Sug`urta kompaniyasi qanday hollarda zararni qoplaydi?

11:25, 10 oktabr 2016

20 yildan buyon uyimning barcha soliq va sug`urta to`lovini to`lab kelaman. Hozir uyim zilzila va yog`ingarchiliklar sabab ancha zarar ko`rgan. Mazkur zararni qoplash uchun sug`urta kompaniyasiga murojaat qilsam bshladimi?Aslida sug`urta qanday maqsadlar uchun tuziladi? Zararni qanday tartibda qoplab berishadi? Shular haqida ma`lumot bersangiz...

Shokir Karimov, G`uzor tumani

SUG`URTA O`ZARO KELIShUVGA KO`RA TUZILADI
Ortiqxo`ja NOROV, “O`zbekinvest” sug`urta kompaniyasi matbuot xizmati boshlig`i:
—  Eng avvalo shuni aytish kerakki, sug`urtaning majburiy va ixtiyoriy hamda hayot va nohayot turlari mavjud. Shundan uy-joy sug`urtasi mol-mulk sug`urtasi turiga kiradi va ixtiyoriy ravishda, mijozning mulkiy manfaatidan kelib chiqib, tomonlarning o`zaro kelishuviga ko`ra ixtiyoriy sug`urta shartnomasi tuziladi. Bunda uy-joy mulk sifatida qaraladi. Uy-joyning o`zi yoki unda mavjud jihozlar ham sug`urta himoyasiga olinishi mumkin. Sug`urta himoyasiga olinyotgan mol-mulk nomlari shartnoma ilovasida keltiriladi.

QAERDA SUG`URTA QILINADI?
—  Fuqaro o`z uy-joyini sug`urta qildirmoqchi bo`lsa, avvalo sug`urta kompaniyalari, ularning hududiy filiallari, sug`urta bo`linmalari yoki sug`urta agentlariga murojaat qilishi mumkin. Bu erda u uy-joy va mol-mulkni sug`urta qildirish bilan bog`liq ma`lumotlar bilan tanishadi.

BARChASI ShARTNOMADAGI KELIShUV ASOSIDA
—  Sug`urta shartnomasida tomonlarning kelishuvi, unda ehtimoli mavjud qaltisliklar inobatga olinib, shartlar ko`rsatiladi. Ko`p hollarda tabiiy ofat, yong`in, portlash, suv va issiqlik quvurlari hamda oqava tizimlarining avariyasi, uchinchi shaxslarning noqonuniy hatti-harakatlari, uy-joydan foydalanyotganda boshqa shaxslarning hayoti, sog`lig`i yoki mol-mulkiga etkaziladigan zararlardan biri yoki ularning hammasi kabi qaltisliklar nazarda tutiladi.Mijoz tomonidan sug`urta mukofoti, ya`ni sug`urta uchun to`lov to`langach, sug`urta polisi beriladi va sug`urta shartnomasi kuchga kiradi. Sug`urta mukofoti bank orqali kompaniya hisob raqamiga to`lanadi.

ZARAR ETGANDA, DARHOL XABAR BERISh ShART
—  Mulkiy sug`urta shartnomasi bo`yicha sug`urta qildiruvchi sug`urta hodisasi yuz bergani o`ziga ma`lum bo`lganidan keyin bu haqda darhol sug`urtalovchini yoki uning vakilini xabardor qilishi shart. Agar shartnomada xabar qilish muddati yoki usuli nazarda tutilgan bo`lsa, bu shartlashilgan muddatda va shartnomada ko`rsatilgan usulda qilinishi lozim. Agar naf oluvchi o`zining foydasiga tuzilgan shartnoma bo`yicha sug`urta tovoniga bo`lgan huquqdan foydalanish niyatida bo`lsa, ayni shunday majburiyat naf oluvchi zimmasida bo`ladi.

Agar sug`urtalangan shaxsning vafoti yoki uning sog`lig`iga zarar etkazilishi sug`urta hodisasi bo`lsa, tegishli suratda shaxsiy sug`urta shartnomasiga nisbatan qo`llaniladi. Bunda sug`urtalovchini xabardor qilishning shartnomada belgilanadigan muddati yigirma kundan kam bo`lishi mumkin emas.

NIMALAR QOPLAB BERILADI?
—  Sug`urtaning bu turida tabiiy ofat, yong`in, portlash, suv va issiqlik quvurlari hamda oqava tizimlarining avariyasi, uchinchi shaxslarning noqonuniy xatti-harakatlari, uy-joydan foydalanyotganda boshqa shaxslarning hayoti, sog`lig`i yoki mol-mulkiga etkaziladigan zararlardan biri yoki ularning hammasi kabilar yuz berishi natijasida fuqaroning mulkiy manfaatlari himoya qilinib, zararlar sug`urta kompaniyasi tomonidan qoplab beriladi.

15 KUN IChIDA JAVOB BERILADI, YoKI...
Sug`urtalovchining sug`urta tovonini yoki sug`urta pulini to`lashni rad etish to`g`risidagi qarori sug`urta qildiruvchiga (naf oluvchiga) ular sug`urta tovonini yoki sug`urta pulini to`lashni so`rab murojaat etganlaridan keyin o`n besh kundan kechiktirmay xabar qilinishi yoki rad etish sabablarining asoslantirilgan dalil-isbotlarini o`z ichiga olgan bo`lishi lozim.

Sug`urtalovchining sug`urta tovonini yoki sug`urta pulini to`lashni rad etishiga qarshi unga nisbatan sudda da`vo qo`zg`atish yo`li bilan e`tiroz bildirilishi mumkin.

Farida Egamberdieva tayyorladi

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!