«Rafiqamga o`xshaydi, biroq...»

15:05, 10 oktabr

— Olti oy ilgari avtohalokat tufayli rafiqam dunyodan ko`z yumdi. O`zim ham shifoxonaga tushib qoldim. Bularning bari xuddi tushda kechayotgandek go`yo. Axir xotinimni eru ko`kka ishonmay sevardim. Meni bu dunyoda ushlab turgan yagona tasallim ham, ovunchog`im – qizim. Davolanayotganimda esa bir ayol bilan tanishib qoldim. Uning ham eri kasallik tufayli olamdan o`tgan, qo`lida ikki go`dagi bilan yolg`iz qolgan ekan. To`g`risi, tuyg`ularimga tushunolmay qoldim. U bilan tez-tez gaplashib turganimiz, dardimiz bir bo`lgani, balki ikkimiz ham bir viloyatda ulg`ayib, poytaxda ishlaganimiz uchunmi, ko`nglimda iliqlik bor. Ehtimol rahmatlik rafiqamga o`xshab ketgani uchun qandaydir tuyg`ularni his etayotgandirman, bilolmayapman. Bir-birimizni yaqindan bilishimiz uchun biroz vaqt kerak. Lekin uni o`zimga o`rgatib qo`yib, tuyg`ularim sarob bo`lib chiqsa, hech narsa bo`lmagandek yurolmayman-ku! Shundoq ham tashvishi o`ziga etgulik, ko`ngli yarim ayolga behuda umid berib, afsuslanib yurishni ham istamayman. Xotinimga o`xshab ketsa-da, uning o`rnini bosa olmasligini tushunib turibman. Shu sababli ham ikkilanib qoldim. Ustiga-ustak, u mendan biroz katta. Maslahat bering, unga uylanaymi? Hali ayolimning yili ham o`tgani yo`q.

Umid, 32 yosh, Navoiy viloyati. 

Qaynonajon: — Ko`ngil deganlari shu bo`lsa kerak, o`g`lim. Unga quloq soling, hech qachon aldanmaysiz. Siz aql bilan ish ko`radigan yoshdasiz, beboshlik davringiz o`tib ketgan. Qolaversa, yaxshi ko`rgan xotiningizdan judolik xam ancha ulg`aytirib qo`ygan. "Xotinimning o`rnini bosolmaydi" deganingizda sizga rahmat aytgim keldi. Ayolini qadrlagan insondan yomonlik chiqmaydi. Taqdir ekan, nachora. Hayot o`z  izmida davom etaveradi. Farzandingiz bor, quvonchingiz, ayolingizdan yodgoringiz. Uni tarbiyalash birinchi galdagi vazifa siz uchun! Siz tanlaydigan ayol qizalog`ingizga onalik qila olsin. Yuragingizdagi dardingizni har kun bir yangilamasigi, aksincha hamdard bo`lishi kerak, menimcha. Uning ham boshiga shunday savdo tushgan ekan, balki tushunar. Bir-biringizni sinab ko`ringlar, garchi hayot qattiq sinovdan o`tkazgan bo`lsa-da, yarim ko`ngilning ortiqcha gap ko`tarishi qiyin. Alam ko`rgan qalbning yaralanishi oson. Yosh masalasiga kelsak, bu asosiysi emas, deb o`ylayman. Turmushning ishi qiyin, unga birovning aralashuvi, maslahat berishi dushvor aslida. Biroq murojaat qilgan ekansiz, burchimizni ado etib sizga qo`ngildan maslahat berdik. Tanlov o`zingizning qo`lingizda... Sizga baxt, omad va sabr tilab qolamiz.

Shahnoza halilova, ruhshunos: — So`zlaringizdan ichingizda qo`rquv yashiringanligini tushunish mumkin. Siz nafaqat o`sha ayolga, balki o`zingizga ham umid berishdan qo`rqayapsiz. Chunki inson yaqin kishisini yo`qotar ekan ikkinchi bor bu holatga tushmasligi kafolatlanishini istaydi. Nazarimda, asablaringiz tinchlanishiga ham biroz vaqt kerakdek. Buning ustiga, yangi munosabat boshlash uchun eskisini qo`yib yuborish, taqdirga rozi bo`lish lozim. “Agar rafiqam bo`lganida edi...” degan fikrlar xayolingizni band qilaversa, bir qarorga kelishga shoshilmang. Bu ayol rafiqangizga o`xshashini aytganingizda, uning siymosida turmush o`rtog`ingizni izlayapsiz, degan tasavvur uyg`ondi menda. Biroq vaqt o`tib, har ikkisi boshqa-boshqa inson ekanini tushunganingizda, hafsalangiz pir bo`lishi mumkin. Bunday vaziyatda munosabatlarni davom ettirish juda murakkab. Maslahatim, mutaxassis bilan tuyg`ularingiz ustida ishlang, qo`rquvlaringizdan xalos bo`lganingizdan keyingina yangi munosabatlar haqida o`ylaysiz. Balki o`sha ayol ham sizdan erini izlayotgandir… Nima bo`lganda ham shoshilmaganingiz ma`qul.

Saodat OChILOVA yozib oldi. 

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!