67,8 ming donadan ortiq turli shakldagi behayo mazmundagi materiallarning noqonuniy olib kirilishiga chek qo`yildi

11:30, 13 oktabr

Bojxona chegaralari orqali jismoniy shaxslar tomonidan noutbuk, qo`l telefoni va boshqa axborot tashuvchi vositalarda behayolikni targ`ib etuvchi materiallarni olib o`tishga bo`lgan urinishlar tez-tez uchramoqda.

Respublikamiz bojxonachilari tomonidan bu turdagi bojxona qoidabuzarliklarining oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar davom ettirilmoqda.

Ta`kidlash joizki, joriy yilning o`tgan 9 oyi mobaynida respublikamiz bojxonachilari tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi idoralar vakillari bilan hamkorlikda aniqlangan 2200 dan ortiq bojxona qoidabuzarliklari natijasida 67,8 ming donadan ortiq turli shakldagi behayo mazmundagi materiallarning noqonuniy olib kirilishiga chek qo`yildi.

Eslatib o`tamiz, O`zbekiston Respublikasining Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksiga ko`ra, pornografik, shuningdek zo`ravonlikni yoki shafqatsizlikni targ`ib qiluvchi mahsulotni olib kirish, tarqatish, reklama qilish, namoyish etish fuqarolarga eng kam ish haqining 50 baravaridan 100 baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa 100 baravaridan 150 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo`ladi.

Shunday harakatlar ma`muriy jazo qo`llanilganidan keyin yana sodir etilsa, u holda aybdor shaxslar O`zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga muvofiq, eng kam oylik ish haqining 400 baravaridan 600 baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud olti oygacha qamoq bilan jazolanadi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!