Samvel Babayan: Rejalarimiz o`zini oqladi

21:50, 11 oktabr

JCh-2018 turniriga saralashning uchinchi bosqichi doirasidagi O`zbekiston – Xitoy (2:0) uchrashuvidan so`ng tashkil etilgan matbuot anjumanida ishtirok etgan Samvel Babayan o`yin haqidagi fikrlari bilan o`rtoqlashdi.

“Hammani g`alaba bilan tabriklayman. Yaxshi o`yin o`tkazdik. Oldinga jiddiy qadam tashladik. Otabek Shukurovning goli? Bu o`ylangan kombinasiya edi. Hazil, albatta. Umuman olganda esa unga kerakli ko`rsatmalarni bergandik. Bu bizga muvaffaqiyat olib keldi”.

“Bugun hujumda ishlarimiz yurishdi. Biz Xitoyning tezkor qarshi hujumga o`tishi mumkinligini bilardik. Shuni hisobga olgan holda o`ynadik. Rejalarimiz o`zini oqladi. Standart vaziyatlardan foydalanish bo`yicha oqsayapmiz. Jarima va burchak zarbalari kutganimizdek samara bermayapti. Bugun to`p to`rt marta ustunga tegdi. Bu holatni nimadir deb izohlash qiyin”.

“Har bir o`yin bir-biridan farq qiladi. Raqib birinchi taymda zich o`ynadi. Ikkinchi taymda esa zona ochilgani hisobiga hujumga o`tdik. Futbolda faqat hujum qilib bo`lmaydi. Kerakli paytda himoyani ham ushlay bilish kerak”, — deb Samvel Babayan so`zlaridan iqtibos keltiradi O`FF matbuot xizmati.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!