Yuragimda saqlaganlarim: Armon iskanjasidagi ayol

16:13, 10 oktabr

Yoshim qirqda, uch farzandim — ikki qiz, bir o`g`lim bor. Katta qizimni uzatganman, nevaralik ham bo`ldim. Ikkinchi qizimni ham unashtirgandim... Ammo uning fotihasi buzildi. Qizimning ko`zlaridan oqayotgan yoshga toqat qilolmayapman. Shu kungacha boshimga qanchadan qanchaga savdolar tushgan bo`lsa, hammasiga chidadim, sabr-bardosh qildim, yo`qchilikkayam, to`qchilikkayam ko`nib yashadim. Biroq farzandimning yig`layotganini ko`rib, ichim yonib ketyapti. 

Keling hammasini bir boshdan gapirib beray...

Ota-bobolarim aslida uzoq viloyatning tog`li qishlog`idan bo`lgan. O`tgan asrning elliginchi yillarida cho`lni o`zlashtirish maqsadida Mirzacho`lga ko`chib kelishgan. Dadamning aksariyat qarindoshlari o`sha uzoq tog`li qishloqda yashardi. Mehr ko`zda deganlaridek, vaqt o`tgan sari ularning orasidagi qarindoshlik rishtalari uzila bordi. Maktabni bitirgan yilim o`sha olis tog` qishlog`ida yashovchi qarindoshimizning o`g`lidan menga sovchi keldi. Uydagilar qarindoshchiligimiz uzilmasin, bordi-keldimiz mustahkamlansin, deb sovchilarga rozilik berishdi. Hali yosh bo`lganim uchunmi hech baloni tushunmay, qudalar olib kelgan yaltir-yultir matolar bilan andarmon bo`ldim. Kuyov bilan to`ydan oldin atigi bir marta uchrashdim. Ota-onasi yaxshi, ziyoli insonlar, farzandi yomon bo`larmidi deb o`yladim.

Afsuski, yanglishibman. Har doim ham yaxshi insonlarning farzandi  yaxshi bo`lavermas ekan. To`ydan keyin chillam chiqmasdan turib, erim menga qo`l ko`tardi. U erka, tantiq, qo`lidan ish kelmaydigan, ota-onasining topganiga kun kechiradigan odam edi. Yigirma yillik turmushim davomida bu odam bilan biror kun tinch yashamadim. 

Qaynukalarim uylanganidan keyin biz alohida ro`zg`or qilib chiqdik. Haqiqiy qiyinchilik keyin boshlandi. Erim biror joyda tayinli ishlamas, ro`zg`orning barcha og`irliklari mening zimmamda edi. Qiynalib ketgan paytlarim, “Odam mehnatdan o`lmaydi, sabr qilishim kerak”, deb o`zimga-o`zim dalda berardim, dalaga chopiqqa ham chiqdim, paxtayam terdim, uyga bir burda non olib kelib, bolalarimning qornini to`ydirish uchun qilmagan ishim qolmadi. Qo`lingda hunaring bo`lmasa, juda qiyin ekan. Qizlarim kelajakda menga o`xshab qiynalmasin deb, ularni tibbiyot kollejida o`qitdim. 

Vaqt o`tgan sari sog`ligim yomonlasha bordi, baribir hech nima izsiz ketmas ekan, yupun kiyimda, oyog`imdan zax o`tib, dalada bajarilgan og`ir mehnatim o`z kuchini ko`rsatdi. Kasalxonaga borsam, vrachlar “Zudlik bilan operasiya qilish kerak, tuxumdondan o`simta chiqqan, ancha o`tkizib yuboribsiz”, deyishdi. Aka-ukalarimning yordami bilan operasiya stoliga yotdim. Ancha vaqt kasalxonada qolib ketdim. Chiqqandan keyin ham oyoq uzatib yotolmadim. Ro`zg`or tebratish maqsadida choyxonaga idish yuvuvchi bo`lib ishga kirdim. Erta tongdan yarim tungacha sillam qurib, idish yuvardim, uyga bazo`r oyog`imni sudrab kelsam, erim “Yarim tungacha qaerda yuribsan? Qaysi o`ynashing olib kelib tashladi?”, deb to`polon boshlar, jazavasi qo`zib kaltaklardi.

