Erkaklarning rafiqlariga hech qachon aytmaydigan gaplari...

13:34, 10 oktabr

Erkaklar o`rtasida so`rovnoma o`tkazib, ular xotinlariga hech qachon tish yorib aytmaydigan gaplari haqida bilib oldik. Eslatib o`tamiz, boy berilmagan sirlarning aksariyati aslida sizning foydangizga ishlaydi, xonimlar.

 

«...oyimning doim undan shikoyat qilishini! Qaynona-kelin muammolarini yanada chigallashtirmay deyman-da. To`ydan oldin sevganim onamga ma`qul kelmagan. Negadir hamon xotinim u kishiga yoqmaydi. Buning ustiga, ayolim ham juda arazchi...»

Mansur, 28 yosh

«...birinchi muhabbatimni har tug`ilgan kunida, albatta, tabriklashimni. Ayolim bilan ham, birinchi muhabbatim bilan ham bir sinfda o`qiganmiz. Taqdir ekan, ilk sevgim bolalik yillarimda qolib ketdi. Ammo uni doim tavallud ayyomida qutlayman. Balkim ayolim bundan xabar topsa, janjal qilmas, lekin baribir bu sirligicha qolishini istayman...»

Azamat, 27 yosh

«...ijtimoiy tarmoqlarda bo`ydoqligimni! Shunchaki ortiqcha shubha-gumonlarga berilmasligi uchun ham bu borada gapirib o`tirmayman. Baribir internetda gap otgan qizlarim bilan hayotda yuzlashmayman-ku, xotinim bo`lsa, buni noto`g`ri tushunishi mumkin».

Ilhom, 31 yosh

 «...birinchi uchrashuvimizdan keyin unga uylanmayman, deb janjal qilganimni! O`shanda yosh bo`lganman-da, negadir menga bir ko`rishda yoqmagandi. Keyin rafiqamni judayam yaxshi ko`rib qolganman. Ayniqsa, farzandlarimning dunyoga kelishi unga bo`lgan muhabbatimni o`n chandon oshirdi».

Farhod, 35 yosh

«...ajrashish haqida qat`iy o`ylab ko`rganimni! Ha, aynan shuni hech qachon ayta olmayman. Chunki ba`zida inson hislarini boshqarolmaydi. Va alamzadalik sabab xayoliga turli o`ylar keladi, ayniqsa, erkak kishi omad yuz o`girganda hammasiga xotinini ayblay boshlarkan. Bugun o`sha paytdagi bu qarorimni unga bildirmay to`g`ri qilgan ekanman, deyman».

Rasul, 39 yosh

«...xiyonat qilganimni. Erkakchilikda nimalar bo`lmaydi, axir. Hatto rad etib bo`lmaydigan dalillar keltirganida ham, tan olmaganman. Shu bilan bosdi-bosdi bo`lib ketgan».

G`ulom, 30 yosh

«...albatta, qancha pul topishimni. Chunki darrov nimaga qancha sarflashim kerakligini hisob-kitob qilib tashlaydi. Choyxona, oshna-og`aynichilik degan gaplar borligini tushunmasa bu ayol zoti».

Olim, 41 yosh

«...Hamma gapimni ham aytavermasligimni. Bu bevafolik emas. Shunchaki har bir insonning o`ziga yarasha sirlari bo`ladi».

Asror, 37 yosh

 

«...Ovqati bemazaligini! Aytib ham ko`ray, «Siz mendan hech rozi bo`lmagansiz», deya yig`lab boshlaydi...»

Umar, 29 yosh

 

«...uning orzularini amalga oshira olmayotganimdan qiynalishimni! Balki ko`ngil kechinmalarini ayoliga oshkor etish erkak uchun ojizlik deb hisoblarman...»

Anvar, 33 yosh

 

«...suzishni bilmasligimni! Umuman katta anhorlarda cho`milishdan fobiyam borligini bilmasligini istardim. Axir erim qo`rqoq ekan deb o`ylashi mumkin-da...»

Bahodir, 25 yosh

«…sevishimni. U meni yaxshi ko`rgandan-da kuchliroq muhabbat bilan sevishimni doim ham ta`kidlayvermayman».

Rashid, 34 yosh

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!