Noodatiy hikoya: Bir tola yog`du

15:41, 12 oktabr

Tong sahardan jiringlagan qo`ng`iroq Botirni shoshirib qo`ydi. Uyqusiragancha yostig`i tagidan telefonini olib qarayotganda sukunatni yorib, yana jaranglagan ovoz uyqusini butkul o`chirib yubordi. 

Yuragi hapqirib telefonini oldi: 

— Allo?..

— Botirjon... — onasining siniq ovozi oyog`ining uchigacha elektr toki o`tgandek ta`sir qildi, butun tanasi quloqqa aylandi.

— Oyi... tinchlikmi? — dedi salom berishni ham unutib.

Oyisi javob berish o`rniga hiqillab yig`lay boshladi.

— Oyi?! Nima bo`ldi? Nega yig`layapsiz? — yuragi yomon xabarni sezgan Botirning ovozi titrab ketdi.

— Opang... Opang og`irlashib qoldi... — onasi uvvos tortib yuborgach, oyog`i ostida er lopillab ketgandek bo`ldi. 

U ich-ichidan shoshilish kerakligini sezar, lekin nima qilishni bilmay u xonadan bu xonaga zir yugurardi. 

Keyin oshxona o`rtasida to`xtab, xayolini bir joyga yig`moqchidek boshini changalladi. Oshxona ivirsib yotar, yuvilmagan idishlar, tovada qotib qolgan makaron, bir stol bo`lib yoyilib yotgan ovqatu meva qoldiqlari ko`ziga balodek ko`rinib ketdi. Bir haftadan buyon arazlab onasinikida yurgan xotinini eslab, alamdan oyog`i tagidagi stulni qattiq tepdi. Shovqin bilan ag`anagan stul ikki aylanib, muzlatkichga urilib to`xtadi.

Og`rigan oyog`ini ushlab o`zini kresloga tashlagan Botir o`ziga o`zi gapirdi: “O`zingni qo`lga ol! Hozir vahimaning vaqti emas. Nafisa bilan keyin, alohida gaplashasan!”

Shundan so`ng u uyni gir aylanib kiyindi, goh kaliti, goh pulini olmagani esiga tushib, ostonadan ikki marta qaytishiga to`g`ri keldi.

Soat ertalabki to`rtligi uchun ko`chalar kimsasiz bo`lsa-da, mashinasini uchirib ketayotgan Botirga Toshkentdan Chirchiqqacha bo`lgan masofa bir umrga cho`zilgandek bo`ldi. 

“Opajon, men borguncha o`lib qolmang... jon opajon...” — u goh-gohida yo`lni ko`rishga xalaqit qilayotgan ko`z yoshlarini artib, tezlikni yanada oshirardi.

Masofa cho`zilganiga diqqati oshib turganda unga xayollari yordamga keldi...

Oilada katta farzand bo`lgan Nazira turmushidan yolchimadi. Botir esini tanibdiki, opasining goh ko`zi ko`karib, goh qo`li yoki qovurg`asi sinib yurardi. Yig`lab onasiga dard aytib o`tirganiga bir necha marta Botirning ko`zi tushgan. Opasiga ota uyiga arazlab kelish ham mumkin emasdi. Dadasi “Qizi eridan ajrashibdi degan gapni ko`tarmayman! Ajrashishni xayoliga ham keltirma, chidaysan!” deya cho`rtkesarlik bilan hukm o`qigani sabab yosh boladek sodda, beozor Nazira yig`lab-yig`lab, bolalarini etkalab yana qaytib ketardi. Botir opasiga juda achinar, ich-ichidan “Men hech qachon xotinimni urmayman”, deb o`ziga-o`zi ont ichardi. 

Botir ulg`aygach, pochchasi uning haybatidan biroz cho`chiydigan bo`ldi. U bor davralarda kekirdagini cho`zib gapirolmasdi. Botir o`qib, uylanib Toshkentda yashay boshlagach, pochcha yana qiliq chiqardi. Endi xotiniga qo`shib bolalarini ham kaltaklaydigan bo`ldi.

