Fuqarolarning saylov huquqlari himoyasi kafolatlangan

11:31, 11 oktabr

Mustaqillik yillarida mamlakatimizda eng yuksak demokratik talablarga javob beradigan milliy saylov tizimi yaratildi. Fuqarolarning jamiyat va davlat ishlarini boshqarishdagi ishtiroki to`liq ta`minlanmoqda. Shu yilning 4 dekabr kuni bo`lib o`tadigan O`zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ishlari O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi qonun hujjatlari talablariga to`liq muvofiq holda, jamiyatni isloh qilish va demokratlashtirish yanada chuqurlashgan, ijtimoiy faollik o`sgan, fuqarolarning mas`uliyati hamda ijtimoiy-siyosiy, sosial-iqtisodiy islohotlarga, siyosiy partiyalar, fuqarolik jamiyati institutlariga talabchanligi oshgan bir sharoitda olib borilmoqda.

Bunda fuqarolar saylov huquqlarining sud himoyasi muhim ahamiyat kasb etadi. Ushbu huquqlarni amalga oshirish mexanizmlari haqida yuridik fanlar doktori, 1-darajali adliya maslahatchisi, O`zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi yordamchisi Aziz Mirzaev so`zlab berdi.

  • Fuqarolarning saylov huquqlari haqida gapirib bersangiz?
  • O`zbekiston Respublikasida mustaqillikka erishilganidan so`ng siyosiy tizimni, xususan, uning muhim yo`nalishi bo`lgan demokratik saylov tizimini shakllantirish bo`yicha keng ko`lamli islohotlar amalga oshirildi. Bugungi kunda u bir qator saylov hujjatlari majmuini o`zida birlashtiradi. Ma`lumki, demokratik, erkin va adolatli saylovlarni o`tkazishning mezon va standartlari BMT, EXHT va boshqa xalqaro tashkilotlar hujjatlarida o`z aksini topgan.

Milliy saylov qonunchiligi O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi, saylov to`g`risidagi qonunlar, shuningdek, boshqa qator qonun hujjatlaridan iborat. O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi mamlakatimiz saylov qonunchiligi tizimining asosi sanaladi. Uning alohida bobi saylov tizimiga bag`ishlangan. Bundan tashqari, “Fuqarolar saylov huquqlarining kafolatlari to`g`risida”gi O`zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq, O`zbekiston Respublikasining fuqarolari jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda bevosita hamda o`z vakillari orqali ishtirok etish huquqiga egadirlar.

Bu huquq fuqarolarning referendumlarda, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida va hokimiyatning vakillik organlari saylovida qatnashishi orqali amalga oshiriladi. Fuqarolar saylash va saylanish huquqiga egadirlar. O`zbekiston Respublikasining 18 yoshga to`lgan fuqarolari saylash huquqiga egadirlar. Har bir fuqaro-saylovchi bir ovozga ega. Saylovchilar qaerda bo`lishlaridan qat`i nazar, qator huquqlar kafolatlanadi. Referendumlarda, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida va hokimiyatning vakillik organlari saylovlarida bevosita qatnashish huquqi, o`z xohish-irodalarini erkin bildirish va yashirin ovoz berish huquqi, saylovchilar ro`yxatiga kiritilish huquqi, saylovchilar ro`yxatidagi xato va noaniqliklar to`g`risida saylov komissiyasiga arz qilish huquqi, umumxalq ovozga qo`yilgan qarorlarni, O`zbekiston Respublikasi Prezidentligiga ko`rsatilgan nomzodlarni yoki hokimiyatning vakillik organlariga ko`rsatilgan nomzodlarni yoqlab yoki ularga qarshi tashviqot yuritish huquqi va boshqalar shular jumlasidandir.

  • Fuqarolarning buzilgan saylov huquqlarini tiklash jarayoni qanday?
  • O`zbekiston Respublikasining har bir fuqarosiga uning saylov huquqlari sud yo`li bilan himoya etilishi, saylov komissiyalarining, davlat organlarining, mansabdor shaxslarning, jamoat birlashmalarining g`ayriqonuniy xatti-harakatlari ustidan sudga shikoyat qilish imkoniyatlari kafolatlanadi.

Fuqarolarning saylov huquqlarini to`g`ridan-to`g`ri yoki bilvosita cheklashga yo`l qo`yilmaydi, saylov to`g`risidagi qonunlarda belgilab qo`yilgan talablar bundan mustasnodir.

