BMT bosh kotibi XXI asrda o`lim jazosiga o`rin yo`qligini bildirdi

10:04, 11 oktabr

BMT bosh kotibi Pan Gi Mun dunyoning 65 ta mamlakatida terrorchilik harakatlarini sodir etgan jinoyatchilarga nisbatan qo`llanayotgan o`lim jazosiga qarshi chiqdi, deb xabar berdi “Tengrinews.kz” nashri. 

Bunga xalqaro o`lim jazosiga qarshi kurash kuni sabab bo`ldi. BMT bosh kotibining so`zlariga qaraganda, terrorchilik tufayli sudlangan jinoyatchilarni harbiy va maxsus sudlar shoshilinch ravishda sud qilib, adolatsizlik bilan hukm chiqarmoqda. “XXI asrda o`lim jazosiga o`rin yo`q. Terrorizmga qarshi kurashda xavfsizlikni ta`minlash bo`yicha o`tkaziladigan barcha chora-tadbirlar inson huquqlariga va qonun ustivorligiga asoslanishi kerak”, dedi Pan Gi Mun o`z nutqida.

U odamlarning o`lim jazosi bilan terrorizmga qarshi kurashish mumkin, degan fikriga qo`shilmadi. Pan Gi Munning ta`kidlashicha, terrorchilarni qatl etish uning izdoshlariga tashviqot maqsadida xizmat qilishi mumkin. 

BMT bosh kotibi hammani har qanday sharoitda, har qanday joyda o`lim jazosini bekor qilishga chaqirdi. 

2015 yil yakuniga ko`ra 1634 nafar sudlanuvchiga nisbatan o`lim jazosi qo`llangan. Bu so`nggi 27 yil ichidagi eng yuqori ko`rsatkichdir. 89 % o`lim jazosi Eron, Pokiston va Saudiya Arabistoniga to`g`ri keladi. Bu ro`yxatga aniq ma`lumotlarni yashirgani uchun Xitoy kiritilmagan.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!