb yozadi “Daryo”.

«Xavotirga solmayaptimi? Bu xavotir emas, bu fojea — deb gap boshladi Fozilov. — Bu muammo muxlislar kayfiyatini «0» darajaga tushirib yuboradi. G`araz chipta olib-sotarlarining nayrangi sabab 25 ming so`mlik chiptalar 50—150 ming so`mdan sotilmoqda. O`z narxidan ikki-uch barobar qimmatga chipta olsangiz alam qilmaydimi? Ming afsuski, barchasini g`alamis, nafs qullari, nafs gadolari puchga chiqarmoqda. O`ylaymanki, Xitoy bilan bo`lib o`tadigan o`yinda bu kamchilikning oldi olinadi».

Eronga qarshi bellashuvda fan-klub rejalashtirgan «mozayka»ning o`xshamay qolganini Fozilov quyidagicha izohladi: «5 ta sektorga birma-bir rangli qog`oz qo`yib chiqqandik. Lekin bir necha yildan buyon rejani amalga oshirishga qiynalamiz. Sababi oddiy: stadionga erta kelgan odamlar yon-atrofdagi o`rindiqlardan qog`ozlarni olib, tagiga ko`rpacha qilib o`tirib oladi. Volontyorlar iltimosi ham yordam bermayapti».

«Yuzlab yaqinlarim Eronga qarshi o`yin uchun chipta olishda yordam so`radi, men esa yordam bermadim, maslahat bilan cheklandim. O`yin boshlanishiga 20—30 daqiqa qolganida stadionga kelinsa, olib-sotarlardan chiptani o`z narxida olish mumkin. 10 daqiqa oldin kelinsa, undan ham arzonroqqa sotib olish mumkin», — dedi O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan yoshlar murabbiyi Abdurahmon Fozilov.

So`zining yakunida fan-klub sardori olib-sotarlarga qarshi kuchga aylanishga va ulardan chipta olmaslikka chaqirdi.

 

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!