Kuch ishlatish, aldash, qo`rqitish orqali yoki boshqa yo`llar bilan fuqarolarning saylash va saylanish, referendumda ishtirok etish, saylovoldi agitasiyasini olib borishdan iborat huquqlaridan foydalanishlariga to`sqinlik qilish, shuningdek hujjatlarni soxtalashtirish, ovozlarni atayin noto`g`ri sanash, referendum to`g`risidagi, Prezident saylovi haqidagi, hokimiyatning vakillik organlariga saylov to`g`risidagi qonunlarni o`zgacha tarzda buzish O`zbekiston Respublikasining qonunlariga muvofiq javobgarlikka tortishga sabab bo`ladi.

O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyasining 117-moddasiga ko`ra, Sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan fuqarolar, shuningdek sud hukmi bilan ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan shaxslar saylanishi mumkin emas va saylovda qatnashmaydilar. Boshqa har qanday hollarda fuqarolarning saylov huquqlarini to`g`ridan-to`g`ri yoki bilvosita cheklashga yo`l qo`yilmaydi.

  • Ma`lumki, saylovlarni o`tkazishda fuqarolar saylov huquqlarini qat`iy ta`minlashga alohida e`tibor qaratiladi. Ushbu jarayonning huquqiy asoslari haqida so`zlab bersangiz.
  • Bu, avvalambor, O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyasidir. Unda har bir fuqaroning huquqlarining sud himoyasi kafolatlangan. Fuqarolarning saylov huquqlari buzilishiga oid shikoyatlarini ko`rib chiqishning sud tartibi saylov komissiyalari tomonidan amalga oshiriladigan ma`muriy tartib oldida sezilarli darajada ustuvorlikka ega.

Avvalo, bu faqat va faqat qonunga buysunadigan organ tomonidan amalga oshiriladi. Shu bilan birga, u ishni ko`rib chiqishning xolisligini ta`minlaydi. Zotan, sud ishning u yoki bu natijasidan umuman manfaatdor bo`lmaydi. Binobarin, O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyasining 44-moddasida har bir shaxsga o`z huquq va erkinliklarini sud orqali himoya qilish, davlat organlari, mansabdor shaxslar, jamoat birlashmalarining g`ayriqonuniy xatti-harakatlari ustidan sudga shikoyat qilish huquqi kafolatlanishini nazarda tutuvchi maxsus qoida o`rin olgan.

Shunday g`ayriqonuniy harakatlar ustidan shikoyat qilishning huquqiy asoslari 1994 yil 5 mayda qabul qilingan “Fuqarolar saylov huquqlarining kafolatlari to`g`risida”gi O`zbekiston Respublikasi Qonunida mustahkamlab qo`yilgan bo`lib, unga ko`ra, O`zbekiston Respublikasining har bir fuqarosiga uning saylov huquqlari sud yo`li bilan himoya etilishi, saylov komissiyalarining, davlat organlarining, mansabdor shaxslarning, jamoat birlashmalarining g`ayriqonuniy xatti-harakatlari ustidan sudga shikoyat qilish imkoniyatlari kafolatlanadi. Aynan shu qoida sharofati bilan Konstitusiyamiz va tegishli qonunlarimizda mustahkamlab qo`yilgan saylov huquqlari haqqoniy yuridik mazmunga ega bo`lib, sud himoyasi predmetiga aylandi.

  • Sudlar saylov huquqlari buzilganligi to`g`risidagi murojaatlarni ko`rib chiqishda qanday qonunlarga tayanishadi?
  • O`zbekiston Respublikasi Fuqarolik-prosessual kodeksining 272-moddasiga ko`ra, saylov komissiyasining xatti-harakatlari (qarorlari) ustidan berilgan shikoyat sud tomonidan shikoyat berilgan kundan e`tiboran uch kundan kechiktirmay ko`rib chiqilishi, agar saylovga olti kundan kam vaqt qolgan bo`lsa, darhol ko`rib chiqilishi lozim.

 Shikoyat sud tomonidan arizachini va tegishli saylov komissiyasining vakilini, shuningdek, prokurorni, agar shikoyat arizachiga emas, balki boshqa fuqaroga daxldor bo`lsa, o`sha shaxsni ham chaqirgan holda ko`rib chiqiladi. Bu shaxslarning kelmasligi ishni ko`rib chiqishga to`sqinlik qilmaydi.

Sudning hal qiluv qarori chiqarilishi bilanoq darhol tegishli saylov komissiyasiga va arizachiga topshiriladi.