Ishlamay desam, bolalarim och qolar, ishlasam har kuni janjal-to`polon ko`tarilardi. Shunday besaranjom kunlar bilan bolalarim katta bo`lib qolganini ham sezmay qolibman. To`ng`ich qizimga sovchi keldi. O`zim sevib-sevilmay turmush qurganimdan, qizim yigitni sevaman degani uchun rozilik berdim. Bo`lajak kuyovimning otasi vafot etgan, onasi uni yolg`iz voyaga etkazgan ekan. Qiyinchilik ko`rgan yigit ekan, qizimning qadriga etadi, deb o`yladim. Unashtirish marosimidan keyin quda ayol hozircha to`y qilishga sharoiti yo`qligini, biroz shoshilmaslikni bildirdi. O`zim ham zo`rg`a kun kechirayotganimdan uning bu gapiga rozi bo`ldim. Endi ro`zg`ordan orttirib, qizimning sepiga ham narsa qilishim kerak, deb tinim bilmadim.

Erim esa parvoyi-palak, dunyoni suv bossa to`pig`iga chiqmasdi. Kuni bilan to`yib uxlar, yaxshilab dam olib, ishdan qaytishimga janjal ko`tarish uchun kuch to`plab turardi. O`sha kuni choyxonamizda mijozlardan biri tug`ilgan kunini nishonladi, vaqt allamahal bo`lishiga qaramay, xursandchilik qilishdi, o`rnilaridan qo`zg`alay deyishmadi. Men esa to ular ketmaguncha, idish-tovoqlarni saranjom-sarishta qilmaguncha ketolmasdim. Uyga borganimda katta janjal bo`lishini sezib, yuragim siqildi.

Hamma ishlarimni bitirib, uyga kelganimda, g`ira-shira tong yorishgandi. Eshikdan kirishim bilan, boshimga tushgan zarbadan gandiraklab, devorga urildim. Eng kuchli zarbani olib bo`lganimdan, u yog`i unchalik ta`sir qilmadi, ko`z oldim qorong`ilashib, yiqildim. Uzoq-uzoqlardan, elas-elas bolalarimning yig`layotgan ovozini eshitdim. Qancha yotganimni bilmayman, ko`zimni ochganimda qizlarim tepamda yig`lab o`tirardi. Og`zi-burnim qonga to`lgandi. Katta qizim “Onajon, bas, shuncha qiynalganingiz etadi, dadamdan ajrashing, janjal-to`polonlar bizniyam jonimizga tegib ketdi. Umuman uyga kelgim kelmaydi! Agar shu ketishda davom etadigan bo`lsa, o`zimni osib, jonimga qasd qilaman!” dedi. Qiz uzatadigan paytimda erimdan ajrashsam, odamlar nima deydi, deb indamadim. 

Ammo o`shanda xato qilgan ekanman, erimga aql kirish o`rniga har kuni to`polonni kanda qilmagani uchun, katta qizim dalaning bir chekkasidagi tutga o`zini osayotganini ko`rib qolgan  bo`lajak kuyovim uni qutqarib uyiga olib ketgan. Hali to`y bo`lmasdan kuyovning ostonasini hatlagan qiz “to`ygacha chidolmay, qochib ketibdi”, degan nomni orttirib, qishloqda duv-duv gap bo`ldi. Bechora bolam bizning kasrimizga qolib, notinchlikdan zada bo`lgandan shu ishni qilganini kimga ham isbotlardim? Hamma azoblarga chidagan odam bu mish-mishlarga chidolmay yotib qoldim, shundan keyin bir qo`lim yaxshi ishlamaydigan  ahvolga keldi. 

