To`ydan oldin toptalgan ishonch

11:32, 11 oktabr

Shu kuni kechasi bilan yomg`ir tinmadi. Deraza panjarasiga taqillab urilayotgan tomchilarning tovushidan uyg`onib ketdim. Aslida, kuzni ham, yomg`irni ham juda yaxshi ko`raman. Sarg`aygan yaproqlar, osmondan durdek to`kilayotgan tomchilar o`zgacha kayfiyat bag`ishlaydi menga. Ammo bu gal negadir yuragimga hadik oraladi. «Voy, to`yim kuni ham shunday yomg`ir yog`sa-ya...»

Tanlab qo`ygan oppoq kelinlik libosimning uzun etaklariga loy tomchilari sachrashini, quyosh kulib turmasa, kunduz kuni shahar aylanib, suratlarga tusha olmasligimiz — baxtli onlarimizni tiniq rasmlarda muhrlay olmasligimizni, hamma to`yga shosha-pisha kelishiyu qo`nishibgina o`tirishi, ob-havo kayfiyatimizga salbiy ta`sir qilishini o`ylab, xayolim ming bir ko`chalarga kirib chiqdi. Aksiga olib, ertalab ham intiq kutganim quyosh chiqmadi. Nonushta payti oyim gap boshlab qoldi:

— Malika, qachon ishdan ta`til olasan? To`yingga ham kam qoldi. Hali shuncha ish turibdi. Kuyovga sarpo qilish kerak, quda xolaning ham seni bozorga olib tushish niyati bor. Tikuvchiga topshirgan kiyimlaringni kiyib ko`rib, to`g`irlanadigan joylarini aytib kel.

— Shuning uchun ishdan qolishim shartmi, oyi? Yozdan beri to`yga tayyorgarlik ko`rayapmiz, haliyam ko`nglingiz to`lmadimi? — dedim arazlagan ko`yi. To`y oldi hamma qizlardek injiq bo`lib qolgandim men ham.

— Iya, yozdan beri o`zi hamma ishni sen cho`zib yuribsan. Chaqqonliging qaerga yo`qolgan, bilmayman? Iching qizimaganiga hayronman. Aytgancha, eng muhimi, kelinlik uyingga parda tikishing kerak, — deb onam yangi vazifani elkamga yukladi.

— Shuni buyurtma qila qolaylik — yalingannamo qaradim u kishiga.

— Voy, qaynonang «Qo`lida diplomi bilan hunari ham bor ekan. Mahallamizga kelin bo`lgan Sarvinozning pardasini ko`rdim. Rostan, maqtaganlaridek qo`li gul ekan qizingizning», degandi sovchi bo`lib kelganida. Endi o`zing tikmasang, uyat bo`ladi, — deya ta`kidladi.

Haqiqatda, bir yil ichida yaqin o`rtadagi turmushga chiqqan qizlarning pardasini o`zim tikkanman. Talabaligimda poytaxtda o`rgangandim bu hunarni. Biroz qiyin ish-u, ammo daromadi yaxshi. Shuning orqasidan sepimning kam-ko`stini to`g`irladim. Xullas, oyim buguning o`zida ish orasida bozorga tushib, mato tanlashimni tayinladi. O`zim ham shu reja bilan uydan chiqdim. Bugun dushanba, ancha qo`lim bo`shroq bo`ladi. Tushlikni xonamda qilib, o`sha vaqti bozorga o`tib kelaman. Biroq bu yomg`ir tinay demasdi... Yana ayovsiz yog`ardi.

Xonamda ovqatlanib o`tirsam, qo`ng`iroq bo`ldi. Kimdir meni so`rab kelibdi. Vaqtimni qizg`anganimdan xonamga chiqarib yuborishlarini aytdim. Eshikni ochgan qiz ko`zimga issiq ko`rindi. Bizdan to`rt-besh yoshlar kichik, men bilan bir maktabda o`qigan ekan. Salomlashdi, kirdi, o`tirdi. Menda nima ishi bor ekan-a, shoshib turganimda bu ham keldi-ya, degan o`y o`tdi xayolimdan. U esa dabdurustdan gap boshladi:

— Sirojga turmushga chiqayapsizmi?

Savolidan hayron qoldim. Birinchidan, Siroj undan katta, keyin bu qizning nima ishi bor ekan?

— Ha...

— To`yingizni to`xtating. U menga uylanishi shart va majbur. Sizga aytolmayapti...

U dona-dona qilib shunday dedi. Osmondan erni teshib yuborgudek bo`lib yog`ayotgan yomg`ir donalaridek so`zlari yuragimni o`ydi. Men esa tutila-tutila zo`rg`a javob qaytardim:

— Nima uchun? Tushunmadim...

— Demak, haliyam sizga aytmapti-da bor gapni. U yozda...

