Amnistiya akti kimlarga qo`llaniladi?

11:39, 11 oktabr

O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatiga taqdimnoma kiritildi.

Amnistiya aktining e`lon qilinishi xalqimizga xos insonparvarlik, ezgulik va rahmdillikning yorqin ifodasi sifatida, mahkumlarda qonunga itoatkorlik hissini rag`batlantiradi va qonunni chetlab o`tgan shaxslarga tuzalish, oilasiga qaytish hamda jamiyatning munosib a`zosi bo`lish uchun yana bir imkoniyat beradi. 

Shu nuqtai nazardan, amnistiya akti ulkan profilaktik, ijtimoiy va tarbiyaviy ahamiyatga ega bo`lib, muayyan toifadagi shaxslarni nafaqat javobgarlikdan va jazodan ozod qilishni, balki ularni davolash, bandligini ta`minlash, shuningdek, ijtimoiy reabilitasiya qilish va moslashtirish borasidagi boshqa qator muhim tadbirlarni ko`zda tutadi. 

Ta`kidlash joizki, amnistiya aktining qabul qilinishi inson huquq va erkinliklarining himoyasini ta`minlash borasidagi umume`tirof etilgan xalqaro huquq normalariga to`la mos keladi. 

Insonparvarlik prinsiplariga amal qilgan holda, avvalgi amnistiya aktlarini qo`llash va shaxsga oid ish hujjatlarini o`rganish natijalari asosida, kelgusida ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlash zaruriyati yo`qolganligini, shuningdek, yoshi va sog`lig`ini inobatga olib, quyidagilarni nazarda tutuvchi amnistiya aktini qabul qilish taklif etiladi: 

1. Hukm qilingan: ayollarni; jinoyat sodir etgan vaqtda 18 yoshga to`lmagan shaxslarni; 60 yoshdan oshgan erkaklarni; chet davlatlar fuqarolarini; I va II guruh nogironlarini; sil kasalligining faol shakliga chalingan shaxslarni jazodan ozod qilish (Jinoyat kodeksining 167- va (yoki) 168-moddasida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etgan va etkazilgan moddiy zararni qoplamagan, Jinoyat kodeksining 104-moddasi uchinchi qismi “d” bandida nazarda tutilgan, shuningdek, o`ta og`ir jinoyatlarni sodir etgan shaxslar bundan mustasno); 

2. Ehtiyotsizlik orqasida jinoyat sodir etgan shaxslarni, shuningdek, ijtimoiy xavfi katta bo`lmagan yoki uncha og`ir bo`lmagan jinoyatlarni qasddan sodir etganligi uchun birinchi marta hukm qilingan shaxslarni jazodan ozod qilish (Jinoyat kodeksining 167- va (yoki) 168-moddasida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etgan va etkazilgan moddiy zararni qoplamagan shaxslar bundan mustasno); 

3. Ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm qilinib, o`talmay qolgan jazo muddati uch yildan ko`p bo`lmagan, hukmi qonuniy kuchga kirgan mahkumlarni jazodan ozod qilish (Jinoyat kodeksining 167- va (yoki) 168-moddasida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etgan va etkazilgan moddiy zararni qoplamagan, Jinoyat kodeksining 97-moddasi, 104-moddasi uchinchi qismi “d” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etgan shaxslar bundan mustasno); 

4. Ayollar; jinoyat sodir etgan vaqtda 18 yoshga to`lmagan shaxslar; 60 yoshdan oshgan erkaklar; chet davlatlar fuqarolari; I va II guruh nogironlari; sil kasalligining faol shakliga chalingan shaxslarga (Jinoyat kodeksining 167- va (yoki) 168-moddasida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etgan va etkazilgan moddiy zararni qoplamagan, Jinoyat kodeksining 104-moddasi uchinchi qismi “d” bandida nazarda tutilgan, shuningdek, o`ta og`ir jinoyatlarni sodir etgan shaxslar bundan mustasno) nisbatan barcha jinoyat ishlarini tugatish; 

5. Amnistiya aktiga asosan ozod qilinmaydigan shaxslarning o`talmay qolgan jazo muddatini: 

qasddan sodir etgan jinoyatlari uchun o`n yildan ko`p bo`lmagan muddatga ozodlikdan mahrum qilinganlarga - uchdan bir qismiga; 

qasddan sodir etgan jinoyatlari uchun o`n yildan ortiq muddatga ozodlikdan mahrum qilinganlarga - to`rtdan bir qismiga qisqartirish. 

Bunda, Jinoyat kodeksining 97-moddasida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etgan shaxslarning jazo muddatini qisqartirmaslik taklif qilinadi; 

6. Sodir etilgan jinoiy qilmishlarning ijtimoiy xavflilik darajasi va oqibatlarini hisobga olgan holda: 

uzoq muddatga yoki umrbod ozodlikdan mahrum qilishga hukm qilingan; 

taqiqlangan tashkilotlar faoliyatidagi ishtiroki, ular tarkibida tinchlik va xavfsizlikka qarshi yoki jamoat xavfsizligiga qarshi jinoyatlar sodir etganligi uchun hukm qilingan; 

o`ta xavfli residivist deb topilgan; 

jinoiy uyushma tarkibida jinoyat sodir etgan; 

jazoni o`tash tartibini muntazam ravishda buzayotgan;

muqaddam afv etish yoki amnistiya tartibida jinoiy javobgarlikdan yoki jazodan ozod qilingan va yana qasddan jinoyatlar sodir etgan; 

o`lim jazosi afv etish tartibida ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazoga almashtirilgan shaxslarga nisbatan amnistiya aktini tatbiq etmaslik. 

Shu bilan birga, taqiqlangan tashkilotlar faoliyatidagi ishtiroki, ular tarkibida tinchlik va xavfsizlikka qarshi yoki jamoat xavfsizligiga qarshi jinoyatlar sodir etganligi uchun birinchi marta ozodlikdan mahrum qilishga hukm etilib, tuzalish yo`liga qat`iy o`tgan shaxslarni ham jazodan ozod qilish taklif etiladi. 

Bundan tashqari, amnistiya aktida asosiy jazodan ozod etilgan mahkumlarni qo`shimcha jazodan ozod etmaslik haqidagi normani nazarda tutish maqsadga muvofiq hisoblanadi. 

Amnistiya aktini tatbiq etish borasida oshkoralik va shaffoflikni ta`minlashda parlament va jamoatchilik nazorati muhim ahamiyat kasb etishini inobatga olgan holda, mazkur jarayonda senatorlar, deputatlar, fuqarolik jamiyati institutlari va ommaviy axborot vositalarining bevosita ishtirokini nazarda tutish taklif qilinadi. 

Samarali profilaktik ahamiyatga ega bo`lgan amnistiya aktining taklif etilgan toifadagi shaxslarga nisbatan qo`llanilishi ularni tezroq ijtimoiy reabilitasiya qilish va jamiyatga moslashishiga xizmat qiladi. 

O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyasining 93-moddasi 23-bandiga asosan, O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatiga O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyasining yigirma to`rt yilligi munosabati bilan amnistiya to`g`risidagi qarorni qabul qilish haqida taqdimnoma kiritilmoqda. 


O`zbekiston Respublikasi Prezidenti 
vazifasini bajaruvchi                                                                     Sh.Mirziyoev 

Toshkent shahri, 
2016 yil 10 oktyabr

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!