Bu voqealardan keyin erim ko`zimga baloday ko`rinadigan bo`ldi, bolalarim ham uning yonida o`tirishni istamasdi. Ikkinchi qizim otasi sal ovozini ko`tarib gapiradigan, janjal boshlaydigan bo`lsa, qo`rqqanidan hushdan ketadigan odat chiqardi. O`zimning-ku, hayotim barbod bo`ldi, hech bo`lmasa bolalarim tinch yashasin, joni sog` bo`lsin deb, ajrashish uchun sudga ariza berdim. Qishloqda hamma meni muhokama qilishga tushdi, “Yoshi bir joyga borganda, nevara ko`radigan paytida ajrashyapti”, deb ustimdan kulganlar ham bo`ldi. Birovning dardini birov tushunarmidi?  Sud qarori chiqqunchayam erim ancha tomosha qo`ydi. Ajrashdik, erim mustaqil hayot kechira olmasligidan ota-onasining uyiga, ularning nafaqasi hisobiga yashash uchun tog`li qishloqqa yo`l oldi. Hali bitmagan, chala imoratda ikki farzandim bilan o`zim qoldim. Ikkinchi qizim ham tibbiyot kollejini bitirib, kasalxonaga hamshira bo`lib, ishga kirdi. 

Ishdan bo`sh paytlarimizda qizim, o`g`lim bilan loy qorib, g`isht quydik, kichkina bo`lsa ham oshxona, hammom qurdik. Tinchlik, xotirjamlikdan uyimizga baraka, yuzimizga rang kirib qoldi. Shunday kunlarning birida qizimga amakimning o`g`lidan sovchi keldi. Yaqin qarindosh bo`lgani uchun ko`nglim chopmadi, ammo qizim “bir-birimizni sevamiz”, deganidan keyin ko`nishga majbur bo`ldim. Endi ikkinchi qizimga ko`ngildagidek to`y qilaman, deb orzu-havas qildim. Ammo qizlarimning toshi shunchalik og`ir ekanki, bu to`y ham ortga surildi. Amakim yaxshi joyda, katta lavozimda ishlardi, tekshir-tekshir tufayli katta kamomad aniqlanib, sudlandi va qamalib ketdi. Endi to`y haqida gap ham bo`lishi mumkinmasdi, chunki amakimning xotini juda sodda, qo`lidan bir ish kelmaydigan, eriga suyanib qolgan ayol edi. Buni ustiga kamomadni to`lash uchun bor-budlaridan ayrilgandi.

Unashtirgandan keyin tezda to`y qilinmasa, yoshlarning orasiga ham sovuqchilik tusharkan. Qachon qarasam, qizim burchak-burchakda yig`lab o`tirar, sababini so`rasam, bo`lajak kuyov uni judayam rashk qilishini, ishga nechada ketib, nechada kelishini qattiq nazorat qilishini, agar telefoniga tusholmasa, “atay o`chirib qo`ygansan!” deb to`polon qilishini aytib berdi. Men uni “qizim, men ajrashganman, opang to`ydan ilgari qochib ketdi, endi sen ham fotihani qaytaradigan bo`lsang, odamlar nima deydi? Yana gap ko`payadi!”, deb yupatdim.

Bo`lajak kuyovim yaqin qarindoshim bo`lsa-da, qiliqlari erimni eslatardi. Biror joyga ishga kirsa, uzog`i bilan bir oy ishlab, bo`shab ketardi. “Nima bo`ldi?” deb so`rasak, “Ish og`ir, buni ustiga odamlari ham yoqmadi”, deb javob berardi. Bekorchilikdan qizimning har bir qadamini kuzatar, ko`chada biror sinfdoshini ko`rib qolib, salomlashsa ham janjal ko`tarardi. Uni chaqirib, bir necha marta ogohlantirdim, “Xo`p, ikkinchi qaytarilmaydi!”, derdi-yu, yana eski qilig`ini boshlardi.

