Senat amnistiya masalasini ko`rib chiqadi

21:50, 10 oktabr

2016 yil 10 oktyabr kuni O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining majlisi bo`lib o`tdi.

Majlisni O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi N.Yo`ldoshev olib bordi. 

Kengash O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining ettinchi yalpi majlisini joriy yilning 12 oktyabr kuni Toshkent shahrida chaqirish to`g`risida qaror qabul qildi. Bu haqda O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Axborot xizmati xabar berdi.

Senatorlar Oliy Majlis yalpi majlisining kun tartibiga O`zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi Sh.Mirziyoev tomonidan O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi 93-moddasining 23-bandiga muvofiq parlamentning yuqori palatasiga kiritilgan “O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi qabul qilinganligining yigirma to`rt yilligi munosabati bilan amnistiya to`g`risida”gi masalaning kiritilishi muhim ekanligini alohida ta`kidladilar. 

Senat yalpi majlisining kun tartibiga mamlakatimizning ijtimoiy-siyosiy va sosial-iqtisodiy hayotining barcha sohalarini izchil isloh qilish hamda erkinlashtirishga, aholi farovonligini oshirishga hamda ijtimoiy himoya qilinishini kuchaytirishga qaratilgan bir qator O`zbekiston Respublikasi qonunlari kiritilmoqda. “Keksalar, nogironlar va aholining boshqa ijtimoiy hojatmand toifalari uchun ijtimoiy xizmatlar to`g`risida"gi, “Kasaba uyushmalari, ularning huquqlari va faoliyatining kafolatlari to`g`risida”gi O`zbekiston Respublikasi Qonuniga o`zgartishlar kiritish haqida”gi, “O`zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o`zgartish va qo`shimchalar kiritish to`g`risida”gi O`zbekiston Respublikasining Qonuni haqida”gi qonunlar shular jumlasidandir. 

Yalpi majlisda, shuningdek, “Xalqaro mehnat tashkilotining birlashmalar erkinligi va kasaba uyushmalariga birlashish huquqini himoya qilish to`g`risidagi 87-sonli Konvensiyasini ratifikasiya qilish haqida”gi O`zbekiston Respublikasi qonuni ham ko`rib chiqiladi. 

Majlisda Senat Kengashi vakolatiga kiradigan boshqa masalalar ham muhokama etildi. 

Oliy Majlis Senati qo`mitalarining va devonining ettinchi yalpi majlisga tayyorgarlik ko`rish bo`yicha ishini muvofiqlashtirish uchun Kengash tomonidan ishchi guruh tuzildi. 

Barcha muhokama etilgan masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!