“Erimning farrosh ayolga uylanishiga izn bergandim...”

11:40, 13 oktabr

— Bundan 26 yil avval sevishib, sinashib oila qurgandik. To`rt nafar farzandimiz bor. Shu yillar ichida boshimizdan turli qiyinchiliklar o`tdi... Xudo bizga davlat berdi, farzand berdi, turmushimiz shirin edi. Savobtalab turmush o`rtog`im bir farrosh ayolga ro`zg`orini butlashga yordamlashib yurardi.  Qarangki, u ayol pixini yorgan uddaburon chiqib, xo`jaynimning xolis yordamidan foydalanib qoldi. Bir kuni erim “Men unga uylanishga lafz qilib, va`da berganman. Qarshilik qilma”, dedi. Men ham uning so`zlarini to`g`ri qabul qildim, urush-janjalsiz gaplashdik. “Sha`ningiz erga urilishini istamayman, va`da bergan ekansiz, mayli, shar`iy nikoh o`qitib yashang, roziman”, dedim. Ammo erim 9 yildirki, o`sha ayolnikida yashaydi. O`g`illarim ulg`ayib “Onajon dadam bilan ajrashing, bunday yashab o`zingizni qiynamang”, deb aytishayapti. Yaqinda salomatligim yomonlashib, shifokorga uchrashgandim, turmush o`rtog`im bilan er-xotinlik munosabatlarimiz yaxshi emasligi uchun xastalikka chalinganimni aytishdi. Farzandlarimning otasiga “Bir oyda bir marta uyga keling” desam, “Sabr qiling” degan javobni eshitaman. Tashqaridan qaraganda, juda baxtli ko`rinsam-da, o`zimdan o`tganini o`zim bilib turibman. Shu paytgacha erimning ko`ziga tik qaramadim, bariga sabr qilib keldim. Xo`jayinimni oilaga qaytarishni istayman. Nima qilay?

Zulfiya, 45 yosh, Namangan viloyati.

Qaynonajon: — Er-xotin o`rtasidagi munosabatlarda o`ziga xos hayo pardasi mavjud, jon qizim. Bu elu yurt ko`z o`ngida muhokama qilinadigan masala emas, nazarimda. Agar g`o`r, hali oila nima, turmush nima tushunmaydigan yigit-qizlar bo`lganingizda ham mayli edi. Ikkingiz ham hayotda o`z o`rnini topgan, to`rt bolani o`stirib tarbiya qilayotgan kap-katta odamsiz. Ishonamanki, ikkingiz bu maslani hal etishga qodirsiz. Sizga ayol sifatidagi maslahatim esa uyda o`tirib qolmang, biror ish bilan mashg`ul bo`ling. Sharoitingiz ko`tarar ekan, tashqi ko`rinishingizga e`tibor qarating, axir 45 yosh hayotning yangi pallasi boshlandi degani. Yaqin orada o`g`il uylantirib, quda-anda qilasiz, bu muammolaringizni ortga tashlab, yangi hayot boshlashga harakat qiling.      

Shahnoza Xalilova, ruhshunos: — Kundoshlikka rozilik bildirgan kuningizdanoq eringizni boshqa ayolga qo`sh-qo`llab topshirib qo`ygansiz. Axir xotinining “oq fotiha”sini olgan hech bir erkakning bu ishdan vijdoni qiynalmaydi. Boshini baland qilib, ko`kragini kerib yuraveradi. Siz esa bariga sabr qilib, uni qaytarishga umid qilib umringizni o`tkazayapsiz. Bilsangiz, eringizni ortga qaytarishning yo`llari bisyor. Faqat buning uchun shu yo`llar davomida u sizga etkazgan ruhiy ozorlarni davolash, o`zingizga nisbatan ishonchingizni qayta tiklash lozim. Ana shundan keyingina turmush o`rtog`ingizni qaytarish usullari haqida bosh qotirsangiz bo`ladi. Agar eringiz siz va farzandlaringizni ta`minlab qo`ygan ekan, maslahatim, qalbingizdagi og`riqlarni chiqarib yuborish ustida ishlang.

Saodat OChILOVA yozib oldi. 

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!