  • Saylov huquqlari buzilishi holatlari bo`yicha jismoniy va yuridik shaxslardan kelib tushayotgan murojaatlarni ko`rib chiqish tartibi qanday?
  • Uchastka saylov komissiyalari okrug saylov komissiyasi tomonidan tuziladi. Uchastka saylov komissiyasi uchastka bo`yicha saylovchilarning ro`yxatini tuzish, saylovchilarni saylovchilar ro`yxati bilan tanishtirish, ro`yxatdagi noaniqliklar haqidagi arizalarni qabul qilish va ko`rib chiqish hamda tegishli o`zgartishlar kiritish masalasini hal qilish, ovoz beriladigan binolar va saylov qutilari tayyorlab qo`yilishini ta`minlash, saylov kuni saylov uchastkasida ovoz berilishini tashkil etish, ovozlarni hisoblab chiqish, saylovga tayyorgarlik ko`rish va ovoz berishni uyushtirish masalalariga doir ariza va shikoyatlarni ko`rib chiqish maqsadida tuziladi.

Shubhasiz, qonunda uchastka saylov komissiyalari tomonidan sodir etilishi mumkin bo`lgan huquqbuzarliklar uchun javobgarlik ko`zda tutilgan bo`lib, umumiy sud ishi tartibida amalga oshiriladi.

Bundan tashqari, Markaziy saylov komissiyasining 2015 yil 3 fevraldagi qarori bilan tasdiqlangan O`zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko`rish va uni o`tkazish bo`yicha uchastka saylov komissiyalari faoliyatini tashkil etish tartibi to`g`risidagi Nizom (o`zgartish va qo`shimchalar bilan)ga muvofiq, har bir fuqaroga ro`yxatga kiritilmaganlik, noto`g`ri kiritilganlik yoki ro`yxatdan chiqarilganlik yuzasidan, shuningdek ro`yxatda saylovchi to`g`risidagi ma`lumotlarni ko`rsatishda noaniqlikka yo`l qo`yilganligi xususida shikoyat qilish huquqi beriladi.

Ushbu masalaga doir ariza uchastka saylov komissiyasi tomonidan ko`rib chiqiladi, arizani uchastka saylov komissiyasi kechi bilan ikki kunlik muddat ichida, saylov arafasida va saylov kuni esa darhol ko`rib chiqib, ro`yxatga zarur tuzatishlar kiritishi yoki arizachiga uning talabi inobatga olinmaganligi to`g`risidagi asoslantirilgan qarorning bir nusxasini berishi shart.

Uchastka saylov komissiyasi qarori ustidan tuman (shahar) sudiga saylovdan kechi bilan uch kun oldin shikoyat qilinishi mumkin, tuman (shahar) sudi shikoyatni ikki kunlik muddat ichida ko`rib chiqishga majbur. Tuman (shahar) sudining qarori qat`iydir. Uchastka saylov komissiyasi sudning qaroriga muvofiq saylovchilarning ro`yxatiga darhol tuzatish kiritadi.

Ushbu Nizom bilan, shuningdek, saylov to`g`risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik ham ko`zda tutilgan.

Saylovni o`tkazishning qonunda nazarda tutilgan qoidalari hamda tartibini buzuvchi shaxslar, O`zbekiston Respublikasi fuqarosining O`zbekiston Respublikasi Prezidentini saylash va Prezidentlikka saylanish, saylovoldi tashviqoti olib borish huquqlarini erkin ravishda amalga oshirishiga zo`ravonlik, aldash, tahdid qilish yoki boshqa yo`l bilan qarshilik ko`rsatuvchi shaxslar, shuningdek soxta saylov hujjatlari tuzgan, ovozlarni atayin noto`g`ri sanab chikkan, ovoz berish yashirinligini buzgan yoki qonunning boshqacha tarzda buzilishiga yo`l qo`ygan saylov komissiyalarining a`zolari, davlat va jamoat organlarining mansabdor shaxslari qonunda belgilangan tartibda javobgar bo`ladilar.

Nomzodlarning sha`ni va qadr-qimmatiga dog` tushiradigan soxta ma`lumotlarni e`lon qilgan yoki boshqa yo`sinda tarqatgan, saylov komissiyalari a`zolariga nisbatan haqoratomuz munosabatga yo`l qo`ygan shaxslar ham javobgarlikka tortiladilar.

