Internet orqali AQShlik qizning “boshini aylantirgan” saudiyalik o`smir 5 yilga qamalishi mumkin

15:24, 11 oktabr

Saudiya Arabistonida yashovchi o`spirin amerikalik qiz bilan internet orqali romantik muloqot qilgani uchun hibsga olindi, deb yozadi “Vesti”.

Ikki yosh YouNow.com sayti orqali tanishgan. Mazkur sayt internet foydalanuvchilariga videochatlar orqali muloqot qilish imkonini beradi. Bunda sayt orqali amalga oshirilgan yozishmalar uning boshqa foydalanuvchilariga ham ko`rinib turadi. Aksariyat internet foydalanuvchilari bu juftlikning romantik muloqotlariga guvoh bo`lgan. 

Saudiyalik yigit ingliz tilida zo`rg`a gaplashadi, qiz esa arab tilini umuman bilmaydi. 

Shunday bo`lsa ham ular bir-biriga sevgi izhor qilishga muvaffaq bo`lishgan. O`spirin hatto qizning qo`lini so`ragan.  

Mazkur romantik muloqot o`spirin Saudiya polisiyasi tomonidan qo`lga olingunga qadar davom etdi. O`spirin mamlakatning diniy me`yorlariga to`g`ri kelmaydigan materialni internetga joylashtirganlikda ayblanmoqda. Uni garov evaziga ozodlikka chiqarishdi. O`spirinning aybi isbotlangudek bo`lsa, u 5 yilgacha muddatga ozodlikdan mahrum etilishi va 800 ming dollar jarima to`lashi mumkin. O`smir o`zining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida internetdan boshqa foydalanmaslikka ahd qilgani haqidagi videomurojaatni joylashtirgan.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!