O`zbekistonlik sport kurashchilari qator xalqaro turnirlarda sovrindor bo`lishdi

16:19, 11 oktabr

Polshaning Valbjix shahrida tashkil etilgan sport kurashlari bo`yicha faxriylar o`rtasidagi jahon chempionatida hamyurtimiz Abdujalil Abdurahmonov bronza medaliga sazovor bo`ldi. Hamyurtimiz D divizionida 58 kilogram vaznga ega bo`lgan polvonlar o`rtasidagi bahslarda ishtirok etib faxrli uchinchi o`rinni egalladi.

Ushbu divizionda 51-55 yoshli faxriylar o`zaro kurash olib borishganini eslatib o`tmoqchimiz. Mazkur vazn toifasida oltin medalni Armanistonlik Jora Xovxanisyan qo`lga kiritgan bo`lsa, AQShlik Viktor Rafael Aybar kumush medali bilan taqdirlandi. Ma`lumot uchun, Abdurahmonov 2012-yilda Vengriyada tashkil etilgan jahon chempionatida ham bronza medaliga sazovor bo`lgandi.

Qozog`istonning Semey shahrida yunon rum kurashi bo`yicha o`tkazilgan an`anaviy xalqaro xotira turnirida O`zbekiston terma jamoasi birinchi va ikkinchi raqamli sportchilari bilan ishtirok etdi. Musobaqada terma jamoamiz sharafini Feruz Tuxtaev (59 kg), Abdurashid Berdaliev (59 kg), Aram Vardanyan (66 kg), Dilshod Turdiev (75 kg), Muhammadali Shamsiddinov (85 kg), Jahongir Turdiev (96 kg) va Mo`min Abdullaev (130 kg)lar himoya qilishdi.

Qozog`istonda xizmat ko`rsatgan murabbiy Bolat Turlixonov xotirasiga bag`ishlab 22-marotaba tashkil etilgan mazkur musobaqada mezbonlardan tashqari O`zbekiston, Rossiya, Belorus va Qirg`izistonlik polvonlar gilamga chiqishdi. Yakunda hamyurtlarimizdan Aram Vardanyan va Muhammadali Shamsiddinovlar o`z vazn toifalarida bronza medallarini qo`lga kiritishdi.

Shuningdek, Hindistonning Puna shahrida erkin kurash bo`yicha xalqaro turnir bo`lib o`tdi. Musobaqada O`zbekiston delegasiyasi besh nafar sportchi bilan ishtirok etib bitta kumush va bitta bronza medallarini qo`lga kiritdi. Vazni 86 kilogramgacha bo`lgan polvonlar bahsida Umid Ismanov kumush medaliga sazovor bo`lgan bo`lsa, terma jamoamizning yana bir a`zosi Sirojiddin Hasanov bronza medali bilan taqdirlandi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!