Hidoyat sari. Beshikdan to qabrgacha ilm izlang!

15:58, 13 oktabr

Rivoyat qilinishicha, imom Buxoriy (rahmatullohi alayh) xazratlari Makkai Mukarramada ta`lim berayotgan chog`da bir ziyoratchi Buxoroi Sharifdagi ustozlardan salom va maktub keltiradi. Bu xabarni eshitgan Imom Buxoriy (r.a.) Buxoroi Sharif tomonga yuzlanib, salomiga alik olganlaricha hurmat bajo keltiradilar, so`ngra maktubni ikki qo`llab olib, tabarruk qilib, ehtirom bilan xatni o`qigan ekanlar.

Haq yo`lida kim sanga...
Ha, ustoz misli yonib turgan shamga qiyos. O`zi yonib, atrofga nuru ziyo sochadi. Boshqalar ana shu nurdan bahramand bo`ladi. Shu sabab, har bir inson yoshidan, mavqeidan, darajasidan qat`iy nazar, saboq bergan ustoz-murabbiyi oldida mudom ta`zimda. Hazrat Navoiy aytganlaridek, Haq yo`lida bizga ming ranju qiyinchilik bilan saboq bergan muallimlarning mashaqqatli mehnatlari haqini hech bir boylik yoki xazina  bilan o`lchab bo`lmaydi. 

Aytish kerakki, mamlakatimiz rahbari farmoni bilan 1997 yildan buyon 1 oktyabrning “O`qituvchi va murabbiylar kuni” sifatida keng nishonlanayotgani millatimizning ustoz-murabbiylarga bo`lgan hurmat-ehtiromining amaldagi yorqin ifodasi bo`ldi, desak mubolag`a bo`lmaydi. 

Davlatimiz rahbari ustoz murabbiylarga ta`rif berib, “Agarki, dunyo imoratlari ichida eng ulug`i maktab bo`lsa, kasblar ichida eng sharaflisi o`qituvchilik va murabbiylikdir. Chindan ham o`qituvchi nainki, sinf xonasiga fayz va ziyo olib kiradigan, balki, ming-minglab murg`ak qalblarga ezgulik yog`dusini baxsh etadigan, o`z o`quvchilariga haqiqatdan ham hayot maktabini beradigan mo``tabar zotdir”, degan edi. 

Ilm ahli izzatga loyiq
Muqaddas dinimizda ilm-ma`rifatli kishilarning maqomu martabalari Alloh tomonidan yuksaklarga ko`tarib qo`yilishi haqida shunday marhamat qilinadi: “Sizlardan iymon keltirgan va ilm ato etilgan kimsalarni Alloh baland darajalarga ko`tarur”, dedi” (Mujodila surasi).

Qator hadisi shariflarda muallimlarning hurmatini joyiga qo`yish, ularga nisbatan tavoze`li bo`lishga chaqiriladi. Jumladan,   

Rasulullloh sollallohu alayhi va sallam marhamat qilib, dedilar: “Ilm o`rganing, ilm uchun sakinat va viqorni  ham o`rganing. Va sizlarga ilm o`rgatayotganlarga tavoze` bilan o`zingizni past tuting!” (Imom Tabaroniy “al-Avsat”da rivoyat qilgan). 

Muallimga kibr qilish, uni mensimaslik tuban xulq hamda nifoq alomatlaridan hisoblanadi. Imom Tabaroniy “al-Kabir”da rivoyat qilgan hadisi sharifda bunday deyiladi: “uch toifa inson borki, ularni faqat munofiqgina xorlaydi: Islomda mo`ysafid bo`lgan qariya, ilm sohibi va odil rahbar”. 

Bu kunlarga etganlar bor...
Ustoz va muallimga o`zni past tutib, xokisor bo`lish najot eshigi, ilm tahsil qilishning asosiy omillaridan biri hisoblanadi. Dinimiz shunga buyuradi, shunga o`rgatadi. Bu ustozlarning shogirdlari ustidagi haqlaridandir. 

Ulamolar aytadilarki, ustoz va muallimlar faqat jaholat hukmron bo`lgan  zamon va makondagina ehtirom qilinmasligi mumkin. Chunki, Nabiy alayhissalom olimlar hurmat qilinmaydigan zamonda yashashdan, shunday bir zamonga rizqlari qo`shilgan bo`lishidan Allohga sig`ingan ekanlar. 

Payg`ambar alayhissalom panoh so`ragan zamon esa eng mash`um va mal`un zamon bo`lishi shubhasizdir. Sahobalardan Sahl ibn Sa`d as-So`idiy (raziyallohu anhu) rivoyat qilishiga ko`ra Rasululloh sollallohu alayhi va sallam Allohga iltijo qilib: “Ey Alloh, alim (bilimdon)ga ergashilmaydigan, halim (oqil)dan esa hayo qilinmaydigan bir zamon ustimga kelib qolmasin!”, deya olim va muallimlar hurmat qilinmaydigan zamonda hayot kechirishdan panoh so`rar edilar (Imom Ahmad rivoyati). 

Biz esa, ilm ahli, ustoz va murabbiylarga  hamisha ehtirom va e`zoz ko`rsatiladigan zamonda yashayotganimiz uchun har qancha shukronlar qilsak arziydi.          

Odilxon qori Yunusxon o`g`li,
Shayhontohur tumani bosh imom xatibi

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!