«Tanishuv saytlari, behayo yozishmalar – erimni yo`lga sololmayapman...»

16:57, 11 oktabr

Avvallari tahririyatga maktub yo`llaganlar haqida o`qisam, hayron bo`lardim «Qanday yozisharkin?» deb. Buni qarangki, bugun o`zim ham xat yozayapman. Yoshim 45da, turmush o`rtog`im mendan bir yosh katta. Farzandlarimiz, uch nafar nabiramiz ham bor.    

So`nggi 15 yil ichida sog`ligimni yo`qotib bo`ldim. Nevrozga chalinganman. Bir necha oy ilgari bachadonimdagi miomani jarrohlik yo`li bilan olib tashlashdi. Ammo muammom bu ham emas. 

Erimning noma`qul xatti-harakatlaridan ezilib ketdim. «Yoshim o`tib borayapti, nabiralarim bor» demaydi. Tanishuv chatlariga kirib, o`zini yosh yigit deb tanishtiradi-yu, qizlar bilan gaplashadi. Shunchaki, suhbatlashsa ham mayliga edi. Yotoqda kechadigan ishlarni aytib, erkalovchi so`zlar bilan yozishadi. Ilgari behayo filmlar disklarni ko`rardi. Zo`rg`a bu odatini yo`q qildim. Endi bo`lsa, uyali aloqa kompaniyalarining tanishuv saytlari chiqqan. O`zi do`konda savdo qiladi. Kun davomida telefoni qo`lidan tushmaydi. Uyga kelib ham hech kim yo`q xonaga kirib oladi-da, allamahalgacha telefon orqali qizlar bilan «yaqinlik qiladi». Bir-ikki safar qizlarning raqamlarini bilib, ularga qo`ng`iroq qildim. Ammo natijasi bo`lmadi. 

Turmush o`rtog`imning azaldan fe`li og`irroq. Achchig`i chiqqanida, bir necha marta javobimni bergan. Er-xotin yotoq masalasida ham kelisholmaymiz. Rosti, uning talablari tarbiyamga to`g`ri kelmaydi, qabul qilolmayman... Va tabiiyki, rad etganim uchun jahli chiqib, so`kinadi. 

O`zim ham savdo bilan shug`ullanaman. Erim ilgari rashk qilib turardi. Operasiya bo`lganimdan so`ng men bilan ishi bo`lmay qoldi. «Shirin so`zingiz ko`chadagilarga-yu, achchig`i mengami?» desam baqiradi. «Sen bilan yaqinlik qilishimni o`zing so`ra mendan» deydi. Axir qanday qilib aytaman? Alam qilgani u bilan sevishib turmush qurganmiz. 

Yaqinda 7-sinfda o`qiydigan o`g`limni masturbasiya paytida ko`rib qoldim. Otasiga aytsam, parvoyiga keltirmadi. Faqat «O`g`lingga qarab qo`y» dedi, xolos. Jaxlim chiqib, o`g`limni rosa urishdim. 

Otasining qiliqlarini bolalar bilib qolishidan juda qo`rqaman. Lekin muammo tobora chuqurlashib ketayaptiki, nima qilishni bilmay qoldim. Maslahat bering, erimni noma`qul ishlardan qanday qaytaray? U bilan qanday muomala qilishni bilmayapman...»

Ismi sir tutildi.

Mushtariymizning murojaatini o`qib, mavzuga qay tomonlama yondashishni uzoq o`yladik. Garchi bu oilaviy muammo bo`lsa-da, er-xotin munosabatlari va nozik masalalar ham tilga olinganki, ularga ham echim topish talab etiladi. Balki xat bilan tanishgach, «Oila sirini ko`chaga olib chiqish to`g`rimi?» dersiz. Ammo bu «sir» ayolning elkasiga og`irlik qilayotgan yoki kuni kelib bolalarning boshi xam bo`lishiga sabab bo`lsa-chi? Shunda ham indamay, ichga yutish kerak deysizmi? 

Biz kimnidir oqlash yoki ayblash fikridan yiroqmiz. Mavzuga xolis yondashib, muammoga echim topish maqsadida seksopotolog Dilmurod ERGAShEVGA yuzlandik.

15 yil oldin nima bo`lgandi?

Hech bir muammo o`z-o`zidan yuzaga kelmaydi. Uning tag zamirida, albatta, biror voqea-hodisa yotadi. Maktubda tilga olinishicha, ayol so`nggi o`n besh yil davomida halovatini yo`qotgan. Demak, muammo kecha, undan avvalgi kun yoki bir necha oy ilgari paydo bo`lmagan. Xo`sh, 15 yil ichida nimalar sodir bo`ldi? Er-xotin munosabatlarida nimalar o`zgardi? Avvalo, mana shu savolga javob topish lozim. Oila muhabbat asosiga qurilgan ekan, turmushning baxtli pallasi ham bo`lgan. Ammo keyinchalik qandaydir holatlar sabab munosabatlar bugungi ko`rinishga kelgan. 

Erkakning xatti-harakatlaridan unda kompleks borligi sezilayapti. Ehtimol yoshlik chog`ida yoki uylanganidan so`ng nafsoniyatiga tegadigan qandaydir voqea bo`lgan-u, shuning ta`sirida o`ziga nisbatan ishonchi pasaygan. Balki rafiqasi tomonidan bir necha bor rad etilishi ruhiyatiga zarba bo`lgandir? Ha, biz erkaklarni kuchli jins vakili deb bilamiz. Ammo birgina so`z ularni ko`klarga ko`taradi yoki, aksincha, er bilan chilparchin qiladi.

