Qizlaridan voz kechgan ota

15:11, 12 oktabr

Yurak ostidagi kichik qalb bilan birga xuddi shunday kichik umid tug`ildi. Shubha sekin asta ortga chekindi...

Qo`shnisi olma tuzlardi. Hozir shuni yodga oldi yu, og`zida shirin tamshanish his etdi. Ammo istagini chuqurroq yashirdi. «Homilador istagan narsasini emasa, bolaning qo`log`i kemtik tug`ilarmish degan gap ayollarning o`zi o`ylab topgan makr bo`lsa kerak», — miyig`ida kulib qo`ydi u.

Qo`shni xolaning shikoyatini eshitdi. «Kelinim ilon egisi kelibdi. Boshqorong`ilar ajoyib bo`lib qolishdi. «Shunday ushlasam u, g`ajib eb tashlasam», deydi nuqul. Nima qilsam ekan, deb o`yladim da, keyin hasip pishirib, un idishning ichiga solib qo`ydim. So`ngra kelinga «Boring omborxonadan un olib keling, xamir qoramiz», dedim. Bir payt kelin xursand bo`lib qaytdi, hasipni topib, ilon deb o`ylab, eb qo`yibdi. O`shandan beri ko`ngli joyiga tushdi».

Matlubaning ichi sirqirab ketdi. Yangi kelinligida boshqorong`i bo`lganini eshitgan eri va qaynonasi uni qo`yishga joy topisholmasdi. Istaganini muhayyo qilishar, og`zidan chiqqanini topib kelishardi. «Sen o`g`il tug`asan» derdi uning chiroyli homiladorligini ko`rganlar. Qizi tug`ilganda, erining hafsalasi biroz pir bo`ldi. Matluba esa… qiynalardi, shunday eriga o`g`il tug`ib bermagani uchun.

Ikkinchi marta homilador bo`lganida, o`g`il tug`ish uchun kim nima maslahat bersa, barchasiga amal qildi. Amal boshqa, taqdir boshqa ekan.

Uchinchisi ham qiz tug`ilganda erining fig`oni falakka chiqdi. Avval «ayajonisi» bo`lgan Matluba, endi «Matlu! Qaysi go`rdasan»ga aylandi. Ba`zan o`zi ham hayotda yashayaptimi yoki jahannamdami, farqiga bormas darajaga etdi. Go`yo onasi uni azob uchun tuqqan edi. 

Mana yana bir umid, yana bir to`qqiz oylik intizor kutish...

Qorni do`ppayganga qadar homilador ekanini hammadan berkitdi. Xuddi ko`z tegishidan qo`rqqan ohuday, kechalari Xudoga nola qilib eri uchun lochin o`g`il tiladi.

«Holva ekan, qoqindiq, kutganingiz nima edi?» — chaqaloq yig`isi aralash kelgan ovoz orzularini chil chil qildi. Eri, hatto, bir bor kelib so`ramadi ham, tug`ruqxonadan armonga aylangan orzulari ustidan yolg`iz o`zi qadam tashlab chiqdi.

Salom, yolg`izlik!.. Birin ketin tug`ilgan to`rt qiz bir birini sochini tortib, qiqiqirlashib o`sishardi. Matluba ularga tikilar ekan, kechqurungi sovuq to`shak ham, kunlarni tunlarga ulagan jiyak, kashtalari ham barchasi yodidan chiqardi.

Yaqinda qulog`iga chalindi. Eri o`z orzusiga etibdi. Mana, endi uning lochin o`g`li bor. Qizlarining ukasi bor. «Bir bora bo`lsa ham kelib ko`rmadi ya shu Mehrini...» — ichi zil ketdi Matlubaning.

Umr o`tadi, dardlar sekin asta unut bo`lib, ularning o`rnini quvonch nihollari egallaydi. Meva bera boshlagan yosh daraxtlarni ko`rganda qalb xursandlikdan yorilay, deydi yu, «O`sha kunlar bo`lmaganda, bu kunlarning qadri shunday shirin bo`larmidi?» degan fikr o`tadi xayoldan.

To`yning shirin g`ala g`ovuri. Matlubaning uyida yana bir xavotirli kutish, «Kelarmikin? Taklifnomani qo`liga berdingmi, Murod?» deb so`raydi u ukasidan. «Opa, nima muncha kutdingiz a? Kelmasa kelmas! Qo`liga berdim, aytdim ham. Agar sizning iltimosingiz bo`lmaganda, shu odamni yuziga ham qaramasdim. Biz bormiz ku yoningizda. Bitta tog`a ettita otaning o`rnini bosadi. Qizingizning bir emas, uchta tog`asi bor. Xavotir olavermang”.

«Dadangning oyog`ini o`pib, ostonadan uning duosi bilan ketish nasib etmabdi senga, qizim. Kechir meni...» — deydi Matlubaning ko`z yoshlari. Harir libosda, yuzida nazokat, qizlik malohati barq urib turgan qizining yuzlaridan o`parkan, uning ko`z yoshlari bilan qorishib, «Onajon, yig`lamang...» so`zlari dardlarini ortga chekintiradi.

