Fuqarolik jamiyati vakillari hamda ayollarning saylovga tayyorgarlik jarayonidagi ishtiroki ta`minlanmoqda

10:30, 10 oktabr

O`zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi a`zosi Feruzaxon Ahmedova fuqarolik jamiyati institutlari, shuningdek, xotin-qizlarning saylovga tayyorgarlik jarayonidagi ishtiroki yuzasidan quyidagilarni so`zlab berdi.

– Ma`lumki, Markaziy saylov komissiyasining yaqinda bo`lib o`tgan yig`ilishida okrug saylov komissiyalarining shaxsiy tarkibi tasdiqlandi, – deydi F.Ahmedova. – Qonunchilikka muvofiq, Markaziy saylov komissiyasi saylovga kamida etmish kun qolganda rais, rais o`rinbosari, kotib va kamida komissiyaning 6-8 a`zosidan iborat tarkibda okrug saylov komissiyalarini tashkil etadi.

Bunda okrug saylov komissiyasi a`zoligiga nomzodlar Qoraqalpog`iston Respublikasi Jo`qorg`i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari tomonidan jamoatchilikning obro`li vakillari orasidan Markaziy saylov komissiyasiga tasdiqlash uchun tavsiya etiladi.

Markaziy saylov komissiyasining joriy yil 23 sentyabrda siyosiy partiyalar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida bo`lib o`tgan yig`ilishida biz tavsiya qilingan nomzodlarni ko`rib chiqib, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi bo`yicha okrug saylov komissiyalarining shaxsiy tarkibini tasdiqladik. Unga muvofiq, xalqimiz, jamoatchiligimiz o`rtasida katta obro` va e`tiborga sazovor bo`lgan 154 nafar yurtdoshimiz okrug saylov komissiyalari a`zoligiga tayinlandi.

Ta`kidlash kerakki, okrug saylov komissiyalarining hozirgi tarkibi avvalgilardan sifat jihatidan birmuncha farq qiladi. Ro`yxatga nazar tashlaganimizda, eng avvalo, ayollar, nodavlat notijorat tashkilotlari etakchi va faollari, ommaviy axborot vositalari vakillari ko`pchilikni tashkil etayotganiga ko`zimiz tushadi.

Bu, menimcha, tabiiy jarayon. Chunki mustaqillik yillarida mamlakatimizda fuqarolik institutlarining jamiyat va davlat boshqaruvidagi o`rni va ahamiyatini oshirish, davlat va jamiyat qurilishida xotin-qizlarning maqomini mustahkamlash borasida keng ko`lamli islohotlar amalga oshirilishi samarasida ularning yurtimizning ijtimoiy-siyosiy hamda sosial-iqtisodiy taraqqiyotni ta`minlashdagi hissasi tobora ortib, keng jamoatchilikning ishonchi hamda hurmatiga sazovor bo`lmoqda.

Shu bois Qoraqalpog`iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar davlat hokimiyati vakillik organlarining shu yil 20-21 sentyabr kunlari bo`lib o`tgan sessiyalari yig`ilishlari yakuniga muvofiq, aynan mazkur qatlam vakillari jamoatchilik o`rtasida katta hurmatga ega bo`lgan odamlar sifatida ko`rilib, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi bo`yicha okrug saylov komissiyalari a`zoligiga nomzodlar sifatida tavsiya etildi.

Biz okrug saylov komissiyalarining shaxsiy tarkibini o`rganib chiqqanimizda bunga yana bir bor amin bo`ldik. Chunonchi, okrug saylov komissiyalari a`zolarining 23,4 foizini NNT etakchi va faollaridan iborat. Har ikkinchi okrug saylov komissiyasining raisi, to`rttasida rais o`rinbosari, oltitasida kotib lavozimlariga NNT vakillari tayinlangani diqqatga sazovor.

Okrug saylov komissiyalari a`zolarining sakkiz nafari ommaviy axborot vositalari vakillari hisoblanadi. Xususan, Samarqand okrug saylov komissiyasi raisi F.Toshev “Zarafshon” va “Samarkandskiy vestnik” gazetalari birlashgan tahririyati bosh muharriri, Farg`ona okrug saylov komissiyasi raisi N.Sobirov “Farg`ona haqiqati” va “Ferganskaya pravda” gazetalari bosh muharriri lavozimida faoliyat ko`rsatib keladi.