To`g`risi, uning keyingi gaplari qulog`imga kirmadi. Yoz, ha, o`sha biz unashtirilgan avgust oyida, toqqa dam olgani chiqqanida (aniq dam olishga ketgandi o`sha sanada, esimda) Siroj uning nomusini toptapti. Tomog`imga nimadir tiqildi, ovqat emas, qanaqadir alammi, bilmadim, nima? Ko`zimga yosh quyilayotgan bo`lsa-da, o`zimni zo`rg`a qo`lga olib, unga qarorimni aytdim:

— To`yni to`xtaman, xavotirlanmang. Faqat meni tinch qo`yinglar.

U indamay xonadan qanday shaxd bilan kirib kelgan bo`lsa, shunday chiqib ketdi.

Men esa turli o`ylar qurshovida qoldim.

Siroj bilan oramizda bir yosh farq bor. U ham, men ham poytaxtda o`qigan bo`lsak-da, talabaligimizda unchalik qadrdonmasdik. Barcha talabalar ta`tildan qaytayotgan payt poezdda uchrashib qolsak, bir maktabda o`qiganimiz sababidan salom-alik qilardik. Ikkimiz ham magistratura bir yilda tugatib, tumanimizga qaytib, ishga joylashdik. Keyin ish yuzasidan yana uchrashib, bir-ikki bor gaplashib qoldik. Bora-bora o`rtamizda qandaydir rishtalar paydo bo`ldi. Siroj haqiqatda yaxshi yigit edi. Odobi, gap-so`zi joyida, yaxshi ishi, hayotda intilishi bor. Yozda u menga sovchi qo`ydi. Ota-onalarimiz ikkimiz ham tengimizni topganimiz uchun darrov rozilik berishdi. Ammo yaqinda buvim olamdan o`tgani sabab to`yni kuzga qoldirishdi. Sentyabrda Siroj bir oyga malaka oshirish uchun poytaxtga jo`nadi. Xullas, oktyabrning oxirida to`y qiladigan bo`ldik. Ayni kunlarda to`y mavsumi bo`lgani uchun oldindan restoranni band ham qilib qo`ydik. Endi onalarimizning istak-xohishlarini amalga oshiruvchi bir-ikkita ishlar qolgandi, xolos...

Uch kungacha yomg`ir tinmadi. Mening taqdirimga achinibmi, dunyoning ishlaridan to`yibmi, osmon ham onamga qo`shilib ko`z yosh to`kdi. Faqat men o`zimni hech narsa bo`lmagandek tutishga harakat qilardim. Kimlardir bir engil qizning gapiga uchmasligim, baxtim uchun kurashishim kerakligini, Sirojdek yigit (!) boshqa hayotimda uchramasligi mumkinligini (uchramasin ham!) uqtirar, uning opasi esa hammasini aniqlashtirmoqchi, to`g`irlamoqchiligini (endi vaqtni kim ham ortga qaytara olardi?) aytib, oldimga kelib-ketdi. Men esa o`zimni beparvodek tutardim. Axir qo`limdan nima ham keladi. Uvvos solib yig`lasam, uyat bo`lmaydimi? Men xato qilmagan bo`lsam?! To`g`ri, bir yillik tuyg`ularim, fotiham bo`lgani, to`y orzusidagi umidlarim zavol topdi. Ammo bunga kim aybdor? Deylik, Sirojning kechirim so`rashi, kimlarningdir maslahati tufayli ham u bilan taqdirimni bog`ladim. Ammo ishxonamga borib, menga shartini qo`ygan qiz (!) ertaga uyimga bostirib kirib, hayotimni barbod qilmaydimi? Bo`lmagan ishning boshidan bo`lmagani yaxshi deb to`g`ri aytishgan.

To`yimiz belgilangan kuni Siroj o`sha qizga uylandi. Ertalab menga «SMS» jo`natibdi: «Meni kechir», deb. Nima ham derdim? Endi mening kechirishim bilan hech nimani o`zgartirib bo`lmaydi. Orzularimni barbod etgan, ishonchimni bir marta o`ylamay bosgan qadami bilan poymol qilgan odamni kechirishni emas, umuman xayollarimdan, yuragimdan yulib chiqarib tashlashni istayman. Yana turib-turib, vaqtida ko`zim ochilgani uchun shukr qilaman. Agar taqdirim u bilan bog`langach, hammasi ayon bo`lsa (baribir oyni etak bilan yopib bo`lmaydi), boshimni qaysi devorga urardim. Yana eng alam qiladigani, Siroj yopig`liq qozonni yopig`ligicha qoldirmoqchi bo`lgan... Bunga qanday jur`at qilgan, hayronman?.. Agar o`sha qizni (men uni ham oqlamayman) yarim yo`lda tashlab ketganida, ikki marta nomardlik qilgan bo`lardi. Chunki xatosini to`g`irlashning boshqa imkoni yo`q.

Anglaganim, inson o`zi uchun to`g`ri qaror qabul qila olishi kerak ekan. Gap-so`zlar, alamlardan holi ravishda...

Shoira VAFOEVA yozib oldi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!