Nemis millatiga mansub fuqarolar masalalari bo`yicha O`zbekiston – Germaniya komissiyasi majlisi bo`lib o`tdi

09:58, 11 oktabr

Toshkentda O`zbekiston Respublikasida istiqomat qilayotgan nemis millatiga mansub fuqarolar masalalari bo`yicha O`zbekiston – Germaniya hukumatlararo komissiyasining to`qqizinchi majlisi bo`lib o`tdi. Bu haqda O`zA xabar bermoqda

O`zbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining o`rinbosari, hukumatlararo komissiya hamraisi S.Nishonboev, Germaniya Federativ Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Naytxart Xyofer-Vissing va boshqalar O`zbekiston bilan Germaniya o`rtasida o`zaro ishonch va hurmatga asoslangan munosabatlar qaror topgani, bu o`zaro manfaatli hamkorlik rivojiga xizmat qilayotganini ta`kidladi. 

O`zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov rahnamoligida mamlakatimizda tinchlik-osoyishtalik, millatlararo do`stlik va totuvlik muhiti rivoj topdi. O`zbekistonda bir yuz o`ttizdan ortiq millat va elat vakillari hamjihat yashab, turli sohalarda samarali mehnat qilmoqda. Tili, urf-odat va an`analarini saqlab, madaniyatini rivojlantirmoqda. 

Mamlakatimizda “Vidergeburt” nemis madaniyat markazi faoliyat yuritmoqda. “O`zbekiston – Germaniya” va “Germaniya – O`zbekiston” do`stlik jamiyatlari xalqlarimiz o`rtasidagi madaniy-ma`rifiy aloqalarni yanada rivojlantirishga munosib hissa qo`shmoqda. 

Germaniyada O`zbekiston, O`zbekistonda Germaniya haqida ko`rsatuv va ko`rgazmalar namoyish etilmoqda, birgalikda madaniy tadbirlar, konsertlar o`tkazilmoqda. Muntazam tashrif almashuvlar tufayli xalqlarimiz bir-biri bilan yaqindan tanishmoqda, o`zaro aloqalarni yanada mustahkamlamoqda. O`zbekiston Qizil yarim oy, Germaniya Qizil xoch, Germaniya texnikaviy hamkorlik jamiyatlari hamkorligining amaliy ifodasi bo`lgan tibbiy-ijtimoiy markazlar tomonidan aholiga sifatli tibbiy-ijtimoiy xizmat ko`rsatilmoqda. 

– O`zbekistonda millatlararo totuvlik qaror topgan, milliy madaniy markazlar faoliyati samarali yo`lga qo`yilgan, – dedi Germaniya Federativ Respublikasi Federal hukumatining ko`chib o`tganlar va kam sonli millatlar masalalari bo`yicha vakili, hukumatlararo komissiya hamraisi Xartmurt Koshik. – O`zbekistonda barcha millat va elatlar qatori nemis millatiga mansub fuqarolarning ham emin-erkin yashashi, ta`lim olishi, mehnat qilishi, o`z ijodiy qobiliyati va salohiyatini ro`yobga chiqarishi uchun barcha imkoniyatlar yaratilgani bizni juda quvontiradi. O`zbekiston bilan hamkorlikni barcha sohalar qatori fan-ta`lim va madaniy-gumanitar yo`nalishlarda ham yanada rivojlantirish tarafdorimiz. 

Tadbirda O`zbekistonda istiqomat qiluvchi nemis millatiga mansub aholini tibbiy-ijtimoiy qo`llab-quvvatlash ko`lamini kengaytirish, o`zaro madaniy, ma`rifiy va texnik hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. 

Majlis yakunlari bo`yicha qo`shma kommyunike imzolandi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!