Ayni vaqtda okrug saylov komissiyalari a`zolarining 36,8 foizini opa-singillarimiz tashkil etayotganiga ham alohida urg`u berishni istardim. Ularning 12 nafari komissiyalarda rahbarlik lavozimlarida faoliyat ko`rsatmoqda.

Avvalgi saylovlar bilan taqqoslaganda, bu borada ham ijobiy o`zgarishlar yuz bergan. Jumladan, 2015 yilda o`tkazilgan O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida okrug saylov komissiyalarining 15 foizi, 2014 yilda o`tkazilgan parlament saylovida esa komissiya a`zolarining atigi 8 foizini ayollar tashkil etgan.

– Bugungi kunda mamlakatimiz hamda xorijda 9376 saylov uchastkasi tuzildi. Uchastka saylov komissiyalarining tarkibi qachon shakllantiriladi?

– Tez kunda. “O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to`g`risida”gi qonunning 11-moddasiga muvofiq, okrug saylov komissiyalari saylovga kamida qirq kun qolganda 5-19 a`zo, jumladan, rais, rais o`rinbosari va kotibdan iborat tarkibda uchastka saylov komissiyalarini tuzishlari zarur.

Shu o`rinda mamlakatimizda uchastka saylov komissiyalarini tuzishda ularning mustaqilligi hamda xolisligini ta`minlashga qaratilgan demokratik tartib shakllantirilganini alohida ta`kidlashni istardim.

Chunki, birinchidan, “Fuqarolar saylov huquqlarining kafolatlari to`g`risida”gi qonunning 16-moddasiga ko`ra, saylov huquqiga ega, biron bir siyosiy partiyaning a`zosi bo`lmagan, deputatlikka nomzod yoki uning ishonchli vakili etib ko`rsatilmagan O`zbekiston Respublikasining fuqarolari saylov komissiyalarining a`zosi bo`lishlari mumkinligi belgilangan.

Ikkinchidan, “Fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organlari to`g`risida”gi qonunning 11-moddasiga binoan, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi bo`yicha uchastka saylov komissiyalarining a`zoligiga nomzodlarni tegishli okrug saylov komissiyalariga taqdim etadi.

Uchinchidan, “O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to`g`risida”gi qonunning 181-moddasiga ko`ra, uchastka saylov komissiyasi a`zoligiga nomzodlar xalq deputatlari tuman, shahar kengashlarining majlislarida muhokama qilinadi va tegishli okrug saylov komissiyasiga tasdiqlash uchun tavsiya etiladi. Okrug va uchastka saylov komissiyalarining a`zolari jamoatchilikning obro`li vakillari orasidan tasdiqlanadi.

Mamlakatimiz qonunchiligida belgilangan ushbu me`yorlar uchastka saylov komissiyalarini shakllantirishning barcha bosqichlarida fuqarolarning bilvosita ishtirokini, barcha siyosiy partiyalar hamda keng jamoatchilik manfaatlari aks etishini ta`minlashga xizmat qiladi.

Saylov komissiyalari faoliyatiga noqonuniy aralashganlik uchun ma`muriy javobgarlikning belgilangani ularning mustaqilligini belgilab beradigan muhim omil hisoblanadi. Bu ularga tashqi ta`sirlardan xoli ravishda faoliyat ko`rsatish, fuqarolarning saylov huquqlarini ta`minlash bo`yicha yanada samarador ish yuritishi imkonini beradiki, mening fikrimcha, adolat va demokratiya tamoyillariga amal qilingan holda o`tkaziladigan saylovlarning muhim sharti hisoblanadi.

Saylovchilarga qo`shimcha qulayliklar yaratish, ularning saylovlarga tayyorgarlik ko`rish hamda o`tkazish yuzasidan xabardorligini oshirish maqsadida mahalliy matbuotda saylov komissiyalari ro`yxati manzili hamda aloqa telefonlari ko`rsatilgan holda chop etilayotganini ta`kidlamoqchiman. Saylov uchastkalarida ona va bola xonasi, tibbiyot punkti faoliyat ko`rsatadi. Uchastka binosi zarur mebel, orgtexnika, shuningdek, davriy nashrlar bilan ta`minlanadi.

Behzod BOZOROV
suhbatlashdi

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!