Donald Trampdan prezidentlikdan nomzodini olib tashlash talab qilindi

10:19, 10 oktabr

AQShning Missuri shtatidagi Sent-Luis shahrida prezidentlikka nomzodlar Xillari Klinton va Donald Tramp saylov bahslarining ikkinchi raundini boshladi, deb xabar berdi “Vesti.ru” nashri.

Bir vaqtda sahnada paydo bo`lgan ikki nomzod ilk muzokaradagi kabi qo`l siqib ko`rishmadi. Mazkur muzokara respublikachilar partiyasi tomondan nomzodi ko`rsatilgan Donald Tramp atrofida ro`y berayotgan janjallar ta`sirida boshlandi.

Bunga bundan 11 yil ilgari Trampning ayollarga nisbatan aytgan haqoratomuz gaplari aks etgan video sabab bo`ldi. Bu janjalli video sabab u muvaffaqiyatsizlikka yuz tutmoqda. Uning ishtirokida 2005 yilda suratga olingan videoyozuvda Tramp ayollar unga har qanday joyidan ushlashga izn berishlarini aytib, ayollarni haqoratli so`zlar bilan kamsitgan.

Video tufayli bir sutkada Tramp 40 nafarga yaqin mashhur respublikachilarning qo`llab-quvvatlashidan mahrum bo`ldi. Partiya tarixida bunday hodisa hali bo`lmagan.

Respublikachilarning yuristlari nomzodni o`rniga boshqa nomzod izlashga kirishishdi — biroq saylovga bor yo`g`i bir oy qolgan. Yangi nomzod qo`yish avvalgisining o`z istagi bilan bundan bosh tortganida yoki uning o`limidan so`ng amalga oshirilishi mumkin.

Respublikachilardan uch nafar senator Trampdan prezidentlik poygani tark etishni so`radi, biroq Tramp ketish niyati yo`qligini ma`lum qildi. Milliarder bu holat uchun AQShning barcha aholisidan uzr so`radi.

Bundan tashqari prezidentlikka nomzodlar ichki va tashqi siyosat, noqonuniy migrasiya, Suriyadaga vaziyat haqida ham so`z yuritdilar. Asosiy e`tibor, Rossiyaning demokratik partiya serveriga xakerlik hujumi uyushtirayotganiga qaratildi. Xillari Klinton Donald Trampni Vladimir Putin bilan hamkorlikda aybladi. Donald Tramp esa bu ayblovlarni bo`yniga olmay, shunday dedi: “ Mening Rossiya bilan hech qanday aloqam yo`q, ammo Moskva bilan aloqalarni mustahkamlasak, ko`ngildagi ish bo`lardi. Ular bilan birga “Islom davlati” terrorchilik guruhiga qarshi kurashardik”. 

O`tgan hafta, juma kuni AQSh razvedkasi Rossiyaning xakerlik hujumlari haqida rasmiy tarzda ma`lumot bergan.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!