Botir oxirgi marta onasining tug`ilgan kuniga borganida opasining oyog`i gipslangan holda, qo`ltiqtayoqda kirib kelganini ko`rib, dunyo ko`ziga tor ko`rindi. O`shanda jahl ustida rulda o`tirgan pochchasiga tashlanganda ota-onasi zo`rg`a ajratib olishgan. Mushtumzo`r er esa mashinasini uchirib qochib qolgandi. 

Dadasi Botirni tinchlantirayotgan pallada onasi oshxonada turib qizini koyiyotgani qulog`iga chalingan. “Shu bugun kelmasang, nima bo`lardi? Ukangning fe`lini bilasan-ku!”. 

—  Botir ishdan chiqib kechroq kelsa kerak deb o`ylabman... — opasining aybdorona ovozi eshitildi. — U kelguncha tezda sizni tabriklab ketay degandim...

—  E-e... senlarning g`alvangdan kun ko`rmay o`lib ketarkanman-da,— dedi onasi g`udranib. 

—  Oyijon, kechiring, tug`ilgan kuningizda ko`nglingizni qop-qora qildim...

Botirning yuragi tuz sepgandek achishdi. Shu voqeagayam ikki oy bo`lipti. Bu orada Botir ota-onasidan bir necha marta opasining holini so`radi. Dadasi “Sen ularning oilasiga aralashma, o`zlari kelishib olishadi. Er-xotinning o`rtasiga esini egan tushadi. Hadeb opangnikiga boraverma, bilasan, pochchang seni yoqtirmaydi”, deb koyib berdi. 

O`n kun oldin Toshkentga mehmonga kelgan onasini kuzatayotib Botir “Opamga berib qo`ying, kami ko`stiga yaratar” deb pul uzatdi. Onasi labini tishlab “Opangning ko`rgan kuni qursin-a”, deb ko`ziga yosh oldi.

Onasi ketishi bilan xotini ming`irladi.

—  Topganingizni opangizga tiqishtirasiz...

Botir seskanib ketdi.

—  Senga etmayaptimi?

—  Etmayapti demadim-ku, shunchaki opangiz rahmdilligingizdan foydalanayotgandek tuyuladi menga...

Onasi bilan opasi haqida gaplashib, alami bo`g`ziga tiqilib turgan Botirni bu gap portlatdi. Shundoq ham kun ko`rmagan opasidan endi xotini ham ayb topayotgani unga qattiq alam qildi. 

—  Agar... — dedi u jahldan tutilib xotinining boshiga bostirib bordi. — Agar yana bir marta shunaqa desang, o`zingdan ko`r! 

Xotini uning vajohatidan qo`rqib, orqaga tisarildi.

—  Voy, men nima dedim?.. Men faqat pochchangizning topishi ham yomonmas-ku, namuncha opangizga pul beraverasiz, demoqchiydim...

Bir gapdan qolish o`rniga pochchasini tilga olgani Botirga battar alam qildi va beixtiyor xotiniga tarsaki tortib yubordi.

Umrida eridan kaltak emagan Nafisa alam ustida bolasini olib otasinikiga ketvordi. 

Mana, bir haftadan beri daragi yo`q. Botir ham jahl qilib qo`ng`irog`iga javob bermadi.  

“Qaysar! — g`ijindi Botir tishi orasidan. — Opamni yomonlaydi-ya! O`zi bir tarsaki eganiga chiday olmay tugunini tugib ketvordi. Opam sho`rlik... bir umr boshi kaltakdan chiqmadi-ya. Agar opamga bir gap bo`lsa, xotinimni kechirmayman. Keyin bir umr pushaymon esam ham mayli...”. Botir jahl ustida shunday qarorga keldi. 

Shu xayollar bilan Chirchiqqa kirib borgan Botir bozor oldidagi ko`chada mashinalar ko`pligini ko`rib, yuragi shuv etdi. Shoshib ota hovlisiga otilarkan, ayvonga etmasidan ichkaridan dodlagan ovoz eshitildi.