Ovoz berish kuniga qadar qolgan besh kun ichida, shuningdek ovoz berish kuni jamoat fikri so`rovlari natijalarini, saylov natijalari prognozlarini va o`tkazilayotgan saylov bilan bog`liq boshqa tadqiqotlarni nashr etish (e`lon qilish), shuningdek ularni umumiy foydalanishdagi axborot-telekommunikasiya tarmoqlariga (shu jumladan Internet tarmog`iga) joylashtirish taqiqlanadi.

  • Mazkur masalalar bo`yicha murojaatlar qancha muddatda ko`rib chiqilishi kerak?
  • “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to`g`risida”gi O`zbekiston Respublikasi Qonuni  murojaatlarni ko`rib chiqishning aniq muddatlari o`rnatilgan. Bunday qoidalar saylov jarayonini tartibga soladigan boshqa qonun hujjatlarida ham aks etgan.

Masalan, “O`zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi to`g`risida”gi Qonunga muvofiq, Markaziy saylov komissiyasi saylovga yoki referendumga tayyorgarlik ko`rish va uni o`tkazish bilan bog`liq masalalar yuzasidan davlat organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning rahbarlariga, boshqa mansabdor shaxslarga murojaat etishga haqli bo`lib, ular masalani ko`rib chiqishlari va uch kun ichida javob berishlari shart.

O`z navbatida, Markaziy saylov komissiyasining qarorlari ustidan O`zbekiston Respublikasi Oliy sudiga shikoyat berish mumkin. Shikoyat tushgan paytdan e`tiboran uch kun ichida, agar saylov yoki referendumga olti kundan kam vaqt qolgan bo`lsa — darhol ko`rib chiqilishi lozim.

Saylovni o`tkazishning “O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to`g`risida”gi O`zbekiston Respublikasi Qonunida nazarda tutilgan qoidalari hamda tartibini buzuvchi shaxslar, O`zbekiston Respublikasi fuqarosining O`zbekiston Respublikasi Prezidentini saylash va Prezidentlikka saylanish, saylovoldi tashviqoti olib borish huquqlarini erkin ravishda amalga oshirishiga zo`ravonlik, aldash, tahdid qilish yoki boshqa yo`l bilan qarshilik ko`rsatuvchi shaxslar, shuningdek soxta saylov hujjatlari tuzgan, ovozlarni atayin noto`g`ri sanab chiqqan, ovoz berish yashirinligini buzgan yoki ushbu Qonun boshqacha tarzda buzilishiga yo`l qo`ygan saylov komissiyalarining a`zolari, davlat va jamoat organlarining mansabdor shaxslari qonunda belgilangan yo`sinda javobgar bo`ladilar.

Nomzodlarning sha`ni va qadr-qimmatiga dog` tushiradigan soxta ma`lumotlarni e`lon qilgan yoki boshqa yo`sinda tarqatgan, saylov komissiyalari a`zolariga nisbatan haqoratomuz munosabatga yo`l qo`ygan shaxslar ham javobgarlikka tortiladilar.

  • Saylov huquqlari buzilganligi to`g`risidagi shikoyatlarni ko`rib chiqish uchun nimalar asos bo`lishi mumkin?
  • Qonunda belgilangan tartibda jismoniy yoki shaxs tomonidan berilgan saylov huquqi buzilishi faktiga oid ariza (shikoyat) vakolatli organ yoki sud tomonidan shikoyatlarni ko`rib chiqish uchun asos bo`ladi.

Xulosa o`rnida shuni alohida qayd etish kerakki, milliy qonunchilikka fuqarolarning saylash va saylanish huquqi, saylovlarning umumiy, teng va to`g`ridan-to`g`ri saylov huquqi asosida yashirin ovoz berish yo`li bilan erkin o`tkazilishi, saylovning ochiq va oshkoraligi, fuqaro va inson saylov huquq va erkinliklarining sud va boshqa himoyasini amalga oshirish, saylovlarning jamoatchilik va xalqaro kuzatuvi, saylov jarayoni ishtirokchilarining saylov huquq va erkinliklarini amalga oshirish kafolatlari singari demokratik saylovlar standartlari joriy qilingan.

Shak-shubhasiz, saylov qonunchiligini takomillashtirish uzluksiz jarayon bo`lib, har bir o`tkazilayotgan saylov kampaniyasi uni yanada rivojlantirishga o`z hissasini qo`shmoqda.

Mehribon MAMETOVA suhbatlashdi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!