Nonushtani nimadan boshlamagan ma`qul?

09:23, 12 oktabr

Tongni turli chipslar, qotgan non, «E» qo`shimchalariga to`la sun`iy taomlar bilan boshlashni dietologlar tavsiya etmaydi. Shuningdek, dudlangan mahsulotlar, konservalar, achchiq taomlardan ehtiyot bo`lish lozim. Yana bilasizmi, «tonggi» deb nom olgan ayrim mahsulotlar ham och qoringa zarar aslida.

 

Sovuq va gazlangan ichimliklar

Oddiy, ammo juda sovuq suv oshqozon va ichaklar shilliq qavati spazmini keltirib chiqarishi mumkin. Bu ularning yallig`lanishiga olib keladi. Natijada ovqat hazm qilishga qiynalasiz. Ertalab xona haroratidagi 1 stakan  suvni esa birdaniga ichib yubormasdan, 2 daqiqa davomida oz-ozdan ichish lozim.

 

Qahva

Ichimlik tarkibidagi kofein oshqozon shilliq qavatini «g`ashlantiradi». Agar sizni gastrit bezovta qilsa, vaziyat yanada yomonlashadi. Buning ustiga, qahvada safroni haydovchi moddalar bor. Safro yig`ilib turgan, taomdan holi o`n ikki barmoqli ichak o`zini o`zi hazm qilishga urinishni boshlaydi. Shuning uchun 1 finjon qahvani nonushtadan keyin ichishga odatlaning.

 

Pirojniylar, shirin bulochkalar

Och qoringa eyilgan shirinlik oshqozon osti bezini zo`riqib ishlashga majbur qiladi, qonda ko`p miqdorda insulin ajratadi. Qoningizda insulin miqdori qancha ko`p bo`lsa, shuncha ortiqcha vazn orttirasiz. Qondagi qand miqdorining keskin ortishi xuddi shunday keskin pasayishga sabab bo`ladi. Ya`ni siz ochlikni bir-ikki soatdan so`ng yana his qila boshlaysiz.  Aytgancha, xamirturishli pishiriqlar  (ayniqsa, issig`i) ichaklarda gaz hosil bo`lishini ta`minlaydi. Yaxshisi, shirin pishiriqlarni sutli bo`tqa yoki quymoqdan so`ng iste`mol qiling.

 

Yogurt, qatiq, kefir

Hayronmisiz? Aslini olganda, nordon sut mahsulotlari och qoringa zararli emas. Faqat ular tarkibidagi foydali bakteriyalar och oshqozonga tushib, tez nobud bo`ladi. Shu sababdan dietologlar bu mahsulotlarni nonushtadan bir-bir yarim yarim soat o`tib ichishni tavsiya qilishadi.

 

Mevalar

Rezavor mevalarning mayda donachalari bo`m-bo`sh shilliq qavatni jarohatlashi mumkin. Ba`zi mevalar (nok va xurmo)ning po`sti ham xuddi shu «vazifa»ni bajaradi. Uzum och qoringa eyilganda, dam yig`ilishiga sabab bo`ladi. Demak, mevalarni oshqozon boshqa mahsulotlardan iborat  nonushtadan ancha xotirjam bo`lib olganda iste`mol qilish mumkin. Masalan, mevalar va tvorog ikkinchi nonushta uchun eng zo`r juftlik!

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!