Kompleks

46 yoshni qarshilagan erkak nima sababdan o`zini yosh yigit sifatida tanishtiradi? Chunki unda o`zidan qoniqmaslik, tashqaridan olayotgan muomalasiga ehtiyoj bor. Balki tashqi ko`rinishidan qoniqmas. Yoki erkaklik g`ururiga dahl qiluvchi holatlar yuzasidan ikkilanish mavjuddir. Nima bo`lganda ham muammo erkak ruhiyatida yashiringan. Va shu narsa unga tinchlik bermaydi. Mutaxassis ko`magi bilan uni qiynayotgan vaziyatni aniqlash mumkin. 

Chegaradan chiqqanmi yoki?

Seksologiyada muammoning chegaradan chiqqan va chegara doirasidagi ko`rinishlari bor. Birinchisi, mutaxassis nazoratida davolanishni talab qiladi. Ikkinchisi uchun esa kerakli tavsiya va yo`l-yo`riqlar bilan yondashish mumkin. Maktubdagi erkak muammosi esa yaqinlikka kirishish uchun stimul(rag`batlantirish)ni tashqaridan izlashidir. Tibbiy tilda aytganda erkakning aloqaga kirishishi uchun ma`lum stimul bo`lishi lozim. Bu organizm uchun normal holat. Kimdadir ko`rish, kimdadir eshitish orqali xohish uyg`onishi sodir bo`ladi. Agar erkakning mazkur talablari qondirilmasa, u tashqaridan yupanch izlashga tushadi. Virtual muloqot yordamida behayo so`zlarni aytish erkakdagi aynan shu muammo belgisidir.

Erkakning o`ziga nisbatan ishonchi past. Shunga ham maqtov va rag`batlardan ruhlanadi. Boshqalardan eshitgan erkalovchi so`zlar uning erkaklik g`ururini oshiradi, biroq rafiqasiga nisbatan salbiy munosabat paydo bo`lishiga olib kelishi mumkin. Virtual muloqot yordamida uyg`ongan xohishni esa jufti bilan yakunlashi mumkin. Biroq bu jarayonda hech qanday hislar bo`lmaydi. 

Tanishuvdagi «tanish»lar kim?

Ijtimoiy tarmoqlar yoki tanishuv saytlaridagi qizlar-chi, nahot ularda or-nomus yo`q dersiz? Keling, hissiyotlarga berilmay, bafurja gaplashamiz. «Qahramon»imiz o`zini yosh yigit deb tanishtirgan bir paytda, «qiz»larning yoshi aslidagidek deysizmi? Kim biladi, balki ular ham shu erkak qatoriyu, hayoni yuzidan sidirib tashlaganlardandir. Kim biladi, deysiz?! Ammo erkakni endi yo`lga solish mumkinmikan?? 

Echim:

Er-xotin o`rtasidagi munosabatlarda garmoniyaning yo`qligi ularni bir-biridan uzoqlashtirgan. Gormoniya esa bir-birini tushunish, tinglash va xohish-istaklarini o`rganish bilan vujudga keladi. Agar ayol juftini o`zidan itarsa, uning dunyoqarashi, fikrlashini noto`g`ri bilib, o`z bilganidan qolmasa yoxud erkak talablarini to`g`ri etkaza olmay rafiqasini xo`rlasa, garmoniya paydo bo`lmaydi. Avvalgi, bor munosabatlar ham asta-sekinlik bilan nurab boraveradi. Xo`sh, maktub egasiga nima deymiz? Tibbiy tomondan ayolga ruhshunos va seksopatolog maslahati kerak. Juftini bu ishlardan qaytarish uchun o`zini qo`lga olishi, uni turmushining dastlabki yillaridagi qiyofada ko`rishga harakat qilishi, munosabatlarni yaxshilashga urinishi lozim. Erkakchi, u bilganini qilaveradimi, dersiz? Yo`q! U ham o`zgaradi. Qachonki o`ziga nisbatan munosabat o`zgarganini ko`rsa! Qachonki jufti unga ishonayotgani, talpinayotgani va tushunayotganini sezsa! 

O`g`il masalasi...

Masturbasiya jinsiy etilish davrini boshidan kechirayotgan o`spirinlar uchun normal holat. Hatto, farzandingizni bu holatda ko`rib qolsangiz ham o`zingizni nazorat qiling. Aslo, dakki bermang. Ota, o`g`liga sodir bo`lgan jarayonni sodda tilda tushuntirib, gigiena qoidalariga rioya etishni o`rgatsin. Bu ishga onalarning aralashmagani ma`qul. Chunki ular bilib-bilmay turli gaplarni aytishadi. «Yana shunday qilsang, uylanolmaysan. Bolang bo`lmaydi» kabi qo`rqitishlar bola ruhiyatini siquvga olib, keyinchalik turli muammolarga sabab bo`lishi mumkin. Organizmning me`yoriy jarayoni to`g`ri tushuntirilsa, hammasi yaxshi bo`ladi. 

Marjona tayyorladi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!