Markaziy saylov komissiyasida EXHT Ehtiyojlarni baholash missiyasi ekspertlari bilan uchrashuv bo`lib o`tdi

14:40, 12 oktabr

O`zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasida EXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo`yicha byurosi saylov departamenti rahbari Aleksandr Shlik boshchiligida mamlakatimizga tashrif buyurgan Ehtiyojlarni baholash missiyasi (EBM) ekspertlari bilan uchrashuv bo`lib o`tdi. 

Markaziy saylov komissiyasi raisi M.Abdusalomov ekspertlarga O`zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko`rish va uni o`tkazish bo`yicha asosiy tadbirlar dasturini amalga oshirish bo`yicha Markaziy hamda okrug saylov komissiyalari tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar xususida ma`lumot berdi. 

O`zbekistonda Prezident sayloviga tayyorgarlik ko`rish hamda o`tkazish ochiqlik va oshkoralik tamoyillari asosida amalga oshirilmoqda. Saylov kampaniyasi bilan bog`liq barcha materiallar Markaziy saylov komissiyasi saytiga joylashtirilmoqda. O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini yoritish bo`yicha Respublika matbuot markazi hamda okrug saylov komissiyalari matbuot markazlari faoliyat ko`rsatmoqda. Markaziy saylov komissiyasi yig`ilishlari onlayn shaklda o`tkazilmoqda. 

EBM ekspertlarining fikricha, Markaziy saylov komissiyasi tomonidan bo`lajak saylovlarni kuzatish yuzasidan EXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo`yicha byurosiga taklifnomaning o`z vaqtida yuborilgani xalqaro saylov standartlari talablariga to`la mos keladi. 

Markaziy saylov komissiyasi fuqarolarning saylov huquqlari kafolatlarini ta`minlashga qaratilgan huquqni qo`llash amaliyotini izchillik bilan takomillashtirmoqda. Bunda xalqaro kuzatuvchilar, xususan, EXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo`yicha byurosining o`tgan saylovlardagi kuzatuvlari natijalari bo`yicha tavsiyalari inobatga olinmoqda. 

EXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo`yicha byurosi saylov qonunchiligiga kiritilgan so`nggi o`zgartishlar, jumladan, siyosiy partiyalar tomonidan ko`rsatilgan O`zbekiston Respublikasi Prezidenti nomzodini qo`llab-quvvatlash uchun saylovchilarning zarur imzolari 5 foizdan 1 foizga kamaytirilganini ijobiy baholadi. 

EXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo`yicha byurosining Ehtiyojlarni baholash missiyasi ekspertlari Markaziy saylov komissiyasi tomonidan okrug saylov komissiyalari vakillari uchun o`tkazilgan onlayn seminar-treninglarga ham yuqori baho berdi. 

Uchrashuvda EXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo`yicha byurosining Ehtiyojlarni baholash missiyasi ekspertlari faoliyatini samarali tashkil etish, ikki tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlashga oid masalalar yuzasidan o`zaro fikr almashildi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!