«Oyijon, dadajon, iltimos, urishmanglar!» yoxud oiladagi janjallarning bola ruhiyatiga ta`siri haqida

12:24, 11 oktabr

Baxtiyor maktabdan kelganidan keyin uy-joyni tartibga keltirishga harakat qildi. Hatto dadasining paypoqlarini yuvdi. Oyisiga qo`ng`iroq qildi.

— Oyi, qozonga go`sht  va suv solib qo`yaymi?

— Nega?

— Sho`rva ichgim kelayapti. Kelguningizcha pishib turardi.

— Mayli, o`g`lim, faqat ehtiyot bo`l. Olovni past qilib qaynat...

Oila kechqurun dasturxon atrofida jamuljam bo`lib, ovqatni jimgina ichishayapti. Singlisi ham ortiqcha sho`xlik qilmayapti. Onasining harakatlari engil, nimadandir mamnunligi sezilib turardi. Buni dadasi darhol payqadi.

— Ha, namuncha irshayib qolding?

— Bugun o`g`lingiz rosa ish qilibdi, oshxonani tozalabdi, paypoqlaringizni yuvibdi, sho`rva solib qo`yibdi. To`qqizga to`lmasdan yonimga kirib, yordamchi bo`libdi...

— Hm, bolaga ish buyurib, o`zing o`ynashlaring bilan uchrashib yurganmiding?

Dadasi...

Ishlamaysan, ishingdan bo`shaysan!

— Nimaga ekan? Ishlamasam, qozondagi go`shtingizni kim olib keladi, a?  Mashinangizning ijara pulini kim to`lashga qarashadi? Siz kirakashlik qilib yurganingizda, uyda o`tirib naqd och qoldim-ku...

Baxtiyor boshini eggancha bu gaplarni eshitarkan, ichida o`yladi. «Oyim gapirmasa bo`lardi, hozir dadam biror narsa otib qoladi...» Ha, o`ylagani sodir bo`ldi. Dadasi sho`rvani kosa-posasi bilan uloqtirdi. O`rnidan turib, onasini urishga hezlandi. Baxtiyor jonholatda ular orasiga tushdi.

— Dada, iltimos, onamni urmang. Maktabga bormayman, endi ishlayman, pul topaman…

Xudbin ota-ona bola nima uchun bu gaplarni aytayapti, deb o`ylamadi. Onasi sannashni to`xtatmadi, otasining og`zidan bodi kirib, shoddi chiqaverdi. Baxtiyor stol ustida turgan pichoqni shartta oldi:

— Baqiraversalaring, o`zimni o`ldiraman!!! Keyin qutulasizlar mendan!

Ota-ona serrayib qoldi...

Afusus, bu bo`lgan voqea...

Ruhshunoslarning aytishicha...

Uydagi janjallar ichida ulg`aygan bolalar yo nihoyatda agressiv kayfiyatli, yo nihoyatda qo`rqoq tabiatli bo`lib shakllanadi. Aksariyat hollarda urushning sababchisi deb o`zini ko`radi. Chunki er-xotinning aytishuvidan tortib yirik janjaliga qadar dialoglarda «bola» so`zi ko`p marta takrorlanadi. «Meni o`ylamasangiz ham, bolangizning kelajagini o`ylang. Ertaga piyonistaning qizini kim so`rab keladi?», «Sayoq yurganingiz uchun kasri bolaga urdi, nuqul kasal bo`lgani bo`lgan», «Bu bolalar faqat menikimi, ko`chadan orttiribmanmi, tug`dirgandan keyin boqing-da!». Janjallar er-xotin uchun qo`rqinchli bo`lmasligi mumkin, ular bugun urushib, ertaga yarashib, yashashda davom etar-u, lekin oqibatda farzandlar ko`ngi ozor topadi, u har ikki eng yaqin kishisining qaysi birini ayblashni bilmay qiynaladi. Kim ko`proq aybdor ekanini aniqlagan taqdirda ham, vaziyatni o`nglolmasligidan o`kinadi. To`qqiz yashar Baxtiyor otasining janjal o`ylab topishi mumkin bo`lgan sabablarini aniqlab, ularni yo`q qilishga harakat qildi. Ya`ni ishlagani tufayli uy ishlariga ulgurolmayotgan onasiga yordam bermoqchi bo`ldi, bir hafta oldin yuvilmagan paypoq uchun otasi volidasining ko`zini ko`kartirgan edi, ana o`sha sababni yo`qotishga urindi. U hech bo`lmaganda, bugun ota-onasi urishmasligiga, jilla qursa, onasi gap qaytarmasligiga ishongan edi. Ammo barcha harakatlari bir pul ekanini bir zumda tushundi. Shunda qaysidir o`zi guvoh bo`lgan janjalda onasi qilgan xatoni qaytardi, qo`liga pichoq oldi, axir o`shanda otasi tinchlanib, o`zini bosib olgandi-da.

Maktabdagi suhbatdan

— Nargiz, seni dadang oyingni uradimi? To`g`risini ayt faqat.

— Yo`q, dadam oyimni sizlab gapiradi-ku!

Mening dadam oyimni har kuni uradi.

— «Dada, urmang» demaysanmi? Buvingga aytib bermaysanmi?

— Baribir, uradi. Katta bo`lsam, erga tegmayman. Bolayam tug`mayman. Baribir, hech kimga kerakmas bo`ladi...