«Ha, mana endi qizlardan ham tinchidingiz, egachi. Bemalol oyoq uzatib o`tirsangiz ham bo`ladi. Shu Mehringiz biram chiroyli kelin bo`ldi ey», deydi qo`shnisi.

Bir biriga mehr bilan qaragan qizi va kuyovini har tong ishga kuzatar ekan, «Xudo nazardan saqlasin!» deya tuf tuflaydi Matluba.

Darvoza taqqiladi. «Hozir», deya eshikka yo`naldi ayol. 

Qarshisida yuzlari ko`karib, momataloq bo`lgan qari kishi turardi. «Gadoymikin?» — o`yladi Matluba. Gadoy desa, kiyimlari tuppa tuzuk.

— Matlu... — tanish ovoz, qalbining burchak burchagida tirilib qaytgan uzun yillar xotirasi.

— Mansur aka?

— Uyga kirishga izn berasanmi? 

Ayol asta chekindi. Mansur hovliga kirdi, atrofga qaradi.

— Qizlaring yo`qmi? — xuddi yillar o`tmagandek so`radi Mansur. 

— ...

— Menga bunday qarama, Matlu... Bilaman, ularning endi o`z uylari bor. Ko`chaning narigi tarafida ancha kuzatdim. Kuyov bilan qizing ketgandan keyin darvozani taqqilatdim. «Bu kim?» degan savolni o`z qizimdan eshitishni istamaganim uchun balki shunday qilgandirman. Bosh egib kelganim, aybimni tan olganimning belgisi. Meni haydama, xor bo`laman!

Darslarini tugatib, Mehri uyga qaytdi. Darvozaning ochiq turganini ko`rib hayron bo`ldi. «Qo`shni kirgan shekilli» — xayolidan kechdi uning. Hovliga kirarkan, chorpoyada o`tirgan notanish kishiga ko`zi tushdi. Kalovlanib, nima deyishni bilmay qoldi da, so`ngra:

— Assalomu alaykum, — dedi.

Notanish kishi unga uzoq va mungli qarab turdi, hatto Mehriga uning ko`zlari yoshga to`lganday tuyuldi.

— Vaalaykum assalom, qizim, – dedi.

Mehri nima qilarini bilmay oshxonaga o`tdi. Ichida onasiga dedi: «Oh, onam a, odam shunchalar ham rahmdil bo`ladimi?»

Oshxonada kuymanayotgan onasini ko`rdi.

— Oyi, anovi chorpayada o`tirgan kishi kim? – dedi eshikdan kirar kirmas.

Onasi qizini ko`rib shoshib qoldi. Shunda Mehri onasining yosh to`la ko`zlarini ko`rdi.

— U notanish kishi emas… sening otang…

Mehri otasi borligini bilar, ammo hech qachon onasidan «Otam qaerda?» deb so`ramagandi. Onasi opalari bilan uni qiynalib o`lg`aytirayotganini bilar, bir dardiga o`n dard qo`shishni istamasdi. Qo`ni qo`shnilardan otasining boshqa oilasi borligini ham eshitgandi.

Kechqurun bir dasturxon atrofida yig`ilishdi. Ammo gap gapga qovushmas, oraga noo`ng`ay sukunat cho`kardi. Birdan Mansur hamma irodasini yig`ib gap boshladi:

— O`g`il, o`g`il, deb seni qon qaqshatdim, Matlu. Xudo ham meni o`sha o`g`il bilan qon qaqshatdi.

Bu hovlining yangi a`zosiga aylangan kuyov qaynotasining gaplaridan xijolat chekar, o`rnidan turib ketishga esa istihola yo`l bermasdi. Mehri endi otasidan ko`zini uzmas, yuz ifodasidan uning hislarini bilish qiyin edi. Matluba erga qaragancha, qimir etmay o`tirardi.

— O`g`illi bo`ldim. O`nib o`sdi, o`lg`aydi. Biroz sayoqligi bor edi, uncha e`tibor qilmadim, o`g`il bola, deb oqladim. Adashgan ekanman, bir kun kelib qo`l ko`tardi, so`ngra esa kaltaklashni odat qilib oldi. Avvaliga «Nega bunday bo`ldi?» deb ko`p ko`yindim. Keyin sen aqlimga kelding, Matlu! Seni qon qaqshatganlarimni esladim, qizlarimni esladim. Kech bo`lsa da, esladim…

* * *

Mehri opa bizning maktabda ishlardi. Onasi Matluba aya ancha yil avval olamdan o`tgan, Mansur ota esa soqollari oppoq nuroniy va fayzli bobo bo`lib qolgandi. U kishini maktabdan qaytishimda kuzatishni yaxshi ko`rardim. Hali qo`lida tokqaychi, hali ketmon bilan ishdan bo`shamaydigan bu kishining biror marta gapirganini eslay olmayman. Har doim boshi egik, ko`zlari erga qarab turardi. Mansur boboning sokin chehrasiga qaraganim sari hech qachon jahli chiqmasa kerak, degan fikrga kelardim. U kishining hayotini hikoya qilib berishganda yaxshilik haqidagi xayollarim chilparchin bo`lganini his qilganman. Ammo beayb Parvardigor, deydilar.

Kavsar ASHOBOVA

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!