Yuz parvarishining 7+1 qoidasi

10:05, 14 oktabr

Sir emaski, fasl va ob-havoning o`zgarishi yuz terisiga  jiddiy ta`sir ko`rsatadi. Shu bois ham aynan kuzning birinchi salqin haftalaridanoq, mavsumiy parvarish choralarini ko`rgan ma`qul. Demak, yon daftaringizni hozirlab, foydali tavsiyalarimizni yozib oling!

1. Himoyalaymiz!

Kuz mavsumining asosiy muammolaridan biri — issiq-sovuq ob-havo ta`sirida yuz terisining quruqshab borishidir. Buning oldini olish uchun mana bu reseptni sinab ko`ring: 5-6 dona qizg`ish uzum donasini siqib, sharbatini ajrating. So`ng 1 choy qoshiq zaytun yog`i va shuncha miqdordagi unni aralashtirib, bo`tqa tayyorlang. Mazkur niqob yuzga surtilganida uzumdagi mikroelementlar terini oziqlantirsa, un va yog` quruqlashgan teri qatlamini yumshatadi. Niqobni 15 daqiqadan so`ng iliq suvda chayishni unutmang.

 

2. Parvarishlaymiz!

E`tibor bergan bo`lsangiz, kuzning salqin havosida yuz terisi kataklari tez kirlanishga moyil bo`ladi. Buning oldini olishda esa quyidagi usulni tavsiya etamiz: 1 osh qoshiq xamirturushni 1 osh qoshiq 3 foizli perekis eritmasi bilan aralashtirib, yuzni engil arting. So`ng iliq suvda chaying. Yoki mavsumiy poliz ekinlaridan biri bo`lmish qovunning bir tilimini qirg`ichdan o`tkazib, 1 choy  qoshiq zaytun yog`i va shuncha miqdordagi un bilan aralashtirib, yuz kataklarini tozalash mumkin. Bu muolajalarni haftada bir marta bajarish, kifoya.

 

3. Niqoblar tayyorlaymiz!

Quruq yuz terisi uchun  – 1 choy qoshiq maydalangan achchiq bodomni 1 osh qoshiq qaymoq yoki sut bilan aralashtirib, yuzingizga surting. 15 daqiqadan keyin iliq suvda chaying. Bu niqob yuzdagi ajinlarni yozadi va qon aylanishini yaxshilaydi.

Yog`li yuz terisi uchun – 1 osh qoshiq maydalangan yasmiq doni  (chechevisa) ni ozroq qaynagan suvga solib, bo`tqa tayyorlang. Niqobni iliqligida yuzga surtsangiz, teridagi yog` qavatlarini me`yorlashtirib, ortiqcha yog`lanishdan himoyalaydi. 15 daqiqadan so`ng iliq suvda chayiladi.

Normal yuz  terisi uchun – bir dona tuxum sarig`ini  atalab, namlangan yuz terisiga yupqa qilib surting. 15 daqiqadan so`ng iliq suvda chaying. Tuxum  tarkibidagi foydali vitaminlar yuz terisini  kerakli ozuqa bilan ta`minlaydi.

 

4. Krem tanlaymiz!

Sovuq mavsum boshlanishi bilan yuz terisining turiga ko`ra, parvarishlovchi kremlar tanlanadi. Bunda kosmetolog tungi oziqlantiruvchi, kunduzgi terini yumshatuvchi yoki vitaminli kremlarni tavsiya qilishi mumkin. Shu bilan birga kuz quyoshidan himoyalanish maqsadida “SPF 15-25-30” turidagi himoyalovchi kremlarni pardozdan avval yuzga surtish kerakligini unutmang.

 

5. Piling vaqti etdi!

Mazkur muolaja tufayli teridagi epidermis qavat tozalanib, quyoshning ultrabinafsha nurlariga ta`sirchanlik darajasi ortadi. Yuz terisi ortiqcha zararlanmasligi uchun pilingni aynan kuzgi mavsumda o`tkazgan ma`qul. Dastlab davolovchi pilingning birinchi va ikkinchi bosqichlari bajariladi. Oktyabr-noyabr oylariga kelib esa o`ta yog`li yuzlar, husnbuzarlar ta`sirida chandiq hosil bo`lgan va qalinlashib ketgan pigment dog`lari uchun chuqurroq piling o`tkaziladi. Yuzingiz quruq yoki normal turga kirsa, bir yilda bir marta, yog`li bo`lsa, bir yilda ikki marta piling qilish mumkin.

 

6. Buni bilishingiz zarur!

  • Uzoq vaqt issiq vannada toblanish mumkin emas. Yo`qsa, yuzning teri kataklaridagi namlik parlanib, tez kirlanishga moyil bo`lib qoladi.
  • Kir sovuni hamda antibakterial xususiyatga ega bo`lgan sovunlarda tez-tez chayinmaslik. Agar teringizda muammo bo`lsa, bir haftada 1-2 martasi, kifoya.
  • Ko`proq gazsiz yoki qaynatilgan suv iching. Suyuqlik miqdori me`yorida bo`lsa, terining namlik xususiyati yo`qolmaydi.

 

7. Doimiy go`zallik qoidasi

Ertalab uyqudan uyg`ongach, yuzni avval iliq, so`ng sovuq suvda chaying. Bu teri tarangligini ta`minlab, charchoq alomatlarini bartaraf etishda asqotadi. Ko`k choy damlamasini paxtaga ho`llab, yuzingizni bir sidra artib olsangiz, teri qavati tetiklashadi. Kechga borib, yuzdagi pardozni molochko yoki lason bilan artib, yuqorida tavsiya qilingan niqoblardan birini tayyorlang. Uyqudan avval esa oziqlantiruvchi kremdan surting.

 

​+1 Tez, oson va samarali

Kechga borib, yuzingizda charchoq alomatlari sezila boshlasa yoki  teringiz sarg`ish tus olib, osilib qolsa, mana bu usul asqotadi: pahmoq  sochiqni avval issiq suvda namlab, yuz terisini engil shapatilang. So`ng sochiqni muzday suvda ho`llab, yana shapatilashda davom eting. Muolajani 6-7 daqiqa navbatma-navbat bajaring. Natijasi darhol seziladi.

 

Shifokor-kosmetolog Mahbuba Mamanova tavsiyalari asosida

Samira Ulug`bekova tayyorladi

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!