Avaz Oxun va Alijon Isoqov konsertidagi noaniqlik. Aslida jonlimi yoki fonogramma?

18:54, 09 oktabr

Qiziqchi Avaz Oxun va xonanda Alijon Isoqov noyabr oyida «Istiqlol» san`at saroyida birgalikda konsert beradi. Konsert dasturi uchun chiqarilgan reklama bilbordlarida konsert jonli ijroda o`tishi yozilgani holda saroy kassalarida «Konsert fonogrammada o`tadi» mazmunidagi bannerlar o`rnatilgan. Mazkur vaziyatga Daryo.uz nashri jurnalisti oydinlik kiritdi.

— Konsert dasturimizning sanasi aniq bo`lishi bilan «Istiqlol» san`at saroyining kassasi uchun shoshilinch «Fonogramma orqali ijro etiladi» mazmunidagi banner chiqarilgan ekan, — dedi xonanda Alijon Isoqov. —Ko`chalarga bilbordlar ilinishi oldidan: «Qo`shiqlarni 100 foiz jonli ijroda aytaman» deganim uchun, dasturning jonli bo`lishi yozilgan bannerlar ilindi. Bizga bu masalada juda ko`p muxlislarimiz murojaat qilishdi, ularga ham dastur 100 foiz jonli ijroda bo`lishini aytyapmiz. Kassalar oldidagi bannerlarni ham o`zgartirib qo`yamiz.

— Nima sababdan o`z yakkaxon konsertingizni taqdim etmayapsiz?

— Hozirgi kunda konsert berish juda ham qiyin. 180—200 million so`m sarflab konsert berish bir san`atkorga og`irlik qilarkan. Yangi yilda bir tadbirda Avaz Oxun bilan birga xizmatda bo`lib, birga konsert berish haqida maslahatlashib olgan edik. Rahmatli Hojiboy Tojiboevning so`nggi konsertida ham mehmon san`atkor sifatida qatnashgandim. Xudo xohlasa, kelasi yil may oyida «Istiqlol» da jonli ijroda konsert taqdim etish niyatim bor va bu yo`lda harakatdaman.

— Bo`lajak konsertning moddiy tomonini kim ko`taradi?

— Avaz Oxun bilan birgalikdagi konsertimizning moddiy tomoni asosan tashkilotchilar zimmasida. Men ham qisman hissa qo`shganman. Konsertga sarflanadigan mablag`ning 15 foizini men qoplasam, qolganini konsert tashkilotchilari o`z bo`yniga olgan.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!