Markaziy saylov komissiyasida saylovga tayyorgarlik ko`rish bilan bog`liq masalalar ko`rildi

17:03, 13 oktabr

2016 yilning 13 oktyabr kuni O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini yoritish bo`yicha Respublika matbuot markazida Markaziy saylov komissiyasining majlisi bo`lib o`tdi. Uni Komissiya raisi M. Abdusalomov boshqardi.

Videokonserensaloqa shaklida o`tgan majlisda O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o`tkazuvchi okrug saylov komissiyalari a`zolari, saylovda ishtirok etayotgan siyosiy partiyalar va ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashdi.

Majlisda saylovga tayyorgarlik ko`rish bilan bog`liq masalalar ko`rib chiqildi. Komissiya a`zolari O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o`tkazuvchi uchastka saylov komissiyalari faoliyatini samarali tashkil qilish masalalariga bag`ishlangan tadbirlar rejasini muhokama qildi.

Qayd etilganidek, saylovga tayyorgarlik ko`rish va uni yuqori tashkiliy saviyada o`tkazishda uchastka saylov komissiyalari zimmasiga katta mas`uliyat yuklanadi. Shu bois Markaziy saylov komissiyasi, okrug saylov komissiyalari va Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil instituti tomonidan saylov komissiyalari a`zolarining huquqiy bilimlarini yanada yuksaltirish hamda ularning saylov komissiyalari faoliyatini samarali tashkil qilish bo`yicha ko`nikmalarini mustahkamlashga yo`naltirilgan seminar-treninglar tashkil etish rejalashtirilmoqda.

Tadbirlar respublika onlayn seminar-treningi, shuningdek, uchastka saylov komissiyalari a`zolari ishtirokida hududiy seminar-treninglar shaklida o`tkazilishi mo`ljallangan. Bunda uchastka saylov komissiyalari faoliyatining tashkiliy-huquqiy asoslari, saylov uchastkalarini jihozlash, saylovchilar ro`yxatini tuzish va unga o`zgartishlar kiritish, muddatidan oldin ovoz berishni hamda saylov kuni ovoz berishni tashkil qilish, kuzatuvchilar instituti ahamiyati, ommaviy axborot vositalarining saylov jarayoni ochiqligi va oshkoraligini ta`minlashdagi roli singari muhim jihatlarga alohida e`tibor qaratiladi.

Majlisda Markaziy saylov komissiyasi vakolatlariga taalluqli boshqa masalalar ham muhokama qilindi. Ko`rib chiqilgan barcha masalalar bo`yicha Markaziy saylov komissiyasining tegishli qarorlari  qabul qilindi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!