Robotlar saraton kasalligini davolashda yordam beradi

14:16, 10 oktabr

AQShlik olimlar bosh va bo`yin o`simtalari bilan bog`liq bo`lgan saraton kasalliklarini nur terapiyasi orqali davolovchi, yumshoq robototexnik tizimni sinovdan o`tkazdi, deb xabar berdi “Lenta.ru” nashri. 

Bu tizim yordamida vrachlar bemorning tanasidagi xavfli hujayraga radiasiyaning ta`sirini aniqlashadi. 2014 yilda AQShning 1,6 milliondan ortiq aholisi xalqum va og`iz bo`shlig`i saratoniga chalinib, 580 ming nafari vafot etgan. Ayni paytda, bu kasallik IMRT (modullangan intensiv radiasiya terapiyasi) orqali davolanadi, bu usul bilan orqa miya, quloq atrofidagi bezlar va ko`z asab tolalariga zarar etkazmagan holda o`simtani olib tashlash mumkin. IMRT bilan davolayotganda bemorning ahvolini har doim ham aniq bilishning iloji bo`lmaydi.

Bunday muammoni bartaraf etish uchun olimlar maxsus yumshoq robotlarni ishlab chiqardi. Ular suyuqlik bilan to`ldirilgan, deformasiyalangan polimer korpusli kameralar bilan jihozlangan. Robotlar engil, mustahkam, poliester va polivinilxloriddan tayyorlanib, elektr quvvati bilan boshqariladigan elektromagnitli klapan va nafas olish, nafas chiqarishni ta`minlovchi ikki silikon rezinali naychalardan iborat bo`ladi. Qurilmani kameradagi suyuqlikning miqdoriga qarab, boshqarish mumkin.

Olimlar tizimni sinovdan o`tkazayotganda boshning joylashuvini, harakatini aniqlash maqsadida Kinect Xbox 360 kamerasidan foydalangan. Uning yordamida bemorning boshini 2,5 millimetr aniqlikda belgilash mumkin.

Olimlar kelajakda bemorning boshi va bo`ynidagi xavfli o`simtalarni aniqlashning samaradorligini oshirish maqsadida yuqori tezlikda ishlovchi 3D-lazerlaridan foydalanishni rejalashtirgan.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!