Uning so`nggi qilig`i sabr kosamning toshishiga sabab bo`ldi. Paxta terish mavsumi boshlanganligi uchun, qizim ishxonasidagilar bilan terimga chiqdi. Dala juda uzoq, chekka joyda joylashgani uchun aloqa yomonligi tufayli telefoni ishlamagan. Unga bir necha marotaba qo`ng`iroq qilib, tusholmagan kuyov jahl bilan qizim paxta terayotgan dalaga otlangan. Hech nimaga tushunmay, angrayib turgan qizimni hammaning oldida og`ziga kelgan gap bilan haqoratlab, “Telefoningni o`chirib qo`yib, qaysi yigit bilan gaplashayotganding?”, deb daladan uygacha turtkilab, kaltaklab kelgan. Qizimning tergan paxtasiyam, narsalariyam dalada qolib ketgan, emay-ichmay olib bergan telefonimni tepkilab, maydalab tashlagan.

Suv olish uchun paqir ko`tarib, ko`chaga chiqishim bilan qizimni kaltak bilan turtayotgan bo`lajak kuyovimga ko`zim tushdi. Ilgarilari qizim uning qiliqlarini aytganda, “Qo`y, qizim hayotda hamma narsa bo`ladi, sabr qil!”, deb taskin bergandim, ammo kuyovim ko`zimga erim bo`lib ko`rinib ketdi. Paqirni irg`itib, jon talvasasida qizimni qutqarishga yugurdim. Ularni ajratib, uyga olib keldim. Jahl bilan sandiqni ochdim-u, kuyov taraf yuborgan tugunni olib, qo`liga tutqazdim: “Mana yuborgan to`rtta ko`ylaging! Bolamni tinch qo`y! O`zim baxtsiz bo`lganim etadi, hali uylanmasdan turib, qizimga shunchalik zulm o`tkazsang, turmush qurgandan keyin nima qilmoqchisan? Xotin degani erning shaxsiy buyumi emas! Uniyam ko`ngli, xohish-istaklari bor! Bolali bo`lib, ularni tirik etim qilgandan ko`ra, hoziroq ajrashinglar! Mayli, odamlar nima desa deyaversin, bolalarim omon bo`lsa bas! Endi menga baribir!”.

Qizimga rahmim kelib, fotihani buzdim, biroq bundan men ham, u ham engil tortgani yo`q. Quda taraf “Onasi, opasi kim edi-yu, bunisi kim bo`lardi?” deb gap taratibdi. Qizim bu gaplarni eshitib, battar ezildi.

Bu dunyoga kelgan har bir odam baxtli bo`lishni, tinch-xotirjam yashashni orzu qiladi. Aybim nima? Ajrashganimmi? Erimni har qanday sharoitda ham tushunishga, yordam berishga harakat qildim, qo`limdan kelgancha oilamni saqlab qolishga harakat qildim. Ammo qarsak ikki qo`ldan chiqarkan. Faat bir taraf harakat qilsa, intilsa, ammo ikkinchi tarafdan sado chiqmasa, foydasi yo`q ekan. Bolalarim tinch yashasin deb, erimdan ajrashdim, ammo qanchalik harakat qilmay, ularni baxtli qilolmadim.

Bularni yozishdan maqsadim, qizingizga sovchi kelganda etti o`lchab, bir kesing. Qarindoshlar bilan quda bo`lishga shoshilmang, buni tibbiyot ham qoralaydi. Rishtalar uzilmasin deb, dadam meni qarindoshining o`g`liga uzatgandi, ajrashganimdan keyin yaqin qarindoshlar yuz ko`rmas bo`lib ketdi. Qizim ham “Bir-birimizni sevamiz”, degani uchun amakimning o`g`liga unashtirgandim, ularning munosabatlari to`ygacha ham etib bormadi, o`rtada men amakimdan ayrildim...

Ayolning dardini oqqa ko`chiruvchi
LOLA  ShOIMOVA

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!