Islom Karimovga Saudiya qiroli tomonidan berilgan Ka`ba yopinchig`i Tatyana Karimova tomonidan “Minor” masjidiga hadya qilindi(Foto)

14:15, 12 oktabr

O`zbekiston Respublikasining birinchi Prezidenti Islom Karimovning turmush o`rtog`i Tatyana Karimova va qizlari Lola Karimova 2016 yil 10 oktyabr kuni Toshkent shahrida qad rostlagan “Minor” jome masjidini ziyorat qilish maqsadida tashrif buyurdi. Bu haqda O`zbekiston musulmonlari idorasining Toshkent shahar vakilligi sayti ma`lum qildi.

Ushbu masjid  respublikamizning birinchi Prezidenti Islom Karimovning bevosita tavsiyalari va tashabbuslari bilan 2013 yil 29 iyulda Toshkent shahrining Minor mahallasi hududida bunyod etilgan. 

O`zbekiston Respublikasining birinchi Prezidenti Islom Karimovning turmush o`rtog`i Tatyana Karimova va qizlari Lola Karimovalarni O`zbekiston musulmonlari idorasi Toshkent shahar bosh imom-xatibi Anvar qori Tursunov, Toshkent shahar vakilligi xodimlari va masjid jamoasi kutib olishdi. Ziyoratchilar dastavval masjidga o`zgacha ko`rk bag`ishlab turgan favvora va hududda olib borilgan obodonlashtirish ishlari bilan tanishtirildi. 

Shuningdek, masjidning ichki hovlisi, O`zbekiston musulmonlari idorasi  Toshkent shahar vakilligi ma`muriyati xonasi va masjid xonoqoxini ziyorat qildi.

Toshkent shahar bosh imom-xatibi Anvar qori Tursunov masjidning qurilish tarixi, masjid sig`imi, yurtimizning turli viloyatlaridan kelayotgan ziyoratchilarning yurtimiz va yaqinda vafot etgan yurtboshimiz haqlariga qilayotgan duolarini aytib o`tdi. 

Anvar qoriTursunov masjidning qurilishi O`zbekiston Respublikasining birinchi Prizidenti Islom Karimovning tashabuslari bilan chiroyli va ko`rkam holga keltirilganligini, ushbu qilingan barcha ishlar tahsinga sazovor ekanligini ta`kidlab o`tdi.

Tatyana Karimova va qizlari Lola Karimovalar “Minor” masjidiga qilgan ziyoratlaridan mamnun bo`lganliklarini bildirib, birinchi Prezidentimizning 1992 yil Umra safarida Saudiya Arabistoni qiroli tomonidan hadya qilingan kisvani masjid jamoasiga hadya qilishdi. Ushbu kabapo`shning qadri yana shu bilan balandki, ushbu kisva bir yil davomida Kabayi Muazzama ichida saqlanganligidadir.

Ziyorat so`ngida O`zbekiston Respublikasining birinchi Prezidenti Islom Karimovning haqlariga Qur`on tilovat qilinib, ruhi poklariga bag`ishlandi. Shuningdek, ziyoratchilarga “Minor” masjidi nomidan esdalik sovg`alar topshirildi.












Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!