Feruza Normatova ijodidagi yangiliklar, go`zallik sirlari va oilasi haqida

12:03, 11 oktabr

“Qisqa va lo`nda” loyihasining bu galgi mehmoni yosh, umidli va iqtidorli aktrisa Feruza Normatova. Kino va kliplarda faol ishtirok etib kelayotgan Feruzani ilk bor suhbatga chorlashimiz. Uning ichki dunyosi, fe`l-atvori va ijodidagi yangiliklar sizlarni befarq qoldirmasligiga ishonamiz. 

Mavsum yangiligi
Tez kunlarda men ishtirok etgan  “Ona” seriali efirga uzatiladi. Bundan tashqari, oktyabr oyining boshida yana bir yangi serailning suratga olish ishlarini boshlash arafasidamiz. Shuningdek, Tohir Usmonov, Bekzod Bahromov kabi xonandalarning kliplarida ham kichik rollar ijro etdim. Ketma-ket premera bo`lishi kutilayotgan ijodiy ishlarim hozircha shular.

Jahl chiqqanda.
Tan olishim kerak, qattiq jahlim chiqqanda o`zimni boshqarolmay qolaman. Ammo jahlimni hammaning oldida ko`rsatmayman, meni bu holatda faqat eng yaqinlarim, oila a`zolarim ko`rishi mumkin. Begonalar olida esa har qanday vaziyatda o`zimni bosishga urinaman. Jahlim chiqqanda iloji boricha bir erga o`tirib nafas rostlab olishim kerak. Shunda hammasi o`tib ketadi. 

Fobiya. 
Qo`rqadigan narsalarim juda ko`p. Masalan balandlikdan, suvdan cho`chiyman. Masalan samolyotda suvning tepasidan uchib o`tayotganda, yoki tagidan suv oqadigan biror tepalikka chiqqanimda ham  meni kuchli vahima bosadi. Yana eng qo`rqadiganim bu — kalamushlar! Ularni hatto suratlarini ko`rsam ham etim uvushib ketadi. 

Stil.
Kiyinish uslubimni birovga ishonmayman. Barcha liboslarimni o`zim tanlashga odatlanganman. Zamonaviy moda bilan hamnafas bo`lishga harakat qilman. Ammo moda ekan deb noqulay kiyim yoki poyafzallarni kiyavermayman. Inson o`ziga yarashadigan va qulaylik yaratadigan liboslarni kiyishi kerak. 

Oila.
Havas qilgulik oilada tug`ilganman. Tez kunlarda ota-onamning oila qurishganiga 30 yil bo`ladi. Buni keng davrada nishonlashni rejalashtirganmiz. Opam, ikkita singlim va ukam bor. Kelajakda xuddi shunday tinch osuda oilaning bekasi bo`lsam deyman. Niyatim ikki o`g`il va ikki qizining onasi bo`lish. Men ham xuddi ota-onam singari, farzandlarimga  o`z qiziqishlaridan kelib chiqqan holda kasb tanlashlariga imkoniyat yaratib beraman. 

Yoqtirmayman. 
Insonlardagi yolg`onchilik, mas`uliyatsizlikni yoqtirmayman. Bundan tashqari, o`zining nasl-nasabidan uyaladigan va o`zidan boshqa odam yasab olganlarni jinim suymaydi. Kitob. 

Kitob va musiqani ichki holatim, kayfiyatimdan kelib chiqqan holda tanlayman. Asosan hikoya, romanlarni mutola qilishni yoqtiraman. 

Xafa qilsam.
Men uchun kechirim so`rash qiyin ish emas. Ammo o`sha paytga etib kelguncha ich-etimni eyman. Chunki qilgan xatomni tan olishim juda qiyin.  Xatoni tushunib, tan olgunimcha 3-4 kun o`tadi. Tushunganimdan so`ng hech ikkilanmay kechirim so`rashim mumkin. 

Go`zallik.
Nazarimda baxtli ayol go`zal bo`ladi.  Agar uni muammolar, tashvishlar qiynab qo`ysa, u qanchalik go`zal bo`lishga intilmasin baribir ko`zlaridan bilib olish mumkin. 

Mish-mishlar. 
San`atkorlar istasa-istamasa, ular haqida turli gap-so`zlar tarqalaveradi. Buni men kasb tanlashimdan oldin bilib, tan olib bo`lganman. Menimcha, mish-mishlarni o`z hayotidan zerikkan, nima ish bilan shug`ulanishni bilmaganlar tarqatsa kerak. Men unaqalarga umuman ahamiyat bermayman. 

Aliya SULAYMANOVA

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!