JCh–2018 saralashi. Bugun O`zbekiston – Xitoy o`yini bo`ladi

16:22, 11 oktabr

Bugun, "Bunyodkor" stadioni, soat 18:00da O`zbekiston milliy terma jamoasi Jahon chempionati saralashining uchinchi bosqichi doirasida Xitoyni qabul qiladi.

O`zaro o`yinlar

Jahon Chempionati-2018 saralash uchrashuvlari doirasidagi navbatdagi raqibi -  Xitoy milliy terma jamoasi bilan O`zbekiston turli turnir va o`rtoqlik uchrashuvlarida shu paytgacha 10 marta ro`baro` kelgan. O`yinlarning 7 tasi rasmiy maqomga ega bo`lsa, 3 marta o`rtoqlik uchrashuvlarida (barchasi Xitoyda) bo`lib o`tgan.

5 o`yinda O`zbekiston g`alaba qozongan, bir o`yinda murosa ko`chasi tanlangan va xitoyliklar 4 marotaba g`alaba qozongan. To`plar nisbati – 16:13, O`zbekiston foydasiga. Xitoy terma jamoasi shu vaqtga qadar Toshkentda O`zbekiston ustidan g`alabaga erisha olmagan. O`zbekistonning rasmiy uchrashuvlardagi Xitoyga qarshi ko`rsatkichlari: 4 g`alaba, 1 durang va 2 mag`lubiyat.

Tarkib

Har ikki jamoa safida sariq kartochka tufayli maydonga tusha olmaydigan futbolchilar bor. O`zbekiston terma jamoasi tarkibida sariq kartochkalari soni ikkitaga etgani sabab o`yinni o`tkazib yuboradigan ikki futbolchi bor: Anzur Ismoilov hamda Aleksandr Geynrix. Xitoy tarkibida esa Jang Lingpeng diskvalifiasiya sabab o`yinni o`tkazib yuboradi.

Har ikki jamoada ham boshqa yo`qotishlar yo`q. O`zbekiston milliy terma jamoasi sardori Odil Ahmedov jarohatidan forig` bo`ldi va bugun jamoasiga yordam berishga tayyor. Eronga qarshi o`yinda jarohat olib, maydonni tark etgan Server Jeparov ham uchrashuvda maydonga chiqa oladi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!