Bolalarning iztiroblari bu hazilakam gap emas. Chunki inson kelajagi uning bolalik xotiralari va ko`nikmalari asosida quriladi. Bolangiz baxtli bo`lishini istasangiz, bugun siz ham baxtli yashayotganingizni u ko`rishi kerak. Ota-ona bo`lgan er-xotinlar, urishinglar, yarashinglar, talashinglar, biroq bunga bolangizni guvoh yoki qozi qilmang. Hech qaysi oila kelishmovchilik va nizosiz bo`lmasligi haqiqat. Sababi oila ikki individual fikrlarni, ikki xil an`analarni, ikki bir-biriga begona odamni bir joyda to`qnashtiradi. Bahslashishni hech kim inkor etmaydi va qoralamaydi. Fikrlar qarama-qarshiligi orqali er-xotinlar oila muammolariga echim topishadi. Agar echim izlanayotgan paytda shaxsiyat muammolari ko`tarilmasa, «Sen o`zi unaqasan-bunaqasan» deyilmasa, juda bo`lmaganda, tomonlardan biri vaqtinchalik chekinib tursa, janjalsiz, yakdil qarorga kelish mumkin. Buni esa janjallashayotgan paytda hech kim eslamaydi, chunki aql ketgan payt bo`ladi-da!

Bolaning ruhiy qo`rg`onini buzmang!

  • Oilaviy janjallarning aksariyati kimningdir oiladan ketishi bilan yakunlanadi. Ko`pincha ayollar farzandlari va tugunini ko`tarib, otasinikiga yo`l oladi.  Bu vaqtda kichik yoshdagi bola otasini sog`inadi, ichikadi, vahima ichida hayotdagi muhim odamini ko`ra olmasligi haqida o`ylaydi. Muammolarni qochib hal qilmang, battar chuqurlashishi mumkin.
  • Farzandlaringizni janjal ishtirokchisiga aylantirmang. Undan hech nima haqida so`ramang. Bolani ota yoki ona tarafkashi bo`lishga, kimgadir qarshi chiqishga majburlamang. Kap-katta odamlar kim haqligini aniqlolmagan paytda, u nima qilsin? Ammo yodingizda bo`lsin, har bir janjaldan so`ng uning xotirasida vaziyat va unga xos bolalarcha xulosa saqlanib qoladi.
  • Bola eshitishi mumkin eng yomon so`z — «ajrashaman!» Bu qarormi yoki oddiy so`z bo`lishidan qat`i nazar, uning guvohligida ishlatishdan tiyiling.
  • Oilaviy nizolarning sababi farzand tarbiyasi bilan bog`liq bo`lsa ham, bolaning o`zi bu haqda eshitmasin. U har tomonga tortqilanadigan arqon emas. Har ikki tomon ham o`z istagiga ko`ra jigarbandiga munosabat bildirishga haqli. Kimdir ikkinchi tomonning harakatlarini oqlamasa, bola yo`qligida alohida kelishib olgan ma`qul.
  • Ko`pincha ayollar erlari, qaynonalari bilan urishib olganlaridan so`ng o`g`il-qiziga zahrini sochishadi. Aslida, buni boshqalar ko`rsin va men qanchalik xafa bo`lganimni bilsin, degan niyatda amalga oshiradilar. Farzandingizni janjaldan keyin turtkilamang, unga ovozingizni ko`tarmang yoki yig`lab, bo`lgan voqeani gapirib bermang. U alam va dardni ichiga yuta oladigan yoriltosh emas!
  • Bolangiz oldida janjallashib, hecham baraka topmaysiz. U o`zini nihoyat darajada ta`sirlantirgan voqealarni boshqalar, hatto etti yot begonalar bilan baham ko`rishga usta.
  • Ertani ham o`ylang. Janjalkash oilaning avlodi o`z oilasini ham xuddi shunday tashkil qiladi. Qarigan chog`ingizda kelin-kuyovlaringizga qozi bo`lishingizga to`g`ri kelmasin.
  • Urishib bo`lgach, bolaga «Kimni ko`proq yaxshi ko`rasan?» degan savolni berib, uni ikkiyuzlamachilik qilishga o`rgatmang. U ham beixtiyor ayyorga aylanadi, kimdan ko`p manfaat ko`rsa, o`shani tanlaydi.
  • Ota-onasining janjalini ko`rgan bola o`zini himoyasiz sezadi. Chunki u ishongan odamlar, aslida, bir-biriga ishonmasligiga, istalgan payt o`zini g`alati tutishiga, narsalarni urib-sindirishiga, bir-biriga qo`l ko`tarishiga guvoh bo`ladi.

Hatto, janjaldan ham ibratli xulosa chiqarish uchun bola ota-onasining kelishib olganini ko`rishi kerak. Stol atrofida «Ha, gapingiz haqida o`ylab ko`raman, to`g`ri aytayotganga o`xshaysiz» desangiz, hamma tomondan yutasiz. Juftingiz bir muddat tinchlanadi, bolalaringiz engil nafas oladi va eng muhimi, hamma bahslar chiroyli yakun topishi mumkinligini ko`radi. Keyinchalik farzandlaringiz odamlar bilan muloqotga kirishishda, muammoli vaziyatlarga echim topishda qiynalmaydi. Yuragi ziqlik qilib, mushtini tugmaydi yoki qochib qolmaydi.

Aziza

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!