— Voy, qiz-i-i-i-m! Kun ko`rmagan qizi-i-i-m!

Botir o`n metrli ayvlonni ikki hatlab o`tdi. Karavotda halovatli jilmayib yotgan opasining yonida tiz cho`kib xo`ngrab yubordi...

Opasini qanday qilib ko`mib kelishdi, kimlar kelib-kimlar ketdi bilmaydi. Bir ikki marta singlisning eri “Aka, o`zingizni qo`lga oling, odamlar kelishyapti”, deb unga dalda bo`lishga urindi. Lekin Botir sira o`zini qo`lga ololmasdi.

Kun bo`yi onasining yoniga yaqinlasholmadi. Kech bo`lgach, karavotda jonsizdek cho`zilib yotgan onasining yoniga cho`k tushdi.

—  Onajon, nega menga vaqtliroq aytmadingiz, onajon?

—  Bolam, meni qiynama... afsus-nadomatdan ichim kuyib ketyapti... Opang jigari ezilganini bilardi... Senga aytsam, poch... anovi qon qusgurni o`ldirib qo`yarding, bolam... Opangning bolalari seni dadasining qotili deb bilishardi, sening o`g`ling dadam qotil derdi... Keyin bu tamg`ani qanday ko`tarardik? Nima qilay, bolam?.. 

—  Nima deb o`ylashsa o`ylayverishmaydimi?! Buning nima ahamiyati bor, axir opam shu ablahni deb o`ldi-ku... Men baribir uni topaman.

—  Xayriyat... 

—  N-nima xayriyat?!

—  Hech bo`lmasa, seni asrab qoldim-ku, bolam... U ablah qochib ketipti. Rossiyaga ketganmish. Lekin Xudoning jazosidan, mening qarg`ishimdan qutila olarmidi?! 

—  Eh, onajon, nimlar deyotganingizni o`zingiz tushunyapsizmi? Unday palid odamlarni Xudoga solib qo`ymasdan, shu dunyodayoq jazosini berish kerak. Nega opamni ajratib olmadinglar, nega?

Onasi og`ir xo`rsindi, onaizorning ichidan olov chiqqandek bo`ldi.

—  Dadasi, oyimni qiynamang...

Botir tanish ovozni eshitib sapchib tushdi.

—  S-sen bu erda nima qilyapsan? — o`qraydi xotiniga. — Opamning o`lganini eshitib, xursand bo`lgandirsan? Tomosha qilgani keldingmi?!

—  N-nimalar deyapsiz? — Nafisa rangi oqarib orqaga tisarila boshladi.

—  Bot-i-i-r, — onasi uni shashtidan qaytarish uchun ingradi.

—  Meni to`xtatmang, oyi, u opamni yomon ko`radi! Opam uchun urishib uydan ketib qolgan odam, endi kelib ma`rakasida xizmat qilib yuriptimi?

Botir chalg`iganidan foydalangan xotini shoshib xonadan chiqib ketdi.

—  O`tir... — buyurdi onasi shivirlab. — Pochcha... opangning nobakor eri yomon bo`lganiga hammani yomon deb o`ylama, bolam, hamma rishtalarni birdek uzib yashab bo`lmaydi. Kelin arazlab otasinikiga ketgani yo`q. U bir haftadan buyon biznikida, opaningning so`nggi kunida xizmatini qildi. Opang undan mingdan-ming rozi bo`lib ketdi...

—  N-nima?! — Botir hech nimani tushunmay xotinining izidan qaradi.

—  O`sha kuni o`ylamay gapirib yuborgan ekan. Ertasiga qaytib borsa, kaliti yo`q ekan, telefoniga javob bermaganingdan keyin to`g`ri biznikiga keldi. Shundan buyon shu erda...

Botir ikkilangan tuyg`ular orasida onasining qo`liga yuzini bosdi. Toshdek qotgan yuragiga ipdek ingichka nur og`riqli suqilib kirgandek bo`ldi... Bu nur onasi aytgan rishatligini tushunib, og`ir xo`rsindi. 

Dilfuza SOBIROVA

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!