«Qaynsinglim tufayli oilamiz notinch»

09:55, 12 oktabr

Ikki yil avval turmushga chiqdim. Erim bilan munosabatlarimiz yaxshi. Ayniqsa, farzandli bo`lganimizdan keyin bir-birimizni yaxshiroq tushuna boshladik. Ammo shu kunlarda o`zim tengi qaynsinglim o`zgarib qoldi. Qo`lini sovuq suvga urmasa-da, men qilgan ishlarning aybini topishga usta. Janjal chiqmasin deb, aytganlarini indamay qilaman. Biroq men yumushlarimni bajarayotgan vaqtimda qaynonamning o`g`limni o`ynatib o`tirgani ham qaynsinglimga malol keladi. To`g`ri, qaynonam men tomon bo`lib, «Ishlarini qilib olguncha qarab tursam, nabiramni suyib kiyimchalarini yuvsam, yuvibman-da, sen aralashma», deganida onasini ham qattiq koyib berdi. Avvallari ikkimiz qalin dugona, sirdosh edik. Nima sababdan o`zgarib qolganiga sira tushunolmayapman. Yaqinda fotihasi bo`ldi, bir oydan keyin to`y. Nahotki, ketish oldidan barchaning dilini xufton qilish shart bo`lsa?

Zuhro, 24 yosh, Farg`ona viloyati.

Qaynonajon: — To`y tashvishlari bilan yurgan qizga ikki gap ko`p, bir gap kam hozir. Shuning uchun chiroyli muomalangizni qilavering. Qaynisinglingizga yanga emas, o`z opasidek mehr-oqibat ko`rsating. Sepida kamchilik sezsangiz, xo`jayninngiz va qaynonangiz bilan bamaslahat to`ldirishga harakat qiling. Bilasiz-ku, ayrim ayollarni shunday yo`l bilan ham ko`nglini olish mumkin. Qolaversa, kelinlikda qilingan yaxshilik va xadyalarni ayol kishi bir umr ardoqlab, eslab yuradi. Ha, qizim, yanga, kelinoyi bo`lish osonmas. Har gapni eringizga aytib, et va tirnoqni ayirib qo`ymang. Aqlli, dono va har bir ishni tadbirini biladigan zukko oila bekasi bo`ling. 

Gulnora MUXTOROVA, ruhshunos:  — Singlim, siz o`zingizni dunyodagi eng baxtli kelinlar qatoriga qo`shsangiz bo`ladi. Mehribon turmush o`rtoq, samimiy qaynonangiz bor. Qaynsinglingizni esa aslo oilangizga rahna solishga urinayotgan inson deb qabul qilmang. Chunki u erta-indin ota hovlisidan uchirma bo`ladigan qiz. O`ylashimcha, qaynsnglingiz biroz erkaroq bo`lib, avvalgidek onasining mehriga qona olmayotganidan o`zini shunday tutayotgan bo`lishi mumkin. Chunki endi bor e`tiboru mehr sizning farzandingizga qaratilganda. Bunday vaziyatda sizdan talab qilinadigan yagona narsa qaynonangiz va eringizning ko`nglini qoldirmaslikdir. Buning uchun esa har qanday vaziyatda ham qaynsinglingizni ularga yomonlay ko`rmang.

Saodat OChILOVA yozib oldi.

 

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!